“Begobod” MFYda ish boshlagan IT markazda joriy yilda 200 nafardan ziyod yoshlarning raqamli bilim va koʻnikmalari oshiriladi
Ayni paytda Fargʻona viloyatining har bir shahar-tumanida bittadan mahalla tanlab olingan boʻlib, belgilangan reja asosida jahon andozalari darajasida IT shaharcha hamda raqamli taʼlim markazlari qurilishi ishlari jadal davom etmoqda.
Uchkoʻprik tumanining “Begobod” MFY hududida ish boshlagan IT markaz bu boradagi izchil saʼy-harakatlarning amaldagi yana bir samarasidir. Ezgu tashabbus doirasida oʻtgan qisqa vaqt mobaynida mahallada zamonaviy infratuzilmaga ega boʻlgan kamxarj va energiya tejamkor bino qad rostladi. Natijada axborot texnologiyalari sohasida yuksak mahoratga ega yangi avlod mutaxassislari ishga jalb etilib, mehnat bozorida raqobatdosh yosh kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

—IT markaz 8 ta yoʻnalishda faoliyat olib boradi,—deydi Uchkoʻprik tumani hokimi oʻrinbosari Abbosxon Ahmedov.—Xususan, 3D modellashtirish, dasturlash, sunʼiy intellekt, dizayn grafikasi, robototexnika yoʻnalishi shular jumlasidandir.
Yangicha yondashuvlar asosida faoliyat olib boruvchi bunday yoʻnalishlar yangi avlod vakillarining ilmiy va ijodiy salohiyatini yuksaltirish, innovatsiya gʻoyalarini faol qoʻllab-quvvatlash imkonini beradi. Nazariy bilimlarni amaliy koʻnikmalar asosida rivojlantirish orqali dasturiy mahsulotlar jahon bozoriga eksport qilinadi. Ayni maqsadda axborot texnologiyalari sohasida poytaxtdagi va xorijdagi nufuzli ilmiy-amaliy markazlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

Eʼtiborlisi, istiqbolli loyihani bir necha bosqichda hayotga tatbiq etish va yildan-yilga faoliyat koʻlamini kengaytirib borish koʻzda tutilmoqda. Birinchi bosqichda markazning oʻquv va amaliy mashgʻulotlar xonalariga eng soʻnggi rusumdagi 40 ta zamonaviy kompyuter jihozlari oʻrnatildi.

Birgina joriy yilning oʻzida “Bir million dasturchi” hamda “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi orqali 200 nafardan ziyod uchkoʻpriklik yigit-qizlarning bu boradagi amaliy bilim va koʻnikmalari oshiriladi. Shuningdek, iqtidorli yoshlar axborot texnologiyalari boʻyicha mahalliy va xorij mehnat bozorida yuqori daromadli kasblarga oʻqitiladi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Aholi va qishloq xoʻjaligini onlayn roʻyxatga olish boshlanishiga 3 kun qoldi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring