Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 14-yigʻilishi ishtirokchilariga

18:05 12 Fevral 2024 Siyosat
275 0

Hurmatli delegatlar!

Xonimlar va janoblar!

Atrof-muhit va bioxilma-xillikni saqlash yoʻlidagi muhim xalqaro tadbir – Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasi yigʻilishining barcha ishtirokchilari va mehmonlarini samimiy tabriklayman.

Avvalambor, Konvensiya kotibiyati va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha dasturiga ushbu nufuzli anjumanni mamlakatimizda oʻtkazish tashabbusini qoʻllab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorchilik izhor etaman.

Jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri, bebaho meʼmorchilik durdonasi hisoblangan koʻhna Samarqandga xush kelibsiz!

Soʻnggi yillarda ushbu qadimiy va betakror shahar qator dolzarb muammolar boʻyicha muloqotlarning global markaziga aylanib bormoqda. Mazkur forum Samarqandning ekologik diplomatiyaning taʼsirli markazlaridan biri sifatida maqomini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shu oʻrinda 2023-yilning dekabr oyida bu yerda choʻllanishga qarshi kurash boʻyicha xalqaro anjuman oʻtkazilganini, joriy yil aprel oyida esa Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishlariga bagʻishlangan yirik forum tashkil etilishini alohida taʼkidlamoqchiman.

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Barchangizga yaxshi maʼlumki, hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlari sayyoramiz ekotizimlarining ajralmas qismi hisoblanadi. Afsuski, hozirgi kunda ular iqlim oʻzgarishi, yashash joylarining yaroqsiz holga kelishi, noqonuniy ov va savdo kabi jiddiy tahdidlar bilan toʻqnash kelmoqda.

Natijada hayvonlarning genetik resurslari qisqarmoqda, ularning nodir va noyob turlari, tabiiy uygʻunlik va ekotizimlar yoʻqolib bormoqda.

Tadqiqotlarga koʻra, Yer yuzidan soʻnggi 50-yilda ularning 100 dan ortiq turlari, Markaziy Osiyoda esa 26 turdagi qushlar, 12 turdagi sut emizuvchilar, jumladan, Turon yoʻlbarsi, Osiyo qoploni va boshqa endemik turlar butunlay yoʻq boʻlib ketdi.

Bioxilma-xillikni kelajak avlodlar va barqaror rivojlanish uchun saqlash, inson hayotining tabiat bilan uygʻunligini taʼminlash – bizning umumiy maqsadimizdir. Bu butun xalqaro hamjamiyat saʼy-harakatlarini birlashtirishni, muvofiqlashtirilgan va kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab etadi.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Oʻzbekistonda koʻchib yuruvchi yovvoyi hayvonlar turlarini saqlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Soʻnggi yillarda eng avvalo, sohaning huquqiy bazasi takomillashtirildi, yangi qonunchilik hujjatlari qabul qilindi va ularning samarali ijrosi taʼminlanmoqda. Davlat boshqaruv organlari, biznes va fuqarolik jamiyatlarining ijtimoiy masʼuliyatini oshirishni qamrab olgan institutsional tizim mustahkamlanmoqda.

Mazkur sohada fundamental va amaliy tadqiqotlarning eng ilgʻor maktabi boʻlgan Fanlar akademiyasining Zoologiya instituti oʻz faoliyatini qayta tikladi. Qisqa muddatda koʻchib yuruvchi turlarni ishonchli himoya qilishni taʼminlovchi qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar uch karraga oshirilib, mamlakatimiz umumiy maydonining 14 foiziga yetkazildi. Oʻzbekistonning nodir tabiat landshaftlari YUNESKOning Butunjahon tabiiy meros roʻyxati, Butunjahon biosfera rezervatlari tarmogʻiga va Ramsar konvensiyasi obyektlari roʻyxatiga kiritildi.

Yovvoyi hayvonlarni parvarish qilish uchun yangi pitomniklar tashkil etildi. Noyob qush turlari va sut emizuvchilarni oʻz yashash makonlarida koʻpayishini qayta tiklash boʻyicha dasturlar amalga oshirilmoqda. Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar maydonda oʻrmonlar yaratilgani oʻsimliklar xilma-xilligini va hayvonot dunyosini qayta tiklash imkonini bermoqda.

Oʻzbekiston 2024-2027-yillarda Konvensiyaga raisligi davrida koʻchib yuruvchi hayvon turlarini himoya qilishga oʻzining butun kuch va salohiyatini toʻliq safarbar qilishga tayyordir. Biz Samarqandda bu borada kelgusidagi ishlarimizning asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradigan 2024-2032-yillarga moʻljallangan Yangi strategik reja tasdiqlanayotganini olqishlaymiz.

Shuningdek, Hayvonlarning koʻchishiga toʻsiqlardan xoli ekologik yoʻlaklarni yaratish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish va qabul qilishni qoʻllab-quvvatlaymiz.

Infratuzilma obyektlari – avtomobil va temir yoʻllar, gaz quvurlari va chegara inshoatlarining qurilishi yovvoyi hayvonlar migratsiyasiga salbiy taʼsir koʻrsatishini kamaytirish uchun ekologik baho berilishi boʻyicha talabni kuchaytirish muhim, deb hisoblaymiz.

Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston transchegaraviy tabiiy parklar yaratish boʻyicha mintaqa mamlakatlari bilan yaqin hamkorlik qilmoqda va ular sonini keskin koʻpaytirish niyatidamiz.

Bir vaqtlar Ustyurt platosi kengliklarida yashagan va inson omili taʼsirida yoʻqolib ketgan Osiyo qoploni populyatsiyasini qayta iqlimlashtirishni boshlash niyatidamiz. Olimlar va ekspertlarni bu yoʻnalishda hamkorlikka chorlab qolamiz.

Fursatdan foydalanib, Atrof-muhitni muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Toshkentda oʻz vakolatxonasini ochish boʻyicha qarori uchun alohida tashakkur aytmoqchiman. Biz tashkilotning mintaqamiz flora va faunasini saqlab qolishdek xayrli faoliyatiga har tomonlama koʻmak koʻrsatishga tayyormiz.

Hurmatli forum ishtirokchilari!

Bugungi konferensiyada qabul qilinayotgan qarorlarning hayotga tatbiq etilishi koʻchib yuradigan yovvoyi hayvonlarni saqlash boʻyicha xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va uning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Bu yoʻldagi sharafli va masʼuliyatli ishlaringizda sizlarga katta omadlar, kuch-gʻayrat va yangi muvaffaqiyatlar yor boʻlishini tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер