Besh kunda besh yilning hayrati

15:45 31 Mart 2022 Jamiyat
937 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ hamda Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida “Milliy jurnalistika: anʼanalar davomiyligi va zamonaviylik” nomi ostida oʻtkazilgan mediaforum mamlakatimiz OAV vakillari uchun chin maʼnoda mahorat maktabi boʻldi.

Besh kun davom etgan mediaforumda spikerlar bugun milliy jurnalistikamiz oldida turgan dolzarb vazifalar, ularning yechimi yoʻlidagi yangicha yondashuvlar, sohada toʻplangan tajriba va davr talablari xususida ishtirokchilarni bahs-munozaraga chorladi. Chunonchi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov jamiyatdagi yangilanishlar har bir jurnalist va ijodkor zimmasiga tezkorlik, xolislik bilan birga vatanparvarlik, taʼbir joiz boʻlsa, kuyinchaklik kabi fazilatlarni ham yuklashini taʼkidladi. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻja esa ushbu fikrni toʻldirib, jamiyat oldida oʻz masʼuliyatini his etgan jurnalist faqat axborot yetkazib beruvchigina boʻlib qolmasdan, shuning ortidan auditoriyada yagona ezgu maqsad yoʻlida intilish tuygʻularini uygʻotishi lozimligiga eʼtibor qaratdi. Bosma OAV, umuman, mediamakon va jamiyat munosabatlari masalasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev toʻxtalar ekan, munosabatini birgina xulosa - “Qanday matbuot kerakligini jamiyatning oʻzi hal qiladi”, deyish bilan ifodaladi. Deputat haq, biroq oʻzi gazeta oʻqimaydigan oʻqituvchi oʻquvchisidan, uyiga kitob olib kelmaydigan ota-ona farzandidan qanday qilib mutolaani talab etsin, bunday jamiyatni qanday atash lozim, degan ogʻriqni ichiga yutganini anglash qiyin emas edi.

Tadbir davomida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev, “Ishonch” va “Ishonch-Doveriye” gazetalari Bosh muharriri Husan Ermatov, Rasul Kusherboyev va Sherzodxon Qudratxoʻja Navoiy shahridagi Yoshlar markazida yosh jurnalistlar hamda ijod olamiga endigina kirib kelayotgan yigit-qizlar uchun mahorat darslari oʻtdi.

Mediaforum ishtirokchilari uchun “Navoiy mashinasozlik zavodi” ishlab chiqarish birlashmasiga press-tur uyushtirilgani yana bir ahamiyatli jihatdir. Bu yerda navoiylik mashinasozlar erishayotgan zalvorli yutuqlarni, innovatsion izlanishlar samarasini oʻz koʻzi bilan koʻrgan jurnalistlar hayratini yashira olmadi. “Jurnalistki, bu kabi tarixiy yutuqlardan bexabar ekan, oddiy odamlarni qoʻyavering”, dedi hamkasbimiz Ahmadali Shernazarov.

Alohida eʼtirofga molik navbatdagi manzil Navbahor tumanidagi “Yangi zamin nur kelajagi” MCHJ boʻldi. Korxona chorvachilik (goʻsht va sut), yengil konstruksiyali issiqxona, parrandachilik (goʻsht va tuxum), asalari va baliq mahsulotlari yetishtirish bilan shugʻullanadi. Tuman aholisini sifatli mahsulotlar bilan taʼminlab, oʻzaro kooperatsiya asosida aholi tomonidan yetishtirilgan mahsulotlarni qayta sotib oladi.

Mediaforum ishtirokchilari Nurota shahriga tashrif buyurib, “Chashma” meʼmoriy majmuasiga sayohat qilishdi. Soʻnggi besh yilning bunyodkorlik epkinlari majmua qiyofasiga baxshida etgan oʻzgarishlarning guvohi boʻldi.

Jurnalistlar uchun dunyo konchiligining moʻjizasi - «Muruntov» koniga qilingan safar ham ayni muddao boʻldi. Ular, shuningdek, 7-gidrometallurgiya zavodida ham boʻlib, rudadan oltin ajratib olishning noanʼanaviy texnologiyasi bilan tanishdi.

Mediaforum yakunida “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ Bosh direktori, Oʻzbekiston Qahramoni Quvondiq Sanaqulov ishtirokchilarni mamlakatimiz Prezidenti tashabbuskori boʻlgan Navoiy kon-metallurgiya kombinatini rivojlantirishning 2026-yilgacha moʻljallangan dasturini muvaffaqiyatli roʻyobga chiqarish doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdi. Taʼkidlandiki, ayni hisob-kitoblarga koʻra dasturni ikki yil avval yakunlash choralari koʻrilib, bir qator yangi quvvatlarni ishga tushirish natijasida mahsulot ishlab chiqarish hajmini karralarga koʻpaytirish rejalashtirilmoqda.

Tadbir nihoyasida Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyi badiiy jamoalari ijrosida katta konsert dasturi namoyish etilib, mediaforumning faol ishtirokchilari esdalik sovgʻalari bilan ragʻbatlantirildi.

Temur ESHBOYEV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?