“Biz dam olsak, kim ishlaydi?..”
Ijtimoiy tarmoqlarda, obodonlashtirish xodimlari insoniy bir iltimos bilan chiqqanini koʻpchilik qoʻllab-quvvatladi. Lekin, afsuski, bu kabi chaqiriqlardan hammamiz ham hushyor tortmayapmiz.
Bugun erta sahardan supurib-sidirilgan katta koʻchalarning atrofidagi beton ariqchalar kechga bormay chiqindi bilan “bezansa” bunga nima deysiz?! Biz faqat yeyish uchun tugʻilganmizmi, azizlar?! Sal insof bilan-da! Saraton-u qish kunlarida ham muzqaymoqning qogʻozi-yu, pista poʻchogʻidan tortib, yelim idishlargacha har qadamda uchrataverib, koʻzlarimiz ham koʻnikib qolgan. Koʻpchiligimiz bunga befarq qarashga odatlanganmiz. Jamoat joylarida chiqindi idishlarining kamligidan noliydiganlar ham topiladi. Chiqindi idishi yetarli boʻlsa ham, odamning miyasi chiqindiga toʻla boʻlsa, belgilangan qutiga emas, duch kelgan joyga hamma narsani tashlab ketaversa, bu ruhiy kasallikni qanday davolasa boʻladi?! Gaplarim sal gʻalatiroq tuyulsa uzr, ruhiy sogʻlom, ichki madaniyati bor odam shunday nomaqbul ish qiladimi, axir?!
Obodonlashtirish xodimlari poytaxtimiz koʻchalarini har qancha ozoda, toza saqlashga urinmasin, koʻpchiligimiz buning aksini qilyapmiz, koʻchalarimizni, xiyobonlarni ozoda saqlash oʻrniga istaganimizni qilyapmiz. Eng alamlisi, bundan zarracha vijdoni qiynalmaydiganlar kun sayin koʻpaymoqda.
Mashinadan suv idish yoki boshqa narsalarni uloqtirayotganlar ulardan ham battarroq befarosatligi aniq! Oʻzganing mehnatini qadrlamagan odamni oʻz qadrini bilganiga hayronsan! Betarbiyalik, madaniyatsizlikning eng xunuk koʻrinishi shu boʻlsa kerak.
— Yomgʻirmi, qormi, yozning issigʻimi, ish vaqtimizda ishlashga majburmiz, — deydi obodonlashtirish xodimasi Gullola Qodirova. — Yaqinda bir qiziq voqea boʻldi. Telefonlarimizga SMS keladi. Kunning issigʻi, sovugʻida tashqariga chiqmang, soyada, issiqda boʻling, degan. Oʻylab koʻrsak, bu maslahatlarning birortasi bizga kerakmas ekan. SMSni oʻqigan shekilli boshligʻimiz ham “Biz uyda oʻtirsak, kim ishlaydi?! Bu gaplar bizga atalmagan, qani, hamma oʻz ishiga...” deb hammamizga ishimizni taqsimlab berdi.
Ochigʻi, yozda soya-salqin, qishda issiqqina xonalarda ishlayotganlarga havasimiz keladi. Lekin ishxonasining ostonasigacha tozalasak ham, gohida qoʻlimizni yuvishga hojatxonaga kirishga ruxsat bermaydiganlar bor. Oddiygina shu iltimosimizni ham rad qilishganida koʻnglimiz ogʻriydi. Har xil odam bor. Yoʻllarda ishlayotsak, mashinasini toʻxtatib, otamizga rahmat aytib, hammamizga suv ulashib, duolarimizni oladiganlar ham bor. Ayolning gaplarini eshitib, shunday halol kasb egasining mehnatini, peshona terini qadrlamaslik nonkoʻrlik bilan barobar, degan fikrga kelasiz.
Yaqinda bir voqeaga guvoh boʻldim. Chaqalogʻini bolalar aravachasida sayrga olib chiqqan kelinchak katta yoʻl chetidagi chiqindixonaga yaqinroq kelib, yelimxaltadagi bolalar tagligini uzoqdan uloqtirdi-da, yoʻliga ketdi. Chiqindixonaning yaqiniga yoʻlagisi ham kelmadi. Otaning yoki onaning oʻzi chiqindini belgilangan joylarga tashlash madaniyatini tushunmasa, bilmasa, bilsa ham amal qilmasa, bolasi amal qilarmidi?
Masʼullar tomonidan katta yoʻl chetlariga qoʻyilgan katta chiqindi idishlarni bir kuzating, toʻlib-toshib ketadi. Bir narsaga hayron qolaman, oʻzi ular nega katta yoʻl boʻyiga oʻrnatilgan?! Odamlar chiqindi hididan miriqib, toʻyib-toʻyib nafas olishi uchunmi?! Masalan, Chilonzor tumani Muqimiy koʻchasi boʻylab yursangiz, shunday xayolga borasiz. Yoʻldagi bunaqa yoʻl-yoʻlakay chiqindixonalar obodonlashtirish xodimlari peshonasining shoʻri aslida. “Toza hudud”ning tezkorlik bilan chiqindiyigʻar mashinalari chiqindi toʻla idishni boʻshatadi. Yon-atrofga itqitilgan narsa-buyumlar-u har turli chiqindilarni obodonlashtirish xodimalari yigʻib-tozalashadi. Ishi-da, qiladi-da, deyishga shoshilmang! Insof bilan bir fikrlang-chi, ular nonkoʻrlik bilan siz chiqindiga tashlagan, yarim-chala yeyilgan-u aynigan yeguliklar, mevalarning poʻchogʻigacha yigʻishga majburmi shunchalar?!
Eng gʻalatisi, koʻp qavatli uylarda yashovchi hamshaharlarimiz bunga yetarlicha befarq. Chiqindixonaning uyi yaqinida boʻlmasligi ularga ham qulay boʻlsa kerak-da! Koʻp qavatli uylarining kirish yoʻlaklari atrofi ozoda-toza, hatto gul-u rayhonlar ham ekilganiga nima deysiz?! Demak, bu odamlar faqat oʻzlarini yaxshi koʻradi, shahar ichida oʻzlari uchun ozoda-yu toza, tartibli shaharcha qurib olishgan goʻyo! Burnidan narisiga qarashmaydi ham!
Shu oʻrinda yana bir gap. Avvallari poytaxtimizda jamoat hojatxonalari koʻp boʻlardi. Hozir ham bor, lekin talab darajasida yetarli emas! Ish joyi koʻcha-koʻy boʻlgan poytaxt obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari uchun ana shu imkoniyat yaratib berilishi zarur.
Hech boʻlmaganda, poytaxt viloyatining Toshkent shahriga tutash yoki yaqin tumanlaridan, xususan, Chinoz tumanidan poytaxtga qatnab ishlayotgan, uyidan erta saharlab chiqib, qosh qorayganda kirib boradigan xodimlar uchun ish joyidan avtobus ajratilishi kerak.
Oʻzi oshib borsa bir yarim million soʻm maosh oladigan obodonlashtirish xodimlari oʻzlari yollagan buyurtma avtobuslar uchun oyiga 200-250 ming soʻmgacha yoʻl haqi toʻlashmoqda. Oʻsha eski avtobuslar ham buzilmasdan, muammo chiqmasdan ishlab tursa, qaniydi. Lekin doim ham bunday boʻlmaydi, ishchilar yarim yoʻlda qolib ketgan paytlar ham boʻlib turadi.
Ularning odamga oʻxshab tushlik qilishi uchun ham shart-sharoitlar yaratilishi kerak! Qishning sovuq kunlarida uyidan olib kelgan tushligini biron panaroq joyda yengilgina tamaddi qilib, sovuq demay, issiq demay halol mehnat qilayotgan opa-singillarimiz, aka-ukalarimiz soʻraganimizda ming istihola bilan bu haqda gapirishdi. Aslida ular ayrimlarimiz kabi noshukur emas. Hayotining har bir kunidan rozi.
Koʻpchiligimiz masofaviy tizimda ishlagan yoki uyda sovuqdan erinib oʻtirgan vaqtimizda obodonlashtirish xodimlari halol kasbiga sadoqat bilan dam olmay ishlashdi.
Shu oʻrinda bir taklif — chiqindi tashlaganlarga jarimani katta qoʻyib, shundan keladigan moddiy foydani obodonlashtirish xodimlarining ijtimoiy ahvolini yaxshilashga yoʻnaltirish kerak.
Toʻgʻri, obodonlashtirish xodimlari uchun Hukumat qarori bilan ovqatlanish uchun kompensatsiya va obodonlashtirish sohasidagi uzluksiz umumiy ish staji uchun har choraklik mukofot toʻlanadi. Lekin Toshkent shahrining oʻzida bir tumanda ishlovchi xodim boshqa tumandagi xodimga qaraganda kam yoki koʻproq ragʻbatlantirish oladi. Buning sababini xodimlarning oʻzi turlicha izohlashdi. Aytishlaricha, ishlayotgan hududida katta bozorlar boʻlgan hududdagi obodonlashtirish xodimlari uchun koʻproq imtiyoz, bayramlarda ham yaxshi ragʻbatlantirish boʻlar ekan.
Lekin biz aytgan oylik maoshi ovqat puli bilan qoʻshib hisoblaganda qoʻlga tegadigan summa 1 million 200 ming, oshib borsa 1 million 500 ming soʻmni tashkil qiladi. Ochigʻi, koʻcha supuradigan supurgisigacha oʻzi sotib olayotgan yoki qishloqdagi tomorqasining bir burchagida supurgiga yaroqli yovvoyi oʻtlarni oʻstirayotganlarning hayoti, muammolari bugun birovni qiziqtirmaydi. Xodimni ish quroli bilan taʼminlash ish beruvchining vazifasiga kirmaydimi? Bu borada savollarimiz koʻp, tayinli javobni masʼullardan kutib qolamiz.
Gulbahor Ortiqxoʻjayeva,
jurnalist.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring