Biz kimlarning avlodi ekanimizni his etishimiz kerak

13:23 26 Avgust 2022 Madaniyat
1171 0

Buyuk mutafakkir va qomusiy olim, tariximizdagi Ilk Renessans bunyodkorlaridan biri Abu Rayhon Beruniyning ilmiy-maʼrifiy merosini yanada chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish, ushbu yoʻnalishda tadqiqotlar olib borayotgan yetakchi xalqaro ilmiy markazlar bilan yaqin hamkorlik oʻrnatish, shuningdek, Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash toʻgʻrisida Prezident qarori qabul qilindi.

Prezidentimiz tomonidan “Buyuk mutafakkir va qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050-yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori tom maʼnoda buyuk tariximizni, ilmiy merosimizni jahonga namoyish etish uchun tashlangan yana bir qadamdir. Qomusiy olim Abu Rayhon Beruniyning ilmiy merosini ommalashtirish, yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish nafaqat tarixiy bilimlarni mustahkamlashga, balki yosh avlodga haqqoniy oʻtmishimizni anglatish, jahon maydonida Oʻzbekistonning ijobiy imijini yanada yaxshilash jihatidan ham ahamiyatlidir. Abu Rayhon Beruniy oʻz zamonasining yetuk olimi sifatida birinchi navbatda falakiyot (astronomiya), fizika, riyoziyot (matematika), ilohiyot, maʼdanshunoslik fanlarini puxta egallagan. Bu fanlar taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi bilan uning nomi jahon ilmiy olamida buyuk siymolar qatoridan joy oldi. Uning nasl-nasabida «berun» soʻzi “tashqi shahar”, “Beruniy” esa “tashqi shaharda yashovchi kishi” maʼnosini bildiradi.

Beruniyning oʻsha vaqtda uncha maʼlum boʻlmagan shimoliy oʻlkalar, Boltiq va Oq dengiz haqidagi maʼlumotlari, Sibirning “bizda yoz boʻlganda, u yerda qish boʻladigan” joylari haqida xabarlari ayniqsa qiziqarli. B. Xitoy va Tibetga tutash oʻlkalarni ham oʻzidan oldingi olimlarga nisbatan toʻla va aniq tasvirlagan. Ptolemeyga qarama-qarshi Atlantika va Hind okeanlarining janubiy tomoni bir-biriga tutashganligini isbotlab bergan. U Osiyo va Afrika qitʼalari orasida bir vaqtlar boʻgʻoz boʻlgan va Yer sharining janubiy tomoni quruqlik boʻlgan deb taxmin qiladi. U qoldirgan noyob maʼlumotlar sharq geografik adabiyotida muhim rol oʻynagan.

Tarixda Amerika qitʼasini 1492-yilda dengiz sayyohi Xristofor Kolumb kashf etganligi qayd qilingan. Ammo bu borada Beruniyning ilmiy farazi mavjudligi ham maʼlum. Olim oʻzining “Hindiston” asarida yer yuzasining tuzilishi, dengiz va quruqlik toʻgʻrisida gapirib, “…Yerning choragi maʼmuradir. Maʼmurani gʻarb va sharq tomondan Muhit okeani (Atlantika va Tinch okean) oʻrab turibdi. Bu Muhit okeani, yerning obod qismini dengizlarning narigi tomonida boʻlishi mumkin boʻlgan quruqlik yoki odam yashaydigan orollardan ikkala yoqdan (gʻarbdan va sharqdan) ajratib turadi…” deb yozgan. Shunday fikrni «Al Qonun al Maʼsudiy» asarida ham uqtiradi. Demak, gʻarbiy yarim sharda yaxlit bir quruqlikning, keyinchalik Amerika deb nomlangan qitʼaning mavjudligini Beruniy yevropalik olimlardan 450-yilcha oldin taxmin qilib, oʻz asarlarida bir necha bor yozgan. Uning gʻarbiy yarim sharda katta quruqlik borligi toʻgʻrisidagi fikri XV-XVI asrlarda oʻz tasdigʻini topdi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda rivojlanayotgan geologiya sohasida ham Beruniy ajoyib kashfiyotlar qilgan. Yerni oʻrganish masalasiga ilmiy yondashdi. Yer yuzasining har bir qismi oʻzining uzoq tarixiy taraqqiyotiga ega ekanligini yozadi. Turkistonning baʼzi joylari, shu jumladan Amudaryo vodiysining geologik rivojlanishini birinchi marta jiddiy oʻrganishga harakat qilgan ham Beruniy boʻlgan. Uning Amudaryo vodiysining geologik oʻtmishi va Orol dengizining paydo boʻlishi haqidagi xulosalari oʻsha zamonning eng muvaffaqiyatli geologik tahlillaridan biri hisoblanadi.

Olim “Dengizlar quruqlikka, quruqliklar esa dengizga aylanadi” degan nazariyaga suyanadi. Beruniyning foydali qazilmalar qatlamlarining paydo boʻlishi, togʻ jinslarining yemirilishi, nurashi kabilar haqidagi xulosalari katta ahamiyatga ega. Yer qobigʻida ogʻirlikning muvozanatlashib turishi uchun yer osti jismlarining joylashishi haqidagi farazlari ham juda ahamiyatlidir. Uning fikricha, Yer qobigʻining harakati ogʻirlikning umumiy markaz tomon harakatiga mos ravishda vujudga keldi. Beruniy togʻlarning paydo boʻlishi va yoʻq boʻlib ketishi tabiiy omillar asosida yuz berishini talqin etuvchi nazariyani olgʻa suradi.

Olim mineralogiya fanida ham muhim kashfiyot va xulosalar yaratdi. Bu sohada Beruniy ajdodlar yaratgan fan yutuqlarini tan oldi, ularga oʻzi yaratgan yangi maʼlumotlarni qoʻshdi. U mineralogik tekshirishda qimmatbaho toshlarning rangini, yaltiroqligini tasvirlash, qattiqligini aniqlash, ularning magnit va elektr xususiyatlarini kuzatish, eritib sinash kabi usullardan foydalangan. U minerallarni taʼriflashda zarur omillardan biri sifatida ularning solishtirma ogʻirligini tartibli ravishda aniqlab, mineralogiyaning amaliy ishlariga joriy qildi. Uning “Mineralogiya” asari konlarni oʻrganish, shu jumladan Oʻrta Osiyo yer osti boyliklarini aniqlash uchun qimmatbaho manba hisoblanadi. Minerallarning u aniqlagan solishtirma ogʻirligi hozirgi zamon oʻlchov natijalariga juda yaqin.

Olim biologiya sohasida tabiiy tanlanish haqida qimmatli fikrlar aytgan. U tabiiy tanlanish boʻyicha avval insonning ongli faoliyatini tasvirlab beradi, keyin “Tabiat ham shunday qiladi, lekin u farqiga bormaydi, chunki uning harakati ongsizdir”, degan xulosaga keladi.

Buyuk bobokalonimizning xotirasini ulugʻlash, uning nomini abadiylashtirish, yosh avlod qalbida vatanparvarlik, millatsevarlik tuygʻularini va ilmga boʻlgan ragʻbatni yanada oshirish muhimdir. Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan yuqoridagi qaror Abu Rayhon Beruniyning ilm yoʻlida erishgan natijalarini chuqurroq oʻrganish, keng jamoatchilikka targʻib qilish, shuningdek jahon hamjamiyati tomonidan keng eʼtirof etilishiga zamin yaratadi.

Navroʻzbek Raximov,

ToshDOʻTAU oʻqituvchisi,

Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?