BMTning giyohvand moddalarga qarshi kurashish boʻyicha maxsus dasturi Toshkentda imzolanadi

18:21 09 Sentyabr 2021 Siyosat
242 0

Avval xabar berilganidek, shu kunlarda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi Oʻzbekiston parlamenti delegatsiyasi Vena shahrida Parlamentlararo ittifoq tomonidan BMT va Avstriya parlamenti hamkorligida tashkil etilgan Ayol spikerlar 13-sammiti va Parlamentlar rahbarlarining 5-butunjahon konferensiyasida ishtirok etmoqda.

Tashrif doirasida Senat rahbari BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi ijrochi direktori Gada Fatxi Vali bilan uchrashdi. Unda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi rahbarining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish, ushbu tashkilotning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun maxsus dasturini qabul qilish hamda giyohvand moddalar aylanmasi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish singari masalalar koʻrib chiqildi.

BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi ijrochi direktori Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan, Barqaror rivojlanish maqsadlari va Umumevropa prinsiplariga toʻla mos keladigan islohotlarga yuqori baho berdi. Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston Respublikasining BMT inson huquqlari Kengashi aʼzosi etib saylanishi mazkur islohotlarning jahon miqyosida eʼtirof etilishining yorqin isbotidir.

“Davlat rahbari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish, bolalar va tizimli majburiy mehnatga butunlay barham berish, shuningdek, odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi qabul qilinayotgan qatʼiy choralarni toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz. Toshkentdagi BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi mintaqaviy vakolatxonasi tashkilotning xorijdagi eng yirik vakolatxonasi hisoblanadi. Bu esa Oʻzbekiston bilan hamkorligimiz naqadar muhimligini koʻrsatadi”,— deya taʼkidladi Gada Fatxi Vali.

Uchrashuv davomida tomonlar BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha 2022 — 2025-yillarga moʻljallangan yangi mintaqaviy dasturini imzolash uchun BMT Bosh kotibi oʻrinbosarining joriy yil noyabr oyida Oʻzbekistonga tashrif buyurishi haqida kelishuvga erishdilar. Mazkur dasturning amalga oshirilishi odam savdosi, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqbuzarliklarni oʻrganish, shuningdek, oila qadriyatlarini mustahkamlash chora-tadbirlari doirasida giyohvandlikning oldini olish boʻyicha huquq-tartibot idoralari salohiyatini oshirish imkonini beradi.

Shuningdek, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi rahbari Afgʻonistonda yuz berayotgan voqealar munosabati bilan mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashda muhim rol oʻynaydigan idoralararo va transchegaraviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?