Bir guruh oʻqituvchi va murabbiylarning Toshkent shahri aholisiga murojaati
Foto: Arxiv surat
Qadrli poytaxt ahli, hurmatli ota-onalar!
Hozirgi kunda jonajon Oʻzbekistonimiz buyuk oʻzgarishlar jarayonini boshidan kechirmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar hayotimizning barcha soha va tarmoqlariga yangilanish va yuksalish nafasini olib kirmoqda. Eng muhimi, xalqimizning oʻz kuchiga, ertangi kunga boʻlgan ishonchi tobora ortib bormoqda.
Bugungi murakkab va shiddatli davrning oʻzi oldimizga qanday oʻtkir va dolzarb muammolarni qoʻyayotganini barchamiz koʻrib-bilib turibmiz. Ayniqsa, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsad yoʻlida dadil ilgarilab borayotgan Yangi Oʻzbekistonda taʼlim tizimi oldida mislsiz vazifalar paydo boʻlmoqda. Chunki biz intilayotgan buyuk maqsadlarni amalga oshirish uchun avvalo yuksak professional kadrlar — oʻz ishining chinakam ustalari, har qanday sharoitda ham el-yurtimizga sadoqatli va jonkuyar insonlar kerak.
Bu vazifani amalga oshirishda sifatli taʼlim va tarbiya biz uchun suv bilan havodek zarur. Bugun ushbu masala mamlakatimiz taqdiri va kelajagini, barchamizning hayot-mamotimizni belgilaydigan eng masʼuliyatli va sharafli ishga aylanmoqda.
Shuning uchun ham hurmatli Prezidentimiz Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2023-yilni mamlakatimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qildilar.
Biz — oʻz hayotini yosh avlod tarbiyasiga bagʻishlagan oʻqituvchi va murabbiylar buni taʼlim va tarbiya sohasiga berilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yana bir amaliy ifodasi sifatida qabul qilmoqdamiz.
Kuni kecha poytaxtimizda ustoz va murabbiylar bilan oʻtkazilgan samimiy va ochiq muloqotda zimmamizdagi vazifalarni yanada chuqur his etdik.
Ayniqsa, davlatimiz rahbarining muallim va murabbiylarning mavqeyini koʻtarish, oʻqituvchilik maqomini Konstitutsiyamizda mustahkamlash haqidagi fikrlari kuchimizga — kuch, gʻayratimizga — gʻayrat qoʻshdi. Oʻzbekiston muallim va murabbiylari hech qachon bunday yuksak eʼtiborga, qulay sharoitlarga ega boʻlmagan.
Toshkent shahrining oʻzida soʻnggi yillarda koʻplab maktablar butunlay yangicha qiyofaga ega boʻldi. Pedagoglar faoliyati uchun yangi-yangi imkoniyat va sharoitlar yaratilmoqda. Kelgusi oʻquv yilidan barcha maktablarda boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqatlantirishni yoʻlga qoʻyish tashabbusi ham inson qadrini ulugʻlash avvalo maktabdan, taʼlim tizimidan boshlanayotganini koʻrsatadi.
Bunday ulkan ijobiy oʻzgarishlar butun mamlakatimizni qamrab olmoqda.
Dunyoda chuqur inqiroz davom etayotgan oʻta murakkab bir davrda taʼlim sohasi uchun bunday katta mablagʻlar ajratish oʻz-oʻzidan boʻlmaydi, albatta. Lekin qanchalik qiyin boʻlmasin, Prezidentimiz xalqimiz, farzandlarimizning taqdiri va kelajagini oʻylab, soha rivoji uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bermoqda.
Biz — pedagog xodimlar bunday gʻamxoʻrlikka javoban bebaho boyligimiz boʻlgan har bir bolani — bu mening bolam, deb Yangi Oʻzbekiston bunyodkori etib tarbiyalashga bor bilim va salohiyatimiz, kuch-gʻayratimizni safarbar etishga tayyormiz.
Aziz ota-onalar!
Barchamiz yaxshi tushunamizki, taʼlim-tarbiya sifatini oshirish, farzandlarimizning maktabda kamida ikkita chet tilni, kompyuter va kasb-hunar asoslarini oʻrganib chiqishini taʼminlash barchamizdan birgalikda harakat qilishni talab etadi. Ayniqsa, bolalarimiz uchun kelgusi hayot yoʻlini tanlashda 11-sinfdagi shakllanish davri muhim ahamiyatga ega boʻladi.
Hech shubhasiz, bu borada ustozlar bilan birga, ota-onalarning ham burchi va vazifasi muhim ekanini unutmasligimiz zarur. Muqaddas islom dinimizda ham farzandga yaxshi taʼlim va tarbiya berish ota-onaning birinchi galdagi vazifasi ekani alohida taʼkidlangani albatta bejiz emas.
Shuning uchun ham ota-onalar va oʻqituvchilar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz lozim. Kelgusida yangi avlod tarbiyachisi boʻladigan qizlarimizni zamonaviy bilim va hunarlarni egallagan, dunyoqarashi keng insonlar etib tarbiyalash eng muhim vazifalarimizdan biri boʻlishi kerak.
Bir soʻz bilan aytganda, inson qalbi va ongi, avvalo, farzandlarimiz hayotiga nisbatan xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi tahlikali zamonda navqiron avlodimiz taʼlim-tarbiyasiga bir lahza ham loqayd qarashga mutlaqo haqqimiz yoʻq.
Oʻgʻil-qizlarimizni mamlakatimizda yuz berayotgan tub oʻzgarishlarning qadriga yetib, bu jarayonda faol ishtirok etadigan chinakam vatanparvar insonlar sifatida voyaga yetkazish har bir ota-onaning nafaqat orzusi, balki amaliy harakatiga aylanishi lozim.
Doimo yodda tutishimiz shart: tarbiya bu — avvalo bilimni bolaga mehr, eʼtibor va gʻamxoʻrlik orqali singdirish demakdir.
Shu asosda yosh avlodni el-yurtga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida kamol toptirish uchun maktab — oila — mahalla hamkorligini amalda yoʻlga qoʻyishimiz kerak.
Xalqimiz va Vatanimiz oldidagi masʼuliyatimizni chuqur anglagan holda bu yoʻlda barchamiz hamjihat boʻlib harakat qilsak, hech shubhasiz, milliy taʼlim-tarbiya tizimini albatta yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz, bu borada koʻzlagan maqsadlarimizga yetamiz.
Qadrli vatandoshlar!
Bugun hayotning oʻzi maʼrifatparvar bobolarimiz aytgan fikrlar naqadar toʻgʻri ekanini isbotlab bermoqda: “Najot — taʼlimda, najot — tarbiyada, najot — ilmda, najot — muallimda”.
Eng muhimi, har bir ota-ona, butun xalqimiz qalbidagi orzu-intilishlarni ifoda etadigan bu soʻzlar hayotimizning maʼno-mazmuni, faoliyatimiz mezoniga aylanishi zarur.
Prezidentimizning taʼlim-tarbiya sohasidagi strategiyasini amalga oshirish uchun bor bilim, tajriba va kuch-gʻayratimizni safarbar etsak, shu olijanob ishga munosib hissa qoʻshsak, buyuk ajdodlarimiz va kelajak avlodlar oldidagi burchimizni sharaf bilan ado etgan boʻlamiz.
Toshkent shahri oʻqituvchi va murabbiylari
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring