Bir oilaning Temurbeklari
Bu oilada besh oʻgʻilning barchasi yurt soʻraydigan barkamol inson boʻlib kamolga yetdi. Toʻrt oʻgʻil moliya, iqtisod, bank va qurilish sohasida mutaxassislikka ega boʻlsa, uchinchi oʻgʻil Adhamjon harbiylik yoʻlini tanladi.

Oila bekasi Mayramxon Haydarova farzandlarining ilk ustozi, katta orzular sari rahbar va maslahatgoʻyi boʻldi. Iqtisodchi otasi Fazliddin Rashidov bolalariga mehnatsevarlik va har bir vazifani puxta bajarishni oʻrgatdi. Shu bois hozirgi kunda oila farzandlari erishgan yutuqlari barchani hayratga solmoqda. Baxtli keksalik gashtini surayotgan ota-onalar uchun bundan ortiq baxt bormi? Mahalladoshlari “Alpomishdek, Temurbekdek oʻgʻillaringiz bor”, deyishadi. Ularning kamoliga aslo koʻz tegmasin.

Ayni paytda Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi tasarrufidagi harbiy qismlardan birining batalyon komandiri, podpolkovnik Adhamjon Nuriddinov qariyb 20-yillik tajribaga ega. 2011-yili Chirchiq oliy tank qoʻmondonligi muhandislik bilim yurtini imtiyozli ravishda tamomlagan, bir muddat qadrdon taʼlim dargohida faoliyat koʻrsatgan. Mudofaa vazirligi koʻrik-tanlovlarida muntazam gʻoliblikni qoʻlga kiritgan, sport musobaqalarida ham shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarilgan. Rus va ingliz tillarini puxta oʻrganib, mamlakatimizda koʻplab yutuqlarga erishgan eng yosh harbiy sifatida tanilgan. Havo desant qoʻshinlari xizmatchisi boʻlgan Adhamjon bugungacha 50-martaga yaqin parashyutdan sakragan. Hozirda podpolkovnikning oilasi harbiy xizmatchilar uchun qurilgan zamonaviy koʻp qavatli uyda istiqomat qiladi. Oila bekasi Gulhayo Rahmatova oʻqituvchi. Farzandlari Azizbek, Afruza va Umarbek tarbiyasi bilan shugʻullanadi.

— Oilada harbiylarga xos tartib-intizom oʻrnatilgan, — deydi podpolkovnik. — Katta oʻgʻlim Azizbek birinchi sinfga borganda bir qoʻliga ruchka, ikkinchi qoʻliga ogʻir tosh koʻtarib hayotiy saboq berganman. Bugungi kunda u 3-sinfda oʻqishga qaramay, matematika va ingliz tilidan respublika miqyosida oʻtkazilgan tanlovlarda gʻoliblikka erishmoqda.
2023-yilda Hindiston oliy ofitserlar kursida uch oylik malaka oshirib kelgan podpolkovnik jahonda hech kimdan kam emasligini namoyon qildi. Shu yillarda koʻplab esdalik medallari va koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandi. Vatan himoyachilari kuni ushbu oilada katta tantana bilan nishonlanadi. Oila aʼzolari harbiy paradda qatnashadi, qismlarga sayohat orqali zavq oladilar.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- ICCI 2026: Yangi Oʻzbekistonning qurilish salohiyati – gʻoyalardan keng koʻlamli yechimlargacha
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring