Behbudiy merosiga bagʻishlangan ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxoʻja Behbudiyning hayoti va ibratli faoliyati, ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish va keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Samarqand viloyati pedagogik mahorat markazida Mahmudxoʻja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bagʻishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi. Unda professor-oʻqituvchilar, tarixchilar, behbudiyshunos izlanuvchilar, taniqli jurnalistlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Dastlab Mahmudxoʻja Behbudiy byusti poyiga gullar qoʻyildi, markaz hovlisiga koʻchatlar oʻtqazildi.
Ilmiy-amaliy konferensiyada viloyat hokimining oʻrinbosarlari Rustam Qobilov va Husan Toʻxtayev, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev, tarixchilar, olimlar va buyuk ning evarasi Shohruh Behbudiy Mahmudxoʻja Behbudiy hayoti, avlodlarga qoldirgan boy maʼnaviy merosi haqida soʻz yuritdi.
Taniqli adib va jurnalist F.Toshev Mahmudxoʻja Behbudiyning ilmiy merosi xususida fikr yuritib, maʼrifatparvar bobomiz hayoti va faoliyati bilan bogʻliq yangi maʼlumotlar bilan koʻpchilikni tanishtirdi.
— Davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan qarorida mujassam boʻlgan gʻoyalar mazmun-mohiyati Behbudiy gʻoyalariga hamohangdir, — dedi F.Toshev. — Mahmudxoʻja Behbudiyning xalqparvarlik, vatanparvarlik, maʼrifatparvarlik yoʻlidagi keng koʻlamli faoliyati har jihatdan ibrat, hurmat va eʼtiborga loyiq. Negaki, oʻz davrining haqiqiy ziyolisi, ulugʻ maʼrifatparvarning gʻoyalari millat fidoyilarini hurlik, taraqqiyot yoʻlida birlashtirgan.
Tadbirda Samarqand viloyat musiqali drama teatrida fevral oyida ulugʻ allomaning “Padarkush” dramasi qayta sahnalashtirilishi maʼlum qilindi. Ushbu sahna asari yurtimizdagi barcha teatrlarda namoyish etiladi. Samarqand shahridagi Mahmudxoʻja Behbudiy uy-muzeyiga ham yil davomida keng jamoatchilik, talaba va oʻquvchi-yoshlar, yosh ijodkorlarning safarlari uyushtiriladi.
Konferensiyada Mahmudxoʻja Behbudiyning avlodlari ham soʻzga chiqib, ulugʻ maʼrifatparvarning ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganish borasida amalga oshirilayotgan ishlardan mamnunligini bildirishdi.
Tadbir qatnashchilari Samarqand shahridagi Mahmudxoʻja Behbudiy uy-muzeyida ham boʻlib, buyuk ajdodimiz hayoti va faoliyatiga oid qimmatli maʼlumotlar, muzeydagi joriy taʼmirlash, reekspozitsiya va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Konferensiya ishtirokchilari tomonidan Behbudiy ijodi, hayot yoʻlini puxta oʻrganish lozimligi, tadbirlar koʻlamini yanada kengaytirish boʻyicha takliflar oʻrtaga tashlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring