Belbogʻli kurash boʻyicha birinchi Yevropa chempionati oʻtkazildi

17:57 14 Oktyabr 2021 Sport
885 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Ukrainaning Lvov shahrida ilk bor belbogʻli kurash boʻyicha erkaklar va ayollar oʻrtasida Yevropa chempionati boʻlib oʻtdi.

Unda 100 nafarga yaqin polvonlar 65kg, + 65, 90, +90 kg vazn toifalarida sovrinli oʻrinlar uchun kurash olib bordi. Eʼtiborli jihati, musobaqada hakamlar belbogʻli kurashda qoʻllaniladigan atamalarni sof oʻzbek tilida talqin etishdi.

Yevropa chempionatining yakuniy natijalariga koʻra, umumjamoa hisobida polshalik sportchilar birinchi, mezbon sportchilar ikkinchi va litvalik polvonlar uchinchi oʻrinlarni band etishdi. Har bir vazn toifasida kuchli uchlikdan joy olgan polvonlar jahon belbogʻli kurash assotsiatsiyasi tomonidan diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan mukofotlandi.

Musobaqada hamyurtimiz, xalqaro toifadagi hakam Neʼmatulla Toʻychiyev bosh hakam vazifasida ishladi.

Shuningdek, Ukrainaning Lvov shahrida Ukraina belbogʻli kurashi boʻyicha ham jahon chempionati boʻlib oʻtdi. Ushbu jahon chempionatida toʻrt nafar sportchilarimiz ham munosib ishtirok etishdi. 16 ta davlatdan 200 nafarga yaqin atletlar ishtirok etgan ushbu jahon chempionatining klassik va erkin yoʻnalishlarida ishtirok etgan Rustam Umarov (+90 kg.) oltin medal, Muzaffar Soibboyev (-90 kg.), Latifjon Badalov (+90kg.) hamda Sahobat Sheraliyeva (+65 kg.) bronza medallarini qoʻlga kiritdi.

Taʼkidlash joiz, ushbu chempionat Jahon belbogʻli kurash assotsiatsiyasining koʻmagi ostida oʻtkazildi va mazkur assotsiatsiya joriy yilning 27-sentyabr sanasida Litva davlatining Vilnyus shahrida rasman Yevropa Ittifoqidan roʻyxatdan oʻtkazilgan.

Yevropa chempionati doirasida Jahon belbogʻli kurash assotsiatsiyasining kongressi ham boʻlib oʻtdi. Kongressda Jahon belbogʻli kurash assotsiatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga oid axborotlar tinglandi,  tashkiliy masalalar hamda ijroiya qoʻmitasi safini koʻpaytirish, Osiyo va Pan-Amerika belbogʻi kurash federatsiyalarini ochish xususida ham kelishib olindi. Demak, milliy sport turimiz boʻlgan belbogʻli kurash boʻyicha ilk bor Yevropa chempionatining oʻtishi tarixiy voqea boʻlib, kongressda federatsiyalar sonini koʻpaytirishga kelishib olingani milliy belbogʻli kurashimizning yer kurrasi boʻylab yana ham keng ommalashayotganidan darak beradi.

Yevropa chempionati va ukraincha belbogʻli kurash boʻyicha jahon chempionati hamyurtimiz — Jahon belbogʻli kurash assotsiatsiyasi rahbari sanalgan Azizbek Ganiyev koʻmagi ostida tashkil etildi.

Shuningdek, chempionatda assotsiatsiya rahbarlaridan sanalgan Moʻmin Muratov hamda Oʻzbekiston belbogʻli kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov ham ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?