Besarang mahallasining ertagi qovuni: mahalliy tomorqalardan jahon bozorigacha
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Toshloq tumanining Besarang mahallasi aholisi intensiv usulda ertapishar qovun yetishtirish orqali yurtimiz va xorij bozorlarini zabt etmoqda.
Ayni paytda mahalladagi 55 gektar tomorqalarda Niderlandiyadan olib kelingan, serhosil va uzoq masofaga tashishga yaroqli ertapishar qovun navining hosili yetiladi. Xaridorgir qovunlar mahallaning oʻzida tashkil etilgan bozor orqali Fargʻona vodiysidagi bozorlarga yetkazilmoqda. Shu bilan birga, qoʻshni respublikalar va Rossiyaga ham eksport ishlari boshlangan.

“Besarang” MFY raisi Dilmurod Qosimovning taʼkidlashicha, mahallada qovun yetishtirish asosiy drayver yoʻnalish sifatida belgilangan. Har bir oila tomorqasida qovun parvarishi orqali yiliga oʻrtacha 75–120 million soʻmgacha daromad olmoqda.
Qovundan soʻng tomorqalarga karam, bulgʻor qalampiri, pomidor-bodring, turli koʻkatlar ekilishi, shuningdek bogʻdorchilik va chorvachilik bilan shugʻullanish aholining qoʻshimcha daromad manbaiga aylangan.

— Bundan toʻrt-besh yil oldin Niderlandiyaning jahon bozorida mashhur ushbu navini ilk bor oʻz tomorqamda ekib, sinov-tajriba oʻtkazganman, — deydi mahalladagi eng mirishkor tomorqachi Ixtiyor Qamchiyev. — Yangi nav mahalliy iqlim sharoitga tez moslashib, dehqonchilikda mahalla timsoliga aylandi.
Uning soʻzlariga koʻra, bu yil 20 sotix yerda yetishtirgan qovuni allaqachon pishib, har kuni oʻrtacha 500–700 kilogrammgacha hosil yigʻib olinmoqda. Mahalladagi bozorda esa qovunning narxi kilosi 7–8 ming soʻmdan baholanmoqda.

Yangi tajribaga intiluvchan fermer joriy yilda Niderlandiyaning yana bir navini sinayotganini, maqsad esa — kelgusida mahallaning “Besarang” brendi ostida yangi qovun navini yaratib, uni jahon bozoriga chiqarish ekanini maʼlum qildi.
Aytish joiz, hozirda Besarang mahallasida 1000 dan ortiq oilada 4226 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallaning tashabbuskor va mehnatsevar aholisi tufayli qishloq xoʻjaligida yangi yutuqlar sari dadil qadam tashlanmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring