Bobur shahrida ming oʻrinli zamonaviy amfiteatr barpo etilmoqda
Andijon tumani adirliklarida bunyod etilayotgan Bobur shahrida ming oʻrinli zamonaviy amfiteatr qurilishi jadal surʼatlarda davom etmoqda. Loyiha doirasida ushbu mahobatli inshoot eng ilgʻor meʼmoriy talablar asosida barpo etilib, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda tomoshabinlar uchun barcha qulayliklar bilan taʼminlanadi.
Kelgusida amfiteatr ommaviy madaniy tadbirlar, xalqaro festivallar va konsert dasturlarini oʻtkazish uchun xizmat qiladi. Qurilish ishlari sifat talablariga muvofiq holda, doimiy nazorat ostida amalga oshirilmoqda.
— Shahrimizda aholi uchun kundan-kunga yangi va qulay sharoitlar yaratilayotgani biz, fuqarolarni juda quvontiradi, — deydi Bobur shahrida istiqomat qiluvchi Feruzaxon Xudoqulova. — Shu vaqtgacha foydalanishga topshirilgan “Vatanparvar bogʻi” va “Yangi Oʻzbekiston” bogʻlari nafaqat madaniy-koʻngilochar tadbirlar oʻtkaziladigan maskan, balki aholining maʼnaviyatini yuksaltirishga xizmat qilayotgan eng sevimli dam olish joylariga aylandi. Yangi amfiteatr qurilishi esa shahrimiz koʻrkiga yana bir koʻrk qoʻshadi.

Kelgusida 440 mingdan ortiq aholi istiqomat qilishi rejalashtirilgan Bobur shahridagi mazkur ming oʻrinli amfiteatrni joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshirish koʻzda tutilgan.
Shuningdek, shaharsozlik konsepsiyasiga muvofiq, bu yerda nafaqat zamonaviy turar-joy majmualari, balki “Smart City” — “Aqlli shahar” loyihasi doirasida universitetlar, yuqori texnologik tibbiyot markazlari va innovatsion texnoparklar barpo etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Bobur shahrini nafaqat Andijon viloyatining, balki butun Fargʻona vodiysining yirik iqtisodiy va madaniy markazlaridan biriga aylantiradi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Oʻzbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari AYSESKO roʻyxatiga kiritildi
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- “Real Madrid” magʻlubiyatga uchradi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring