Bir qishloqdan 230 kishi nega poytaxtda musofirchilikni tanladi?

11:17 12 Oktyabr 2021 Jamiyat
208 0

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Karol Buxorovning aytishicha, shu kunlarda qishloqdan 230 nafar kishi tirikchiligini Toshkent shahridagi Qoʻyliq va Yangiobod bozorlarida oʻtkazmoqda. Bu fuqarolar MFYda ishsizlar roʻyxatida turibdi. Toʻgʻri, ular daromad topyapti, roʻzgʻorini boqyapti, ammo rasman ishga qabul qilinmagan, ish staji qayd etilmayapti.

– Hududimizda dehqonchilik qilish uchun oqar suv yoʻq,- deydi K. Buxorov. – Aholi tomorqalariga yer ostidan nasos orqali suv tortib, ekin ekadi. Tabiiyki, yer osti suvi foydalanishga yaroqsiz, shoʻrlanishga sabab boʻlayotir. Yaxshiyamki, qishlogʻimizda tadbirkor Bahrom Norqobilov “Polimerplastinvest” MCHJ ochib, vanna ishlab chiqaradigan korxonani ishga tushirdi. Bu yerda 50 nafar fuqaro ish bilan band. Qoʻshni “Sovsontepa” MFY Nogohon qishlogʻida qurilgan issiqxonaga 43 nafar xotin-qizlarimiz ishga jalb etilgan. Boʻlmasa, yanada koʻplab fuqarolarimiz boshqa hududlarga ish izlab ketardi.

MFY raisining qoʻshimcha qilishicha, hududdagi ishga layoqatli aholining 250 nafari Rossiya Federatsiyasida ishlamoqda. 150 nafar kishi esa “Damas” yoki boshqa yengil avtomashinasida kira qiladi. Qamashi tumanidagi “Pionerka” bozorida yuz nafar bunyodkorlik mol olib, mol sotadi, arava sudraydi va shu kabi kunbay ishlarni bajarib, pul topadi.

Ayni paytda Toshkent shahrida ishlab yurgan B. Nazirovning fikrlari bilan qiziqdik:

– Yashirmayman, poytaxtda, bozorda tirikchilik qilaman,- deydi u. – Qishloqda ish yoʻq-da... Qani edi, ish joylari ochilsa, bajonidil ishlardim. Musofir boʻlib yurgandan koʻra, oila bagʻrida tirikchilik qilishga nima yetsin?!

Maʼlumotlarga koʻra, hududda yoshlar soni 1 ming 178 nafarni tashkil etadi. Ularning 559 nafari qiz-juvonlar. Yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida 39 nafar yigit-qiz “Yoshlar daftari”ga kiritildi va 14 nafari ish bilan taʼminlandi. 2 nafariga chorvachilikni rivojlantirish uchun kredit olib beriladigan boʻldi. 8 nafar qizga tikuv mashinasi, 2 nafar ishsiz yigitga payvandlash apparati berildi. Bir necha qizga “Goʻzallik saloni” ochish uchun kredit ajratilmoqda, asalarichilik va gʻisht ishlab chiqarish uskunasi xarid qilish uchun ham yoshlarga bankdan kredit rasmiylashtirish jarayoni boshlangan. Lekin, guvohi boʻlayotganingizdek, bu saʼy-harakatlarning aksar qismi hali jarayonda, yakuniga yetmagan. Alaloqibat esa yoshlar bandligi masalasida eʼtirofga etishga arzirli natijani hozircha “Bunyodkor” yigit-qizlari oʻz hayoti misolida koʻrganicha yoʻq.

“Bunyodkor” MFY raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-maʼnaviy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Saodat Aliqulova ushbu masalada shunday deydi:

– Toʻgʻri, bizda bandlik eng oʻtkir muammo boʻlib turibdi. Muammo mohiyatini chuqur tahlil qilib, dastlab 72 nafar, keyinchalik 44 nafar xotin-qizni “Ayollar daftari”ga kiritdik. 15 nafariga kredit asosida tikuv mashinasi olib berayapmiz. 70 nafari mavsumiy ishchi sifatida dalalarda paxta terayapti. Yaqinda murojaat qilgan uysiz, uch bolani tarbiyalayotgan ayolga viloyat hokimi tomonidan 10 million soʻm pul ajratildi. 10 million soʻmga uy qurib boʻlmaydi, albatta, ammo odamlarni hasharga chorladik, shu tariqa bir nochor oilaga qurilgan uy bitib qoldi. Qishloqni aylanib, odamlar bilan suhbatlashib, shunday xulosaga keldikki, bu hudud eʼtibordan chetda qolgan. Aholi bandligini taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish borasida aniq bir loyiha ishlab chiqilmagani, ularning kasb-kori, layoqati hamda nimalarga qodirligi tahlil qilinmagani bois ham bu qishloqdan koʻplab yoshlar mehnat migranti sifatida chiqib ketmoqda. Oʻz bilganicha ish izlab, bir qismi Toshkentda, boshqasi Qarshi yoki Rossiya Federatsiyasiga ketishga majbur boʻlmoqda. Toʻgʻri, odamlar tirikchiligini oʻtkazmoqda, biroq mazkur muammoga shu yoʻsinda yondashib qolsak, kambagʻallikni qachon qisqartiramiz?

Eslatib oʻtamiz, shu yilning 11-oktyabr kuni Shavkat Mirziyoyev qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda “Qashqadaryo biznesmenlarining 70 foizi Toshkentda. Oʻzi ham, ofisi ham, pullari ham poytaxtda. Albatta, erkinlik, ular ham oʻzlari istagan joyda ishlashadi. Oldin Qashqadaryoda har xil tashkilotlar bor edi, tadbirkorlarga kun bermasdi. Hozir ularning hammasini jilovladik-ku, endi qashqadaryoliklar qaytishiga nima xalaqit beryapti?” deya vohaning eng ogʻriqli muammosiga urgʻu bergan edi.

Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?