Bir kelib keting Uchqoʻrgʻonimizga
Tyan-Shan togʻlarining osmonoʻpar choʻqqilaridagi qor-u muzliklardan hosil boʻlgan jilgʻalardan qoʻshni Qirgʻiziston oralab Sirdaryoning eng katta irmogʻiga aylanmish Norin daryosining suvlari ming dardga shifo. Uchqoʻrgʻonni bolalari qishda yalangoyoq chopadigan, qiz-yigitlarining gʻayrati yuragiga, kuchi bilagiga sigʻmaydigan maskan , deb taʼriflashadi. Nozik xilqat ayollarimiz ham qoʻlidan kelgan yumushni bajarib jamiyat rivojida faol, yigitlarining toshni talqon, koʻksini qalqon qiladigan shavqi, zavqi bor. “Oʻn ishning chiroqchisi boʻlguncha, bir ishning ustasi” boʻl deganlaridek tuman ahli har sohada yetakchi.
Forel baligʻi ham totli, ham parhezbop
Mamlakatimizda baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha boshlangan keng koʻlamli ishlar Uchqoʻrgʻonda ham qanot yozdi. Bu yerda faoliyat olib borayotgan “baliqchilik villasi”ga tashrif buyursangiz, uning sohibi rostdan ham oltin baliq tutib olgan, deb oʻylaysiz. Xalq ichida “Xonbaliq”, “kamalak”, “marmar” deb talqin qilinadigan forel baligʻini yetishtirish bilan shugʻullanayotgan korxonadagi ishlardan hayratingiz ortadi. “DB Group Eco” korxonasi Prezidentimiz Namangan viloyatiga 2018-yildagi tashrifi chogʻida loyiha sifatida taqdim qilingandi. 2019-yildan amaliy ishga kirishildi. Uning loyiha qiymati 40 milliard soʻmga teng boʻlib, shundan 28 milliardi bank krediti, 12,5 milliardi esa tashabbuskorning mablagʻidir. MCHJ tasarrufidagi 5 gektar joyda uvuldiriq va chavoqlar yetishtirish uchun yopiq suv havzalari hamda 66 ta ochiq hovuzlar barpo etilgan. Atrofdagi mahallalar ahli uchun 100 ta ish oʻrni yaratilgan.
— Dastlabki yili bizga ajratilgan 20 gektar maydonning 5 gektarida ish boshlagandik, — deydi korxona taʼsischisi Azizbek Daminov. — Keyingi yildan Daniyadan baliq uvuldiriqlarini olib kelib hovuzlarga tashladik. Oradan bir yarim yil oʻtib oʻtmay ilk mahsulotni oldik. Loyihamizda yiliga 2 ming tonna forel baligʻini yetishtirish reja qilingan. Hozir respublikaning yirik savdo tarmoqlariga baliq yetkazib berish bilan shugʻullanyapmiz. Alohida ishlab chiqarish seximiz ham bor. Unda forel muzlatilgan, shuningdek, sovuq va issiq dudlangan, file va kam tuzlangan holatda ichki bozorga chiqarilmoqda. Omadimiz kelgani Uchqoʻrgʻon tabiati, xususan, moʻtadil havosi baliq yetishtirish uchun juda mos. Bu ham bizga ishlab chiqarishni rivojlantirishga yordam beryapti. Norin daryosidan suv olamiz.
Korxona faoliyati bilan tanisharkanmiz, bu yerda losos baligʻi ham yetishtirilishiga guvoh boʻldik. Forel ham, losos ham ancha noyob baliqlar turiga kiradi. Qolaversa, har ikkisi ham juda nozik, faqat maʼlum sharoitdagina oʻsib koʻpayadi.
— Hududimizning oʻziga xos jihati “xonbaliq” deb ataladigan forel tabiiy sharoitda ham uchraydi. Baliqchilarimiz ovlab turadi, — deya soʻzida davom etadi Azizbek. — Uni ommaviy ravishda boqishni yoʻlga qoʻyganmiz. Bu mahsulot har bir xonadon dasturxoniga yetib bormoqda.
Korxonada baliqlarni Yevropa tajribasiga asoslangan holda intensiv usulda yetishtirish ham yoʻlga qoʻyilgan. Uvuldiriqlar hamda ozuqa bu yerga Daniya va Germaniyadan keltiriladi.
Sanoat sinoatlari
Bugungi kunda Uchqoʻrgʻondagi yengil sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar sifati va zamonaviyligi jihatidan har qanday xorijiy davlatniki bilan bellasha oladi. Buni masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Uztex-Uchkurgan” Oʻzbekiston – Buyuk Britaniya – Singapur qoʻshma korxonasining faoliyatida ham koʻrish mumkin. Uning ip yigiruv va toʻquv kompleksi “Uztex-Uchkurgan” va “Uchkurgan Textile” zavodlarini oʻz ichiga olgan boʻlib, ilgʻor texnologiya asosida paxta va aralash toladan kalava ip, qatlangan ip, momiq mato va tayyor kiyimlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Salkam 16 gektar maydonni egallagan muhtasham korxonaning qurilishiga, yangi zamonaviy texnologiya va jihozlarni sotib olishga qariyb 120 million dollar mablagʻ yoʻnaltirilgan. Majmua yiliga 12 ming tonna kalava ip hamda 3 mln. dona trikotaj mahsulot tayyorlash quvvatiga ega boʻlib, bu yerda 1000 dan ortiq ish oʻrinlari yaratildi.
Tumanning “Farovon” mahallasidagi “Zarafshon tekstil“ masʼuliyati cheklangan jamiyati ham ikki yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Loyiha qiymati 10 million AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu korxona 400 nafar fuqaroni ish bilan taʼminladi. Ularning asosiy qismi xotin-qizlardan iborat. Ish joyidagi sharoitlardan mamnun, qoʻli-qoʻliga tegmaydi. “Zarafshon tekstil“ jamiyati kelgusida oʻz mahsulotlari bilan jahon bozoridan oʻrin olib, eksport salohiyatini oshirishni maqsad qilgan.
Qishin-yozin sarxil qulupnay
“Taomning tozasini yegan inson gapning ham tozasini gapiradi”, degan hikmat bor. Tumanda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholini ekologik toza va sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga boʻlgan talabini qondirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda aholi tomorqalari, bogʻlar, ochiq yer maydonlari, issiqxonalardan oqilona foydalanilmoqda. Masalan, joylardagi mirishkorlar qulupnayni yerda emas, balki gidroponika usulida yetishtirishni yoʻlga qoʻygan. Ilgʻor usulni qoʻllanib, yil oʻn ikki oy meva olish mumkin.
Tadbirkor Umidjon Ibrohimov 2 gektarlik issiqxonasida 400 ming tup qulupnay koʻchatlari gidroponika usulida parvarishlamoqda. Sakkiz xil navning har tupini 3 dollardan Koreyadan olib kelgan. Izlanuvchan mehnat oʻz natijasini koʻp kuttirmadi. Avgust oyidan meva bera boshladi. Tomchilatib sugʻorish texnologiyasiga oʻtilgani suvni tejash barobarida hosilga hosil qoʻshib, daromadni oshirishga xizmat qilmoqda. Usta dehqon 9 ta issiqxona korpusida tashkil etgan qulupnaychilik tarmogʻidan turli soliq va chiqimlardan tashqari 500 million soʻm sof foyda olmoqda. Bu Prezidentimiz ilgari surgan “Sayxunobod tajribasi”ning Uchqoʻrgʻondagi amaldagi namunasidir.
— Biz issiqxonamizdagi faoliyatni 2011-yilda boshlagandik, — deydi U.Ibrohimov. — Oʻshanda avgust boshida ekkan koʻchatlarimiz 70 kunda pishdi. Hosilni 7 oy davomida terib, sotish mumkin. Bu yerdagi qulupnay koʻchatlari Hindistondan olib kelingan biogomusga ekilib, tejamkor texnologiyalar asosida turli kimyoviy oʻgʻitlar bilan parvarishlanadi. Endilikda koʻchatlar shu joyning oʻzida tayyorlanmoqda. Bu ortiqcha sarf-xarajatlarning oldini olish, iqtisodiy samaradorlikka erishishga zamin yaratyapti. Korxonamizga 15 nafar doimiy, 15 nafar mavsumiy ishchilar jalb etilgan.
Yana bir mirishkor Umarjon Nurmamatov koʻp tarmoqli xoʻjalik sohibi . U maishiy xizmat koʻrsatish sohasidan boshlab, bogʻdorchilik, chorvachilik, parrandachilik va issiqxonachalik kabi yoʻnalishlarda faoliyat yuritib, yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Aslida bu ishlarning asoschisi – otasi. Umarjon ham ota yoniga kirib, qoʻl-qanot boʻlib turibdi. Mehnati va azm-shijoati uni qishloq xoʻjaligi sohasidagi ishbilarmonlardan biriga aylantirdi. Hozirgi kunda u issiqxonada serhosil qulupnay va bulgʻor qalampirlarini yetishtirmoqda. “Ish yoʻq” deganga ish yoʻq, ishini sevganning esa boʻsh vaqti yoʻq.
— Koʻchatlarimiz yerga ekilgan koʻchatga nisbatan oz kasallanishi va samaradorligi yuqoriligi bilan ahamiyatli, — deydi tadbirkor. — Ular yetilishi uchun fasl tanlamaydi, mevalari yirik-yirik va uzluksiz ravishda pishaveradi. Koreya texnologiyalari asosida tomchilatib sugʻorish orqali koʻchatlarga zaruriy ozuqa va minerallar suv orqali yetkaziladi. Bu bir vaqtning oʻzida ham suvning, ham suspenziyaning teng taqsimlanishiga yordam beradi. Ozuqani suvdan, mehrni bizdan oladi.
Bunday usulda qulupnay yetishtirish odatdagidan koʻra moʻl hosil beradi. Mahsulotlar mahalliy bozorlar kabi xorijiy bozorlarni ham egallab bormoqda. Hozirda qulupnayning kilosi 100-150ming soʻmdan sotilyapti. Namangan viloyatida bir yilda 1200 tonnadan ortiq qulupnay yetishtiriladi. Uning asosiy qismi, yaʼni, 800 tonnadan ortigʻi Uchqoʻrgʻon tumani hissasiga toʻgʻri keladi.
Doʻstlik mangu boʻlsa...
Erta tongda goʻdaklarimiz karnay-surnay tovushlari bilan uygʻondi. Uzoq yillar orzu qilingan Qirgʻiz va Oʻzbek chegaralari ochildi. Bunga qadar aka Qirgʻiziston, singil Oʻzbekistonda yashab, toʻy-maʼrakalarda bir-birining uyiga borish muammoga aylanib qolgandi. Bir paytlar mahallalarimizda qoʻshnilarning devorlarida ham ora eshiklar boʻlardi. Qulf urilmasdi. Yoʻriqlarda qozon qoʻshi hovlida qaynardi. Bu hol qoʻshni davlatlar bilan ham oʻxshash koʻrinishda boʻlgan. Norin daryosi ustidagi Uchqoʻrgʻon va Qizil-Jarni bogʻlab turgan koʻprik ikkita qoʻshni millatga xizmat qilardi. Shanba kunlari Oʻzbekistonning hamma viloyatlari, hatto qoʻshni davlatlardan olarmanlar Jahon bozorimizga oqib kelardi. Bozor atrofidagi ayrim xonadonlar juma oqshomlaridan mehmonlar bilan toʻlardi. Ijara haqqi ham olinmasdi. U kunlardagi oqibatlarni odamlar sogʻinmaganmi?
Shuni alohida mamnuniyat bilan aytish Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin qoʻshnichilik va birodarlik siyosati tufayli “Uchqoʻrgʻon – Kengsay” avtoyoʻl oʻtkazish punktlari qaytadan zamonaviy tarzda qurilib, foydalanishga topshirilgani tarixiy voqelik kasb etdi. Bundan har ikki xalq behad xursand.
— Men bu kunlarni 15-yilga yaqin kutdim. Oʻzim Shamoldisoydanman, — deydi “Yogʻdu” mahallasida istiqomat qiluvchi Dilafroʻz Abdurazzoqova. — 37-umumtaʼlim maktabida rus tili fanidan dars beraman. Oʻzbekistonga kelin boʻlib tushganimga 25-yil boʻlyapti. Uch nafar farzandim bor. Shuncha yildan buyon oʻzbeklar bilan bir osmon ostida yashab kelyapman. Yurtimga tez-tez borgim, qarindoshlarimni koʻrgim kelardi. Shunday vaqtlar boʻldiki, qishlogʻimdan uyim koʻrinib tursa ham, chegaradan oʻtish doim muammoga aylangan. Endi bu tashvishlar aridi. Maktabimiz chegara hududida joylashgan. Bilim maskanimizda bir qator millat vakillari, shu jumladan, qirgʻiz millatiga mansub oʻquvchilar ham tahsil oladi. Har ikki doʻst ellarning uzogʻini yaqin, mushkulini oson, sogʻinch yaralari bitishiga xizmat qiladigan bu yangi chegara maskani Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Respublikalariga kirish-chiqishni 500 kilometrga qisqartirdi.
Chegara postlarining ochilishi ikki davlat va xalq oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarining tiklanishiga katta imkoniyat yaratdi. Nafaqat Namangan viloyati, balki Fargʻona vodiysi uchun ikki tomonlama hamkorlik eshiklari baralla ochildi. Logistika, xizmat koʻrsatish sohalari rivojlanadi. Odamlar uchun qoʻshimcha daromad manbai, yangi ish oʻrin vujudga kelmoqda.
Bular Namanganning olis Uchqoʻrgʻon tumanidan kichik lavhalar. Oʻzingiz guvoh boʻlay desangiz, islohotlar joʻshqin tus olgan goʻshaga keling. Qishning qahratonida ham dasturxonga qulupnay qoʻyishadi.
Jahongir TOʻXTASINOV,
jurnalist.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring