«Biz endi ularni qabul qila olmaymiz» — Yevropaliklarning ukrainalik qochqinlardan sabr-kosasi toʻldimi?
Foto: Jeff J Mitchell / Getty Images
2025-yil avgust oyi oxirida Ukraina hukumati 23 yoshgacha boʻlgan erkaklarga davlat chegarasidan erkin oʻtishga ruxsat berdi. Muddatli harbiy xizmat yoshi esa 18 yoshga tushirish haqidagi gap-soʻzlar orasida bu yana bir emigratsiya toʻlqiniga olib keldi. Biroq, yangi qochqinlar endi Yevropada qabul qilinmayapti: bir qator Yevropa Ittifoqi mamlakatlari siyosatchilari ukrainalik muhojirlar uchun imtiyozlarni bekor qilishga chaqirmoqdalar. Polsha esa hatto ularni oʻz vatanlariga deportatsiya qilishni ham taklif qildi.
Nima uchun Yevropa Ittifoqida ukrainalik qochqinlar uchun vaziyat yomonlashdi? Yevropa rahbarlari soʻnggi migratsiya inqirozini yengib oʻtish uchun qanday choralarni taklif qilmoqda? Bu qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? Quyida shular xususida.
Hozir Yevropada qancha ukrainalik yashamoqda?
Ukrainadagi mojaro boshlanganidan beri millionlab ukrainaliklar Yevropa mamlakatlariga qochib oʻtishdi. Turli hisob-kitoblarga koʻra, hozirda 6,3 million nafardan ortiq ukrainalik Yevropada yashamoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar boʻyicha Oliy komissari boshqarmasining maʼlumotlariga koʻra, 2022-yildan beri Germaniyaga 1,4 million, Polshaga 1 million, Chexiya Respublikasiga 400 000, Buyuk Britaniyaga 250 000 va Ispaniya 235 000 nafar ukrainalik muhojirlar kelgan. Ushbu davlatlar eng koʻp ukrainalikni qabul qilish boʻyicha yetakchi boʻlib turibdi. Bundan tashqari, baʼzi mamlakatlarda ukrainalik qochqinlar aholining juda katta qismini tashkil qilmoqda. Masalan, aholisi kam Chexiyada ular ushbu mamlakat umumiy fuqarolarining qariyb 5 foizini tashkil etmoqda.
Taʼkidlanishicha, 18-22 yoshdagi ukrainaliklar uchun chegaralar ochilgandan soʻng, Yevropa mamlakatlarida qochqin maqomini olish uchun soʻrovlar soni sezilarli darajada oshgan. Masalan, Germaniyada arizalar soni oʻn baravar koʻpaydi. Muhojirlarning haqiqiy oqimi esa yozgi mavsumga nisbatan 70-100 baravar oshdi.
Shu sharoitda ham Yevropa Ittifoqi 2022-yil mart oyida qabul qilingan va har yili uzaytiriladigan ukrainalik qochqinlar uchun vaqtinchalik himoya choralarini amalga oshirishda davom etmoqda. Yaʼni hech qanday maxsus hujjatlarsiz Ukraina pasporti egalari Yevropa Ittifoqida qonuniy yashash uchun ruxsat olmoqdalar va oʻqish, ishlash, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy nafaqa olish huquqiga ega boʻlmoqdalar.
Ukrainaliklar Yevropa Ittifoqida qanday qiyinchiliklarga duch kelishmoqda?
Yevropa Ittifoqi rasmiylari ukrainalik qochqinlarning integratsiyasi muvaffaqiyatli davom etayotganini taʼkidlamoqda. Masalan, Chexiya Respublikasida koʻplab ukrainaliklar yangi hayot boshlaganliklari, ishlayotganliklari va barcha ijtimoiy nafaqalarni qoplaydigan soliqlarni toʻlayotganliklari aytilmoqda.
“Mehnatga layoqatli muhojirlarning aksariyati ish topdilar, oddiy ijaraga olingan kvartiralarda yashaydilar va ularning farzandlari maktabda oʻqiydilar”, — deya Praga radiosi ushbu mamlakatdagi ukrainaliklarning ahvolini tasvirlaydi. Ammo radio koʻplab muhojirlar past malakali ishlarda ishlashga majbur boʻlayotganini ham qoʻshimcha qiladi. Bundan tashqari, rasmiy maʼlumotlarga koʻra, qochqinlarning yarmidan kamrogʻi Chexiyada ish topgan.
Chexiya Mehnat va ijtimoiy ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, vaqtinchalik himoya maqomiga ega boʻlgan Ukraina fuqarolarining atigi 40 foizi rasman ish bilan taʼminlangan.
Boshqa tomondan, ukrainalik muhojirlar soʻnggi paytlarda tobora koʻproq jinoyat qurbonlariga aylanmoqda.
Shu yilning oktyabr oyida Dublinda oʻldirilgan 17 yoshli ukrainalik Vadim Davidenkoning ishi alohida eʼtiborni tortadi. Yigit voyaga yetmagan boshpana izlovchilar uchun davlat tomonidan boshqariladigan hibsxonada qoʻshnisi boʻlgan somalilik tomonidan shafqatsizlarcha pichoqlab oʻldirilgan.
Janjal umumiy oshxonada boʻlib oʻtgan: ukrainalik nonushta uchun bekon va tuxum tayyorlayotgan edi — bu diniy sabablarga koʻra choʻchqa goʻshtidan tiyiladigan somalilikning gʻazabini qoʻzgʻatgan.
Oʻsha oyda Polshada yana bir voqea sodir boʻlgan. Vroslavda bir guruh oʻsmirlar ukrainalikni kaltaklashgan, sochini qirib olishgan va yuziga natsistlar ramzlarini chizishgan. “Butun voqea jabrlanuvchini sharmanda qilish uchun videoga olingan”, deb xabar bergandi RMF24. Biroq, keyinchalik muhojirga hujum qilganlar ham ukrainaliklar ekanligi maʼlum boʻldi.
Umuman olganda, tobora koʻproq ukrainalik muhojirlar ularga nisbatan munosabat oʻzgarayotganini his qilmoqdalar.
“Odamlar xavotirda. Ular kelajakda nima boʻlishini bilishmaydi”, — deydi Yelenya-Gora munitsipalitetida (Polsha) ukrainalik qochqinlarga yordam koordinatori Tatyana Karseva.
Germaniya ukrainalik qochqinlar uchun imtiyozlarni cheklamoqda?
Germaniyada hukmron koalitsiya allaqachon ish markazlariga bormaydigan va mamlakatda ish topishga tayyor boʻlmagan ukrainaliklar uchun asosiy ishsizlik nafaqasini kamaytirish va hatto bekor qilishga rozi boʻlgan.
“Biz yosh ukrainaliklarning oʻz vatanlarini himoya qilish oʻrniga Germaniyada vaqt oʻtkazishidan manfaatdor emasmiz”, — deydi Xristian demokratik ittifoqidan deputat Yurgen Hardt.
Hukumatning ushbu qarori Germaniya jamiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda. Bu borada oʻtkazilgan soʻrovda ishtirok etganlarning uchdan ikki qismi ukrainaliklar bunday nafaqalarni olmasligi kerak, deb hisoblashgan. Yana shunchasi qochqinlar oʻz vatanlariga qaytishlari kerak, deb fikrni bildirgan.
Shu bilan birga, mamlakatda yanada radikal choralar koʻrishga chaqiriqlar eshitilmoqda. Masalan, Bavariya bosh vaziri va Xristian ijtimoiy ittifoqi yetakchisi Markus Zeder nafaqat oʻz mintaqasida va Germaniyada, balki Yevropa Ittifoqi darajasida ham yosh ukrainalik erkaklarning kirishini cheklash zarurligini taʼkidladi.
“Agar Ukrainadan koʻproq yosh yigitlar oʻz vatanlarini himoya qilish oʻrniga Germaniyaga kelsa, bu hech kimga yordam bermaydi”, — deydi Markus Zeder.
Polsha ham shunday fikrga xayrixoh
Polsha rasmiylarining aytishicha, mamlakat endi qochqinlarni qabul qilishga tayyor emas.
“Biz allaqachon chegaradamiz. Biz boshqa hech kimni qabul qila olmaymiz”, — deydi Polsha prezidenti maʼmuriyatidagi Xalqaro siyosat byurosi rahbari Marchin Pshidach mamlakat mintaqalarida Ukraina gettolarining yaratilishidan qoʻrqayotganini qoʻshimcha qilib.
“Biz odatda ochiq jamiyatmiz, ammo vaziyat koʻlami madaniyatlashtirish imkoniyatlaridan oshib ketganda, muammolar paydo boʻladi va biz Polshada bunday muammolarni xohlamaymiz”, — deydi siyosatchi.
Polshaning sobiq bosh vaziri Leshek Miller ham ukrainaliklarning oʻz vatanlariga majburan qaytarilishi haqida gapirdi. U yosh ukrainalik qochqinlarni Polsha hukumati Ukraina Qurolli Kuchlariga sovgʻa qilishi mumkin boʻlgan “qurol” deb atadi.
Shu bilan birga, mamlakat rasmiylari ham aniq choralar koʻrmoqda. Shu yilning oktyabr oyidan beri ukrainaliklarning bepul tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati sezilarli darajada cheklangan va faqat eng zaif qochqinlar guruhlari jamoaviy markazlarda yashashga ruxsat berilgan. Shu bilan birga, muhojirlarning haqiqiy daromadlarini yashirmasliklari uchun ularning pul oʻtkazmalari ustidan nazorat kuchaytirilmoqda.
Oʻz navbatida, polshaliklarning 50 foizi ukrainaliklar Polsha hukumatidan juda koʻp yordam olayotganini taʼkidlagan.
Boshqa mamlakatlarda munosabat qanday?
Shu yilning oktyabr oyi boshida boʻlib oʻtgan Chexiya parlament saylovlarida ukrainalik qochqinlarga yordam berish asosiy masalaga aylandi.
Muxolifatdagi ANO (“Norozi fuqarolar harakati”) partiyasi yetakchisi va sobiq bosh vazir Andrey Babish Petr Fialaning hukumati “chexlardan koʻra Ukraina va ukrainaliklar haqida koʻproq qaygʻurmoqda” deya taʼkidladi. Darhaqiqat, shu yilning avgust oyida Chexiya hukumati daromadi yashash minimumidan oshmaydigan qochqinlar uchun gumanitar yordamni oshirgandi.
Natijada Babish harakati saylovlarda gʻalaba qozondi va ukrainalik muhojirlarni qoʻllab-quvvatlashga shubha bilan qaraydigan boshqa oʻng qanot partiyalari bilan hukumat tuzmoqda.
Latviya ukrainaliklar uchun toʻlov va imtiyozlarni qisqartirishni taklif qilmoqda. Mamlakat hukumati ishga kirishdan oldin beriladigan nafaqa, bepul jamoat transporti va tibbiy xizmatdan foydalanish kabi bir martalik toʻlovni bekor qilmoqchi. Natijada ushbu mamlakatda ukrainalik qochqinlarni qoʻllab-quvvatlash hajmi 25 million yevroga kamayadi.
Avstriya poytaxt Venadagi ukrainalik qochqinlar uchun soʻnggi qabul qilish markazini yil oxiriga qadar yopishga vaʼda berdi. Shahar maʼmuriyati endi ukrainaliklarni uy-joy bilan taʼminlash imkoniyatiga ega emasligini tan olgan.
Shveysariya Gʻarbiy Ukrainadan qochqinlarni qabul qilishni toʻxtatishini eʼlon qildi. Rasmiylar hatto Ukraina mintaqalari xavfsizroq boʻlib qolganiga ishora qilib, allaqachon himoya maqomini olganlarni deportatsiya qilishga ham tayyor.
Yevropa Ittifoqi esa ukrainaliklarni qoʻllab-quvvatlashni qayta koʻrib chiqmoqda. Ukraina 2027-yildayoq ukrainalik qochqinlar uchun Yevropa Ittifoqi dasturlarini tugatish rejasini eʼlon qildi va eng zaif muhojirlarni qaytarish uchun tayyorgarlik koʻrishga chaqirdi.
“Ukraina, Yevropa hamkorlari bilan birgalikda, ukrainalik qochqinlarni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi direktivani bekor qilish jarayoni adolatli, oldindan aytib boʻladigan va odamlarning tanloviga hurmat asosida boʻlishini taʼminlash uchun keyingi qadamlarni muvofiqlashtirmoqda”, — deydi Ukraina adliya vazirining oʻrinbosari Ilona Gavronskaya.
Bu masalada ekspertlarning nima deydi?
“Ukrainalik qochqinlar allaqachon koʻplab Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida katta muammo sifatida qabul qilinmoqda”, — deydi “Progressiv siyosat jamgʻarmasi” direktori Oleg Bondarenko.
Uning qoʻshimcha qilishicha, muhojirlar bir necha yillardan beri Yevropa Ittifoqida yashayotgan boʻlishsa-da, ular hali ham Yevropa mamlakatlaridan yashash uchun ruxsatnoma yoki pasportga ega emaslar.
“Yevropa mamlakatlari uchun vaqtinchalik maqomga ega boʻlgan millionlab ukrainalik qochqinlar hal qilinishi kerak boʻlgan katta muammo ekanligi aniq”, — deydi u.
Shunga qaramay, siyosatshunosning soʻzlariga koʻra, Yevropa Ittifoqi hozirda ukrainaliklarning qochqin sifatida qolish muddatini uzaytirish boʻyicha qarorni kechiktirmoqda. Ammo vaqti kelib ular oʻz siyosatini oʻzgartirishadi.
“Ertami-kechmi, ular qochqin maqomini yoʻqotishlari mumkin, keyin esa hujjatlarni olish uchun murojaat qilishlari kerak boʻladi va bunday odamlar millionlab bor”, — deydi Bondarenko.
Bundan tashqari, agar ukrainalik qochqinlar oʻz maqomlarini saqlab qolishsa ham, turli Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ular uchun ijtimoiy imtiyozlardan voz kechishga majbur boʻladilar. Ekspertning qoʻshimcha qilishicha, bu hozirda ularning byudjetiga jiddiy yuk boʻlib bormoqda.
“Bu toʻlovlar Yevropa Ittifoqi byudjeti uchun katta xarajatdir va asta-sekin turli mamlakatlar ularni bekor qiladi”, — deydi Bondarenko.
Biroq, ukrainalik qochqinlar uchun imtiyozlarning bekor qilinishi ularning uyga qaytishiga olib keladimi yoki yoʻqmi, nomaʼlumligicha qolmoqda.
“Endi hamma narsa mumkin”, — deya xulosa qiladi “Progressiv siyosat jamgʻarmasi” direktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- Turkiya sudi Netanyahuni Gʻazoda genotsid sodir etganlikda ayblab, hibsga olish orderini maʼqulladi
- Rossiya NATOga hujum qilish uchun shay holatda — Bundesver generali
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring