BMT bosh qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusiga bagʻishlangan yuqori darajadagi brifing boʻlib oʻtdi

17:21 11 Dekabr 2024 Siyosat
214 0

Joriy yilning 10-dekabr kuni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida qurolli mojaroli hududlardan qaytarilgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari boʻyicha Mintaqaviy ekspertlar kengashining faoliyatiga bagʻishlangan yuqori darajali brifing tashkil etildi.

Tadbir SMTI va Oʻzbekistonning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi tomonidan BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi va BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi koʻmagida oʻtkazildi.

Brifingda BMT Bosh kotibi oʻrinbosari Vladimir Voronkov, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha Mintaqaviy markazi rahbari Kaha Imnadze, BMT Bosh kotibi yordamchisi Xaled Xiari, BMT Aksilterror markazi direktori Mauro Miyediko, BMTning terrorizm boʻyicha sobiq maxsus maʼruzachisi, Minnesota universiteti (AQSH) professori Fionnuala Ni Aolain, BMT huzuridagi Xalqaro Qizil Xoch Qoʻmitasining (XQXQ) doimiy kuzatuvchisi Letitsiya Kurtua, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari diplomatik missiyalari rahbarlari soʻzga chiqdi.

Tadbir BMTga aʼzo davlatlar vakillarida katta qiziqish uygʻotdi. Brifingda Osiyo, Afrika, Yevropa, Shimoliy va Lotin Amerikasining 50 dan ortiq davlati, shuningdek, 10 ga yaqin xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.

Reabilitatsiya va reintegratsiya masalalari boʻyicha mintaqaviy ekspert kengashi 2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida tashkil etilgan. Kengash Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari ekspertlari va mutaxassislarini birlashtirdi. Uning platformasida reintegratsiya qilingan shaxslarning normal va toʻlaqonli hayotga muvaffaqiyatli integratsiyalashuvini taʼminlaydigan bilimlar, usullar va dasturlar jamlanadi.

Xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida Oʻzbekiston birinchilardan boʻlib oʻz fuqarolarini qurolli mojaroli hududlardan repatriatsiya qildi.

2019-yildan beri 530 dan ortiq Oʻzbekiston fuqarolari, asosan ayollar va bolalar, Vatanga qaytarildi. Ularga tibbiy, ijtimoiy va ruhiy yordam koʻrsatildi. Shuningdek, kasb-hunarga oʻqitish va ishga joylashtirish boʻyicha dasturlar ishlab chiqildi.

Muhokamalar davomida BMT Bosh kotibining Yaqin Sharq va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi boʻyicha yordamchisi Xaled Xiari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga qoʻshgan hissasi va ushbu masalada olib borayotgan siyosati qatʼiyligi uchun minnatdorchilik bildirdi. Shu asnoda Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Mintaqaviy ekspertlar kengashi alohida qayd etildi.

Kengashning ahamiyati haqida soʻz yuritar ekan, BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov “Tashkilot TQKB SMTI bilan birgalikda Mintaqaviy ekspertlar kengashi kotibiyati vazifasini bajarayotganidan faxrlanadi,“ deya taʼkidladi.

Uning soʻzlariga koʻra, bugungi muhokamalar Mintaqaviy ekspertlar kengashi xalqaro saʼy-harakatlarni safarbar qilish markazi boʻlib, qaytarilayotgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish sohasidagi ilgʻor amaliyot va uslublarga namuna boʻla olishini tasdiqlaydi.

Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha Mintaqaviy markazi rahbari Kaha Imnadze taʼkidlaganidek, Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi boshqa davlatlar uchun namuna boʻla oladi. “Mintaqaviy ekspertlar kengashi dunyoning boshqa qismlarida ham takrorlanishi mumkin boʻlgan noyob tashabbusdir. Men Markaziy Osiyodagi hamkorlarimiz, BMT va mintaqaviy tashkilotlarni eng yaxshi yechimlarni topish uchun ushbu platformadan foydalanishda davom etishga chaqiraman,“ — deya qoʻshimcha qildi u.

Rossiya va AQSHning BMTdagi elchilari ham Kengash faoliyatini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirdilar. Markaziy Osiyo davlatlari oʻz fuqarolarini mojaroli hududlardan qaytarish boʻyicha sezilarli saʼy-harakatlarni amalga oshirgani siyosiy iroda va oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarga sodiqlik namunasi ekanligi taʼkidlandi.

Ishtirokchilar Oʻzbekistonning qaytarilgan shaxslarni reintegratsiya qilish boʻyicha saʼy-harakatlarida mahalliy jamoalarning (mahallalar) rolini yuqori baholadilar.

BMT Bosh kotibi yordamchisi Xaled Xiarining fikricha, oʻzbek modelining oʻziga xosligi shundaki, reintegratsiya boʻyicha barcha ishlar “pastdan yuqoriga“ olib boriladi, qaytarilgan shaxslarning ehtiyojlari hisobga olinadi. Shu bilan birga, mahalliy hamjamiyat ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirishda asosiy boʻgʻinga aylandi.

Soʻzga chiqqanlar, shuningdek, repatriatsiya boʻyicha oʻzbek modeli inson huquqlari va bolalarni himoya qilish masalalariga yoʻnaltirilganligini taʼkidladilar.

BMTning sobiq maxsus maʼruzachisi Fionnuala Ni Aolayn soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston boshidanoq qaytarilgan bolalarga “himoya ostidagi, jamiyatga qaytariladigan millat bolalari“ deb munosabatda boʻlgan pozitsiyani egallagan. Uning soʻzlariga koʻra, bu muvaffaqiyat kaliti boʻldi.

YUNISEFning qurolli nizolarda bolalarni himoya qilish boʻyicha mutaxassisi Ketrin Kokko ham xuddi shunday fikrni bildirdi. Ekspertning fikricha, bolalarning repatriatsiyasi Oʻzbekistonning bola huquqlariga sodiqligini koʻrsatdi.

Umuman olganda, tadbirning barcha ishtirokchilari bir ovozdan Mintaqaviy ekspertlar kengashi tashkil topganiga qisqa muddat boʻlganiga qaramay, reabilitatsiya va reintegratsiya sohasidagi dolzarb muammolarni muhokama qilish va yechimlarni ishlab chiqish uchun asosiy platformaga aylanganini taʼkidladilar.

Shu bilan birga, taʼkidlanganidek, “Oʻzbekiston repatriatsiya dasturining oʻziga xos xususiyati, shuningdek, uning muvaffaqiyati garovi bu jarayon doirasidagi barcha chora-tadbirlar ustidan Oʻzbekiston Prezidentining shaxsiy nazoratidir“.

Tadbir davomida keyingi yil Kengashdagi raislik Qozogʻistonga oʻtishi eʼlon qilindi. Shu munosabat bilan Qozogʻistonning BMTdagi diplomatik vakolatxonasi rahbari Qayrat Umarov Ostona Mintaqaviy ekspertlar kengashining navbatdagi raisi sifatida Oʻzbekiston rahbari tashabbusini yanada muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun barcha saʼy-harakatlarini amalga oshirishini taʼkidladi.

Muhokamalar yakunida ishtirokchilar Mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyati bilan jahon hamjamiyatini tanishtirish amaliyotini davom ettirishni zarurligini yakdillik bilan taʼkidladilar. Shu asnoda, BMTning asosiy tadbirlaridan biri — 2025-yil iyun oyida Nyu-York shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Terrorizmga qarshi kurash boʻyicha yuqori darajadagi haftalik doirasida alohida sayd ivent oʻtkazish qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?