“Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi

12:30 18 Aprel 2024 Hujjatlar
304 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Soʻnggi yillarda dunyoda talafotli zilzilalar soni ortib, ular aholi hayoti va mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalariga jiddiy taʼsir koʻrsatayotganligi sababli seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini doimiy takomillashtirib borish doirasida mavjud va qurilayotgan bino-inshootlarning seysmik mustahkamligini taʼminlash, zilzilani prognozlash, monitoring qilish hamda unga tayyorgarlik koʻrishda davlat organlari va tashkilotlarining oʻzaro aloqalarini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu sababli seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasiga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini yanada oshirish, kuchli zilzilalarni prognoz qilishning yangi usullarini ishlab chiqish va ularga tayyorgarlik koʻrishning zamonaviy tizimini yaratish maqsadida:

1. 2024-yil 1-iyundan boshlab:

MSK-64 shkalasi boʻyicha 8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obyektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan, seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin;

aktiv seysmik himoyalash qurilmalarini oʻrnatish qurilish ishlariga masʼul boʻlgan buyurtmachi tashkilotlar tomonidan moliyalashtirilishi belgilansin.

Mazkur bandning toʻliq va soʻzsiz ijrosini taʼminlash uchun masʼullar etib Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (B.Zakirov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.

2. 2024-yil 1-iyuldan boshlab:

yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III-IV toifa boʻlgan obyektlarga bino va inshootlarning yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunasini oʻrnatish majburiy etib belgilansin;

bino va inshootlarning yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunalaridan olinadigan maʼlumotlarning yagona bazasini yuritish orqali monitoring qilish tartibi joriy etilsin.

Mazkur band doirasida bino va inshootlarning yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunalari majburiy oʻrnatilishini nazorat qilish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (B.Zakirov), ulardan olinadigan maʼlumotlarning yagona bazasini yuritish va monitoring qilish uchun Toshkent arxitektura-qurilish universiteti (B.Tulaganov) masʼul etib belgilansin.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2024-yil 1-iyuldan boshlab:

MSK-64 shkalasi boʻyicha 5 va undan yuqori ballik yer silkinishi sodir boʻlganda bino va inshootlarning holati boʻyicha yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarni avtomatik monitoring qilish uskunalaridan olingan maʼlumotlar tezkor ravishda tahlil qilinadi;

bino va inshootlarda aniqlangan xavf boʻyicha zudlik bilan Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tadbirlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashiga (keyingi oʻrinlarda — Respublika kengashi) axborot kiritiladi;

Respublika kengashi uch kun muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda zilzila natijasida aniqlangan bino va inshootlarning zaif nuqtalarini mustahkamlash va xavfni bartaraf etish choralarini belgilab, ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi.

Mazkur bandda nazarda tutilgan tartibning yoʻlga qoʻyilishi va bir maromda ishlashini taʼminlash uchun masʼul etib Respublika kengashi (A.Aripov) belgilansin.

4. Bino va inshootlar hududlarning seysmik faolligiga muvofiq ravishda qurilishini tashkil etish maqsadida:

2024-yil 1-iyulga qadar respublikaning barcha tuman va shaharlari hududlari kesimida mintaqaviy akselerogrammalar raqamlashtirilsin hamda ularning onlayn bazalari shakllantirilsin;

2024-yil 1-avgustdan boshlab xavflilik omili III-IV toifa boʻlgan obyektlarni hududning zilzilalar kuchini koʻrsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalash va qurish tartibi joriy etilsin.

Mazkur band doirasida mintaqaviy akselerogrammalarni raqamlashtirish uchun masʼul etib Fanlar akademiyasi (B.Yuldashev) va Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A.Qoʻldashev), bino va inshootlarni mintaqaviy akselerogrammalarga muvofiq loyihalash va qurish ishlarini nazorat qilish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (D.Adilov) masʼul etib belgilansin.

5. 2024-yil 1-iyundan boshlab yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III-IV toifa boʻlgan obyektlarda gaz va elektr tarmoqlarini kuchli zilzila paytida avtomatik bloklash tizimi bilan loyihalash tartibi joriy etilsin.

Bunda seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III-IV toifa boʻlgan obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari ularda kuchli zilzila sodir boʻlganda gaz va elektr tarmoqlarini avtomatik bloklash tizimi mavjud boʻlgan hollardagina shaharsozlik hujjatlari ekspertizasidan oʻtkazilishi belgilansin.

Mazkur bandning toʻliq va soʻzsiz ijrosini taʼminlash uchun masʼul etib Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (B.Zakirov) belgilansin.

6. Sodir boʻlgan zilzilalar va fasllardagi namgarchiliklar taʼsiridan choʻkkan hamda deformatsiyalar paydo boʻlgan bino va inshootlarni mustahkamlash ishlariga ilgʻor, zamonaviy va xavfsiz yondashuvlarni joriy etish maqsadida:

2024-yil 1-iyulga qadar texnik holati qoniqarsiz deb topilgan mavjud bino va inshootlarni “kompensatsion inyeksiya texnologiyasi orqali mustahkamlash va deformatsiyani oldingi holatiga qaytarish” uslubi orqali qayta tiklash ishlari eksperiment tariqasida amalga oshirilsin;

2024-yil 1-oktyabrga qadar eksperiment natijalari asosida bino va inshootlar poydevorini mustahkamlash va deformatsiyalarini bartaraf etishda yer ostidan “kompensatsion inyeksiya texnologiyasi orqali mustahkamlash va deformatsiyani oldingi holatiga qaytarish” uslubini amaliyotga toʻliq joriy etish choralari koʻrilsin.

Mazkur band doirasida “kompensatsion inyeksiya texnologiyasi orqali mustahkamlash va deformatsiyani oldingi holatiga qaytarish” uslubini amaliyotga joriy etish uchun masʼul etib Toshkent arxitektura-qurilish universiteti (B.Tulaganov), eksperiment uchun obyektlarni taqdim etishga masʼul etib Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi (K.Toʻlaganov) belgilansin.

7. Qurilishda davlat nazorati sifatini oshirish maqsadida 2024-yil 1-iyuldan boshlab yangi qurilayotgan obyektlarning xavf-xatar toifasini hamda qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy inspektorlarning ish tajribasini inobatga olgan holda davlat nazoratini amalga oshirish ishlari tashkil etilsin.

Mazkur bandning toʻliq va soʻzsiz ijrosini taʼminlash, qurilishda davlat nazoratini amalga oshirishda uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari shtat birliklari sonini qayta koʻrib chiqish uchun masʼul etib Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi (K.Toʻlaganov) belgilansin.

8. Quyidagilar:

Seysmik xavfsizlikni taʼminlash hamda bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri boʻyicha seysmik xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan hududiy chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy chora-tadbirlar rejalari) 2 — 15-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

9. “Yoʻl xaritasi” va hududiy chora-tadbirlar rejalarida belgilangan vazifalarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash yuzasidan:

“Yoʻl xaritasi” boʻyicha — tegishli davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlariga;

hududiy chora-tadbirlar rejalari boʻyicha — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga shaxsiy masʼuliyat yuklatilsin.

Respublika kengashi davlat organlari va tashkilotlari tomonidan “Yoʻl xaritasi” va hududiy chora-tadbirlar rejalarida belgilangan vazifalarning sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish uchun masʼul etib belgilansin.

10. Respublika kengashi (A.Aripov), Toshkent arxitektura-qurilish universiteti (B.Tulaganov) 2024-yil 1-avgustga qadar Respublika kengashi aʼzolari hamda sohaga masʼul vazirlik va idoralar mutaxassislarini seysmik xavfsizlikni taʼminlash va qurilish nazorati sohasi boʻyicha rivojlangan xorijiy davlatlarga qisqa muddatli xizmat safariga yuborishni tashkil etsin.

Respublika kengashi aʼzolari hamda sohaga masʼul vazirlik va idoralar mutaxassislarini xorijga yuborish bilan bogʻliq xarajatlar (transport, mehmonxona, kunlik va boshqalar) Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanishi belgilansin.

11. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda 2024-yil 1-mayga qadar hududlarning zilzilaga tayyorgarlik koʻrish rejalarini tasdiqlasin va qonunchilikka muvofiq ushbu reja asosida aholini zilzilaga tayyorlash ishlarini tashkil etib borsin.

12. Hududlarda kuchli zilzilalarga tayyorgarlik koʻrish ishlarini aniq ilmiy prognozlarga asosan tashkil etish maqsadida 2024-yil 1-maydan boshlab:

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tomonidan zilzila xavfi va prognoziga oid xulosalarni har oyda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga kiritish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin;

xulosalarda kuchli zilzila xavfi haqida ogohlantirish boʻlganda, tegishli hududlar rahbarlari tomonidan hududlarning zilzilaga tayyorgarlik koʻrish rejalariga muvofiq ishlar tashkil etilsin.

Mazkur bandning toʻliq va soʻzsiz ijrosini taʼminlash uchun masʼullar etib Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazi (Q.Qoʻchqorov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.

13. 2024-yil 1-iyundan boshlab respublika hududida boʻlib oʻtgan zilzilalar monitoringi, ularning ilmiy tahlili va faol tektonik yer yoriqlarining harakatlari orqali yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.

Bunda:

seysmoprognostik monitoring amalga oshirilishini tashkil etish, boʻlib oʻtgan zilzilalarning raqamli maʼlumotlar bazasini shakllantirish va qayta ishlash — Markaz tomonidan;

zilzilalarning vujudga kelish mexanizmi, darajasi va zilzila darakchilarining turli geodinamik jarayonlarda namoyon boʻlishi, shuningdek, yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash — Fanlar akademiyasi tomonidan amalga oshirilishi belgilansin.

Kuchli zilzila xavfi bor hududlar aniqlanganda, bu haqidagi maʼlumotlar zudlik bilan Respublika kengashiga kiritib borilsin.

14. 2024-yil 1-maydan boshlab har bir hududda kuchli zilzilada aholini qutqarish ishlariga jalb etish uchun volontyorlik guruhlarini shakllantirish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.

Bunda volontyorlik guruhlariga jalb qilingan fuqarolarga har chorakda qonunchilikka muvofiq kuchli zilzilada harakatlanish qoidalari va tartibi oʻrgatilib, bu yoʻnalishdagi bilim va koʻnikmalari oshirib borilsin.

Mazkur bandda nazarda tutilgan amaliyotni toʻliq joriy etish, volontyorlar guruhlari faoliyatini doimiy ragʻbatlantirib borish uchun masʼul etib Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A.Qoʻldoshev) va Yoshlar ishlari agentligi (A.Saʼdullayev) belgilansin.

15. Fanlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining Fanlar akademiyasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Zilzila muhandisligi olimlari assotsiatsiyasini (keyingi oʻrinlarda — Assotsiatsiya) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Assotsiatsiyaga 16-ilovaga muvofiq asosiy vazifalar yuklatilsin.

16. Quyidagilar:

Assotsiatsiya vazirlik va idoralarning sohaga masʼul mutaxassislari va olimlar hamda xorijiy mutaxassislardan iborat tarkibda Fanlar akademiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda shakllantirilishi va har uch yilda yangilab borilishi belgilansin;

Assotsiatsiya tomonidan har chorakda tayyorlanadigan takliflar Respublika kengashi tomonidan har yarim yilda muhokamadan oʻtkazilishi va asoslangan takliflar zudlik bilan amalga oshirilishi taʼminlansin.

17. Seysmik xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mohiyatini aholi va keng jamoatchilikka tushunarli tarzda yetkazish ishlarini tashkil etish maqsadida:

a) Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.Djurabayev):

Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A.Qoʻldoshev) bilan hamkorlikda fuqarolarning zilzila vaqtida toʻgʻri harakatlanishiga bagʻishlangan koʻrsatuvlar, lavhalar, roliklar va eshittirishlar tayyorlanishini;

ishlab chiqilgan media mahsulotlar Milliy teleradiokompaniyaning barcha tele- va radiokanallarida tizimli ravishda efirga uzatilishini taʼminlasin;

b) Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A.Xodjayev) Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A.Qoʻldoshev) bilan hamkorlikda ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda seysmik xavfsizlik tadbirlarini amalga oshirish jarayonlari, shu jumladan, fuqarolarning zilzila vaqtida toʻgʻri harakatlanishi boʻyicha tashkil etilayotgan qoʻmondonlik-shtab, maxsus-taktik va obyekt oʻquv mashqlari haqidagi toʻliq maʼlumotlarning keng yoritilishini tashkil etsin.

18. Fanlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib favqulodda vaziyatlar vaziri A.X.Qoʻldoshev hamda qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri B.I.Zakirov belgilansin.

Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi toʻgʻrisida har yarim yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2024-yil 17-aprel

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер