Birlashsak — Vatanmiz

22:17 04 Mart 2024 Jamiyat
1620 0

Yangi nashr

Keyingi yillarda mamlakatimizda oʻzgarishlar nasimi kirib bormagan qaysidir soha, tarmoq, hayotning biror jabhasi qolmadi, desak, mubolagʻa emas. Yurtimizda ozod va erkin hayot, adolatli jamiyat barpo etilmoqda. Iqtisodiy tizim toʻliq qayta qurilmoqda. Inson qadri, huquqi va shaʼniga munosabat butunlay oʻzgardi. Sirasini aytganda, yangi Oʻzbekistonni bunyod etish, uchinchi Renessans poydevorini yaratish real voqelikka aylanmoqda.

Ushbu tarixiy jarayonda odamlarning dunyoqarashi, ongu tafakkuri yangilanishi islohotlarning hayotga aniq koʻchishi, xalqimizning azaliy orzulari roʻyobida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu bois Prezidentimiz mamlakatimizda taʼlim, ilm-fan sohalarini yanada taraqqiy ettirish, xalqimizning kitobxonlik, jurnalxonlik, gazetxonlik madaniyatini, vatanparvarlik tuygʻularini yuksaltirishni asosiy vazifalardan biri etib belgilab bergan. Yangi jurnal ana shu ehtiyoj, talab va istaklar mahsulidir.

Jurnalning nishona sonidan atoqli shoirlar, yozuvchilar asarlari, mamlakatimizdagi ilgʻor fikrli ziyolilar, olim va siyosatchilarning publitsistik maqolalari joy olgan. Sahifalarda xorijdagi oʻzbekistonliklarning ijodiga, ilmiy oʻy-fikrlariga, Vatan haqidagi dil soʻzlariga ham keng oʻrin berilgan.

Zotan, jurnalning tahrir hayʼati raisi, loyiha rahbari, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi Qudratilla Rafiqov taʼbiri bilan aytganda, ushbu nashr aziz Oʻzbekistonimizni oʻziga Vatan bilgan, uning dardi bilan yashayotgan, quvonchu yutuqlarini qalbidan oʻtkazib, shu aziz yurtga sadoqatini, mehru muhabbatini koʻrsatishni istagan har bir Vatan oʻgʻloniga minbar beradi.

Jurnal jamoasi jonajon yurtimiz — Yangi Oʻzbekiston imijini keng jamoatchilik va akademik doiralarda oshirishga hissa qoʻshish hamda oʻquvchilarni bugun dunyo ilm-fanida, siyosiy va ijtimoiy hayotida kechayotgan tendensiyalar bilan yaqindan tanishtirib borishni maqsad qilgan.

Ishonamizki, el-yurtimiz taqdiriga oʻzini daxldor bilgan har bir inson bugun Vatan haqida aytishni diliga tukkan oʻz soʻzi, fikri, izhori bor. Odamlarda bu tabarruk tushunchaga munosabat tamoman yangilanmoqda. Binobarin, vatanparvarlik, millatparvarlik namunalarini bugun oʻz hayotimizda koʻrmoqdamiz, teran his qilmoqdamiz. Barchamizni mamlakat manfaati, yorugʻ istiqbolga ishonch, farzandlarimiz baxtu saodati birlashtirmoqda, jipslashtirmoqda.

Zero, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, Oʻzbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni oʻz hayotining maʼnosi deb bilmogʻi kerak! Biz bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!

“Vatan” jurnali tahririyati jamoasiga ijodiy zafarlar tilaymiz!
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер