Bilmay bosdim qadamni...

12:42 04 Noyabr 2025 Jamiyat
144 0

Rustam Saydaliyev (ism-sharif oʻzgartirildi)ni Qoʻrgʻontepa tumanida yaxshi tanishardi. Sababi, boshqaruvidagi traktori bilan koʻpchilikning koriga yaragan. Topishi ham shunga yarasha edi. Umuman olganda, tirikchilikdan, roʻzgʻordan muammosi yoʻq edi-yu, biroq nafsiga erk berib, yoʻldan adashdi. Ana shu xato uning taqdirini butunlay oʻzgartirib yubordi.

Hammasi Qirgʻiziston Respublikasida yashayotgan qarindoshlarinikiga mehmonga borganidan soʻng boshlandi. U yerda tasodifan Hokim ismli shaxs bilan tanishib qoldi. Uning gapi Rustamning ongiga ilk bor “oson pul” gʻoyasini soldi. Hokim unga giyohvand moddani chegaradan olib oʻtishga yordam bersa, 300 dollar haq toʻlanishini aytdi. Bu taklif dastlab Rustamni ikkilantirdi. Ammo nafsga berilish, “atigi bir marta” degan oʻylar uning qalbidagi halollik tuygʻusini yengib ketdi. Shu tariqa oʻz taqdirini mutlaqo boshqa tomonga burishga sabab boʻlgan xato sari qadam qoʻydi. Kelishuvga koʻra, u tungi soatlarda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston Respublikalari oʻrtasidagi chegara hududiga yetib bordi. Oldindan belgilangan joyda qoʻriqchilar uzoqlashishini kutdi. Shu payt chegaraning narigi tomonidan paket uloqtirildi. U paketni oldi, bu yerdan jimgina nari ketdi.

Rustam paketni Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Uch tegirmon” mahallasidagi oldindan belgilangan joyga yetkazishi kerak edi. Ammo taqdir uning rejasini boshqacha yozgandi. Shu tunda u huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalil bilan qoʻlga olindi.

— Hokim menga “mol”ni belgilangan joyga qoldirib ketishimni aytgandi, – deydi u sud zalida. – Kim olib ketishini kerakligini bilmayman. Lekin bila turib xato qildim. Bu ishning qanchalik xatarligini anglaganman, ammo nafsimga erk berdim...

Sud uning qilmishini atroflicha oʻrganib chiqdi. Xatti-harakatlarining salbiy oqibatlarini hisobga oldi. Natijada 11-yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi.

Giyohvand moddalar inson hayotini zaharlaydi. U isteʼmol qilgannigina emas, balki uni tarqatishga qoʻl urganlarni ham halokatga yetaklaydi. Chunki bu yoʻlda faqat modda emas, insonlik, or-nomus, oila tinchligi ham sotiladi. Giyohvandlik qanchalik xatarli yoʻlga boshlasa, uning “oldi-sotdi”si bilan shugʻullanish ham shunchalik halokatlidir. Bu yoʻlning oxirida nafaqat qamoq devorlari, balki vijdon azobi, hayotning yopilgan darvozasi turadi. Rustam Saydaliyevning nooʻrin xatti-harakati bunga misoldir.

Nozimjon PARPIYEV,

jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻrgʻontepa

tuman sudining raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер