BMT Taraqqiyot Dasturi va Yevropa Ittifoqi tomonidan Zangiota agrotexnologiyalar texnikumida Yoshlar innovatsion markazi ochildi

00:06 27 Iyun 2025 Jamiyat
240 0

Joriy yilning 26-iyun kuni Toshkent viloyati, Zangiota tumanida joylashgan Zangiota agrotexnologiyalar texnikumida Yoshlar innovatsiya markazining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Ushbu markaz Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan, BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “Agrooziq-ovqat sektorida yashil iqtisodiyotga inklyuziv oʻtishni qoʻllab-quvvatlash va iqlimga moslashgan qishloq xoʻjaligi bilim va innovatsiya tizimini rivojlantirish” (EU-AGRIN) loyihasi doirasida tashkil etilgan.

Markaz yoshlar uchun zamonaviy sharoitlar va ilhomlantiruvchi muhit yaratib, ularni quyidagi sohalarda amaliy tajribaga ega boʻlishga yoʻnaltirishi koʻzda tutilgan:

  • Innovatsion va iqlimga moslashgan qishloq xoʻjaligi texnologiyalari;
  • Agro-texnologiyalar va raqamli yechimlar;
  • Barqaror veterinariya amaliyotlari;
  • Argo-biznes va yoshlar tadbirkorligi.

Mazkur tadbirning ochilish marosimida BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim nutq soʻzladi.

“Yoshlar — Oʻzbekistonning barqaror va iqlimga chidamli kelajagining asosiy harakatlantiruvchi kuchidir. Zangiotadagi Yoshlar innovatsiya markazi ularga nafaqat bilim va koʻnikma, balki imkoniyat, ilhom va amaliyot maydoni ham taqdim etadi. BMTTD sifatida biz yoshlarning iqlimbop innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar va agro-tatbiqotlar orqali kelajakni yaratishiga ishonamiz va bu jarayonda ularni qoʻllab-quvvatlashda davom etamiz”, deydi Akiko Fujii.

Bundan tashqari, Oʻzbekistondagi Yevropa Ittifoqi Delegatsiyasi vakolatxonasining Qishloq xoʻjaligi dasturlari menejeri Roberto Aparicio ham oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

“Yoshlarning ijodiy fikrlashi va ilmiy izlanish olib borish qobiliyatini rivojlantirish muhimdir — bu ularga qishloq xoʻjaligi va veterinariya sohasidagi muammolarga oʻz qarashlari bilan samarali yechimlar taklif etish imkonini beradi. Asosiy boylik — bu uskunalar emas, balki markazning talabalari va oʻqituvchilaridan iborat inson kapitalidir. Yevropa Ittifoqi ushbu markazni tashkil etishda koʻrsatgan yordamidan mamnun va uning innovatsion faoliyatini davom ettirish uchun barqaror moliyaviy manbalarni izlashni tavsiya etadi”, deydi Roberto Aparicio.

Yoshlar innovatsion markazi ishtirokchilari EU-AGRIN loyihasi doirasida Toshkent, Fargʻona va Qashqadaryo viloyatlarida tashkil etilgan 18 ta innovatsion guruh aʼzolari bilan hamkorlik qilish, shuningdek ularning faoliyatidagi muhim jarayonlarda ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻlib, yoshlar uchun amaliyot, tajriba almashinuvi va hududlararo innovatsion hamkorlikni kengaytirish imkonini yaratishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер