Beshariqda anʼanaviy “Qovun sayli” boʻlib oʻtdi

Beshariq tumanining qoʻshni Tojikiston bilan chegaradosh hududida joylashgan “Andarxon” mahalla fuqarolar yigʻini ahli azaldan mazasi til yorar qovunlar yetishtirish bilan mashhur.
Ayni kunlarda ham ota-bobolardan meros dehqonchilik yumushi mehr bilan davom ettirilmoqda. Hayotiy tajriba ilm-fan yutuqlari, innovatsiya gʻoyalari asosida rivojlantirilayotgani tufayli yildan-yilga yutuqlar salmogʻi ham oshib borayotir. Bugungi kunda andarxonliklar qovunni intensiv usulda yetishtirib, bir yil mobaynida tabiiy usulda saqlash boʻyicha ham katta tajribaga ega. Shuningdek, mahalla mirishkorlari Sirdaryo va Jizzax viloyatida ham ijaraga yerlar olib, qovun yetishtiradi.
Quvonarli, oʻtgan yildan boshlab Andarxon qovunini keng targʻib etish maqsadida “Qovun sayli” oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Shu kunlarda Beshariq tumanida turizmni rivojlantirish, xalq anʼanalarini tiklash va dehqonchilik madaniyatini targʻib etish maqsadida ikkinchi marotaba “Qovun sayli” tashkil qilindi.
Unda viloyatning turli hududlari, qoʻshni Tojikistondan ham mehmonlar ishtirok etdi.
— Ayni paytda mahallamizdagi 904 ta oilada 5850 nafar aholi istiqomat qiladi, — deydi “Andarxon” MFY raisi Poʻlatjon Shermatov. —Qovun yetishtirish mahalla drayveri boʻlib, bugungi kunda aholining aksariyati ushbu yumush bilan shugʻullanadi.
Shuningdek, har ikki xonadonning birida tabiiy usulda qovun saqlash ombori bor. Ularda “Gulobi”, “Boʻrikalla”, “Qirqma”, “Koʻkcha” kabi bir necha navdagi qovunlar saqlanadi. Qovunlarni saqlashda qishloq hududining geografik joylashuvi ham muhim ahamiyatga ega. Boisi mahalla Qoʻqon shamoli yoʻlida joylashgan va hudud boʻylab deyarli har kuni shamol esadi. Ayni shu shamol qovunlarni yaxshi va sifatli saqlash uchun xizmat qiladi. Kuzda uzib olingan saqlash joylaridagi qovunlar hatto keyingi yilning may oyigacha sifatini yoʻqotmaydi.
Yaqin istiqbolda hududning ana shu kabi oʻziga xos jihatlaridan foydalangan holda eko va agroturizmni yanada rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
Botir MADIYOROV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring