Bilganga tarmoq, bilmaganga qarmoq

17:06 24 Noyabr 2025 Jamiyat
311 0

Onlayn qimor va turli internet oʻyinlari orqali moliyaviy yoʻqotishlar, hatto ayrim hollarda oʻz joniga qasd qilish holatlari ham uchrab turibdi. Yaqinda Fargʻona shahridagi bir korxona xodimining plastik kartadagi katta mablagʻi noqonuniy yoʻl bilan olib qoʻyilgani yuzasidan murojaat kelib tushdi. Odamlar internetdagi qiziqarli oʻyinlarga ishonib, mol-mulklaridan ayrilmoqda. Fargʻona viloyati IIB Axborot texnologiyalari sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari bu sohada tinimsiz faoliyat yuritmoqda. Ular har soatda turli murojaatlar bilan toʻqnashadi: kimdir plastik kartasidan pul olib qoʻyilgan, kimdir internetdagi firibgarlik quroliga ishonib mablagʻidan ayrilgan.

Kiberxavfsizlikka eʼtibor qaratilishining ahamiyati katta. Shu bois davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida shu yilning noyabr oyida mamlakatimizda “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” tashkil etildi. Fargʻona viloyatida 18 ta hamkor tashkilot xodimlaridan iborat ishchi guruhi viloyat IIB qoshidagi kiberxavfsizlik laboratoriyasida faoliyat olib bormoqda.

— Hozirgi kunda hamyurtlarimiz internet va ijtimoiy tarmoqlarga qattiq bogʻlanib qolgan. Kiberjinoyatlar asosan global tarmoq orqali sodir etilmoqda, — deydi Fargʻona viloyati IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Ollobergan Yoqubov. — Shu sababli targʻibot ishlarini ham ijtimoiy tarmoqlar orqali olib borishga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Oylikning dastlabki 15 kunida Instagramda 200, Facebook va YouTube platformalarida 100 dan ortiq, turli internet nashrlarida 150 marotaba tushuntirish ishlari amalga oshirildi. Mahallalar, taʼlim muassasalari, korxona va tashkilotlarning Telegram kanallari va guruhlariga 500 ga yaqin ogohlantiruvchi materiallar yetkazildi. Viloyatda aholi bilan yuzma-yuz muloqot ham tashkil etilmoqda. Mahallalar, taʼlim muassasalari va mehnat jamoalarida huquqiy targʻibot, davra suhbatlari, videoroliklar namoyishi va bukletlar tarqatish orqali kiberxavfsizlikni oshirish ishlari olib borilmoqda. Shahar markazlarida LED ekranlarida ogohlantiruvchi materiallar qoʻyilmoqda.

— Sodda va ishonuvchan inson kiberjinoyatchilarning oson oʻljasiga aylanadi, — deydi Fargʻona viloyati IIB katta inspektori Ismoiljon Sharipov. – Shu bois notanish shaxsdan kelgan fayllarni hech qachon yuklab olmaslik lozim. Plastik karta raqami, SMS-kod va parollar haqida hech kimga maʼlumot bermaslik, rasmiy Play Market va App Storedan tashqari dasturlarni oʻrnatmaslik kerak. “iPhone yutdingiz” yoki “2 million soʻm yutib oldingiz” kabi xabarlarga ishonib, virus tushishi yoki maʼlumotlaringizning oʻgʻirlanishi mumkin.

Internet bilganga maʼlumotlar, bilimlar manbai boʻlgan foydali tarmoq, bilmaganga qarmoq. Shu sababli bosh borib devorga urilganda emas, balki ushbu xavfdan avvalroq ogoh boʻlgan hamda oldini olgan maʼqul.

Botir Madiyorov

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер