BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 49-sessiyasida Oʻzbekiston vakili maʼruza qildi

10:49 03 Mart 2022 Siyosat
1053 0

Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida inson huquqlari mamlakatni siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy modernizatsiya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarda markaziy oʻrin egallaydi. Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Akmal Saidov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari boʻyicha kengashining 49-sessiyasidagi maʼruzasida shu haqda soʻzladi.

Jeneva shahrida 2022-yil 28-fevralda boshlangan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 49-sessiyasi oʻz ishini davom ettirmoqda. Sessiyaning Oliy darajadagi segmenti majlisida 2-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov soʻzga chiqdi.

Xuddi shu sanada Oʻzbekiston Respublikasi jahondagi eng nufuzli xalqaro tashkilot – Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo boʻlganiga roppa-rosa 30 yil toʻldi, dedi mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari. Oʻzbekiston “BMTning inson manfaatlari yoʻlida saʼy-harakatga daʼvati”ni qoʻllab-quvvatlaydi.

A.Saidov qayd etganidek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida 2020-yil 13-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan saylovlarda Oʻzbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga uch yil muddatga – 2021 — 2023-yillarga saylangan. Mamlakatimiz 2021-yil 1-yanvardan boshlab bu boradagi vazifasini bajarib kelmoqda.

2021-yil oktyabr oyida Oʻzbekiston Prezidenti saylovi milliy qonunchilik va xalqaro saylov andozalari talablariga muvofiq holda oʻtkazildi. Ushbu saylovda YEXHT va MDHning anʼanaviy qatnashib keladigan missiyalari bilan bir qatorda, ilk bor Yevropa parlamentidan ham kuzatuvchilar ishtirok etdi.

Bugungi kunda 2030-yilgacha moʻljallangan Kun tartibi doirasida Barqaror taraqqiyotning milliy maqsadlariga erishish borasida izchil ish olib borilmoqda. Bunda “hech kimni ortda qoldirmaslik” prinsipiga soʻzsiz amal qilinmoqda.

Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda 2021-yil iyunida Buxoroda “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik” xalqaro forumi tashkil etildi. A.Saidov taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston BMT Bosh Assambleyasining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlash borasida parlamentlarning rolini oshirish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasini qabul qilishga doir tashabbusni qoʻllab-quvvatlashga chaqiradi.

Maʼruzada Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzosi sifatida zimmasiga olgan majburiyatlari doirasidagi faoliyati haqida ham soʻz yuritildi. Xususan, mamlakatimiz 2021-yilda BMT Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi. Oʻtgan yil dekabrida esa “Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollarining muloqoti” shafeligida, fuqarolik jamiyatining xotin-qizlar tashkilotlari va “BMT-ayollar” tuzilmasi ishtirokida mintaqaviy forum oʻtkazildi.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining Pandemiya sharoitida yoshlar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi rezolyutsiyasi qabul qilindi. Oʻtgan yil avgustida Toshkentda “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusida Yoshlar huquqlari boʻyicha butunjahon konferensiyasi boʻlib oʻtdi. A.Saidov ushbu forumni oʻtkazishda koʻrsatgan yordami uchun Oliy komissarga minnatdorchilik izhor etdi.

Inson huquqlari boʻyicha kengashning Yoshlar huquqlari masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi lavozimini joriy etish borasidagi Oʻzbekiston tashabbusi qoʻllab-quvvatlangani uchun ham tashakkur bildiramiz, dedi mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari. Soʻnggi yillarda yurtimizda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish sohasidagi holat tubdan oʻzgardi. Inson huquqlari boʻyicha milliy institutlarning roli kuchaytirildi. Qiynoqlarning oldini olish boʻyicha milliy mexanizm faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonunchilik choralari koʻrildi.

BMTning fuqaroligi yoʻq shaxslar sonini kamaytirishga oid chaqirigʻiga javoban, 2020-yilda mamlakatimizda “Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi va shu asosda qisqa davrda 70 ming nafardan ziyod fuqaroligi yoʻq shaxs Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari sifatida eʼtirof etildi.

Maʼruzada, shuningdek, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar yoritib berildi. Jumladan, 2021-2025-yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangani, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi yangi qonun qabul qilingani, Oʻzbekiston Respublikasida 2030-yilgacha gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlangani, BMTning Inson huquqlari taʼlimi butunjahon dasturining toʻrtinchi bosqichi doirasida Inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasida Milliy dastur loyihasi ishlab chiqilgani kabi amaliy natijalarga eʼtibor qaratildi.

Inson huquqlari boʻyicha oliy komissar Boshqarmasi bilan birgalikda bu yil “Inson huquqlari sohasida taʼlim” Global forumini oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Shu munosabat bilan A.Saidov xalqaro jamoatchilik vakillarini ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishga taklif qildi.

Maʼruzada, shuningdek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston BMTning maxsus protseduralari bilan oʻzaro hamkorlikda sezilarli ilgari siljishlarga erishgani taʼkidlandi. Xususan, barcha mandat egalariga mamlakatimizga tashrif buyurish uchun doimiy taklifnoma yoʻllandi. Shubhasiz, birgalikdagi ishlarimiz Oʻzbekistonda islohotlarning izchil va samarali amalga oshirilishida mustahkam asos boʻladi.

Bu oʻrinda 2021-yil dekabrida Oʻzbekistonga BMTning Terrorizmga qarshi kurash sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarni himoya qilish va ragʻbatlantirish masalalari boʻyicha maxsus maʼruzachisi Fionnuala Ni Aolayn tashrif buyurganini alohida qayd etish lozim. BMT Maxsus maʼruzachisining tavsiyalari asosida uning takliflarini amalga oshirishga qaratilgan Milliy reja ishlab chiqilmoqda. Joriy yilda BMTning Qiynoqlar masalasi boʻyicha maxsus maʼruzachisi yurtimizga tashrif buyuradi.

“Oʻzbekiston dunyoning barcha mamlakatlari bilan manfaatli hamkorlik qilishga va BMT hamda uning institutlari bilan amaliy muloqotga hamisha tayyor”, deb taʼkidladi soʻzining yakunida mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari A.Saidov. Binobarin, Oʻzbekiston BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga aʼzoligi davrida inson huquqlari sohasida eng yuksak standartlarga sodiqligini namoyon qilishga astoydil intilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?