Bedor oʻy. Hamjihatlik hikmati

Insonning tabiati qiziq. Ozgina salbiy hissiyotdan taʼsirlanib, tushkunlikka beriladi. Yoki jimitdek yorugʻ nuqta paydo boʻlsa, birdan koʻngli yorishib, hayotga oʻzgacha kayfiyat, umid va ishonch tuygʻulari bilan boqa boshlaydi.
Ayniqsa, tabiatdagi oʻzgarishlar inson tabiatiga ham taʼsir oʻtkazadi. Masalan, ertalab koʻzingizni ochishingiz bilan derazadan tashqariga qaraysiz. Havo bulutliroq boʻlsa, kayfiyatingiz biroz buzilib, dilgirlik paydo boʻladi. Agar ochiq boʻlsa, oʻzingiz ham bilmagan holda, labingizga tabassum yuguradi, darrov oʻrningizdan turib, nedir bir harakatlarga imlab ketasiz.
Mana, bir-ikki kundan beri bobo quyoshning magʻrur chiqib, hamma yoqqa moʻl-moʻl qilib, saxovat bilan nurini toʻkayotgani hammaning ruhiyatiga ijobiy taʼsir qilmoqda. Nurni koʻrgandanoq, tanaga bir kuch-quvvat ingandek boʻladi. Qoni joʻshadi, gʻayrati oshadi kishining. Nimalardir ijod qilgimiz, yaratgimiz keladi.
Bugungi kunda koronavirus pandemiyasi sabab odam balki tabiat qoʻyniga chiqib, bemalol aylana olmas, lekin har birimiz kichik hovlimizda bunyod etish, mehnat qilish shavqini namoyon qilishimiz mumkin. Istasak, hatto torgina xonamizda ham oʻsha muhitni yarata olamiz. Kichkinagina bir tuvak olib, unga rayhon yoki boshqa koʻnglimizga xush yoqadigan biror gul eksak, kayfiyatimiz qanaqa koʻtariladi?! Ana shu koʻzimizni yashnatib, qalbimizni goʻzallikka oshufta etib turgan bir gulda ham bahorning butun tarovati, moʻjizasi boʻy koʻrsatadi.
Shu maʼnoda, zarrin quyosh nurlari, musaffo osmon, koʻklamning iliq shabadalari dilimizga bir yorugʻlik olib kirmoqda. Kecha xavotir va xadik bilan yurgan odamlarning bugun ruhi tetik, kayfiyati koʻtarinki ekani yuz-koʻzida, gap-soʻzlarida, xatti-harakatida namoyon boʻlmoqda. Eng muhimi, inson hayotni boshqacha idrok qilmoqda. Oʻzini qaytadan kashf etyapti.
“Oʻz vujudingga tafakkur aylagil, Har ne istarsan, oʻzingdan istagil”, deydi hazrat Navoiy. Odam oʻzini anglagani sari yuksalaveradi. Katta maqsadlarni oldiga qoʻyib qadam tashlaydi. Inson mana shu hayotsevarlik tuygʻulari bilan inson. U shu his bilan yaratadi, bunyod etadi, tabiatni yashnatadi, jamiyatni gullatadi.
Aslida, mamlakatimizda boʻlayotgan oxirgi yillardagi oʻzgarishlar, yangilanishlar hammamizda ana shunday bunyodkorlik ruhini uygʻotdi. Odamlarning ongu dunyoqarashi oʻzgarib, el-yurt taqdiriga daxldorlik hissi ortib bormoqda. Bu nimadan? Bu yurtdoshlarimizning ertangi kunga ishonchidan, albatta.
Prezidentimiz koronavirus bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha bir necha marta xalqqa murojaat qildi. Har bir murojaat hamyurtlarimizga nekbinlik baxsh etdi. Insonlarda bu sinovli kunlar oʻtadi, hayot davom etmoqda, kelajak rejalar, istiqbol haqida oʻylashimiz kerak, degan fikr barqarorlashdi.
Mana, dala-dashtlarda ishlar boshlanib ketdi. Har kuni televideniyeda ham koʻrsatilmoqda: dehqonlarimiz astoyidil ziroat ishlariga kirishgan, mevali daraxtlar, oziq-ovqat mahsulotlari ekilmoqda, ertangi dasturxonimizni toʻldiradigan neʼmatlar hozirlanmoqda. Hayot davomiyligi, yangilanish, yasharish, uygʻonishni ifodalaydigan, odamni oldinga boshlaydigan manzaralar...
Karantin yurtdoshlarimizga shunday bir imkoniyatlar ham tuhfa etdiki, vaqti bilan oʻqirman, deb bir chekkaga surib qoʻyilgan kitoblarni yana bugun qoʻlga oldik. Mutolaa bulogʻidan qonib-qonib suv ichyapmiz.
Prezidentimiz faoliyatining ilk kunlaridanoq kitobxonlik masalasini ilgari surib, davlat siyosati darajasiga koʻtardilar. Endi kitobxonlik shunday bir ommaviy tus oldiki, Allohga ming qatla shukr, biz hech birovning tazyiqisiz, birovning talabisiz, majburlashisiz kitobga qaytdik. Kitobni hayotimizning bir tarkibiy qismi sifatida qabul qilyapmiz. Juda koʻpchilikning, ayniqsa, yoshlarning qoʻlida kitob koʻrganda yayrab ketasiz. Sir emas, yaqingacha kitob desa, faqat darsliklarni tushunib yurishdi-da bu yoshlar. Bugun ular badiiy kitoblarni ham oʻzlariga doʻst tutishmoqda. Badiiy kitob qanaqa olamlarga yetaklashini oʻqigani sari tushunib boryapti ular. Shu maʼnoda kitobga qaytish juda ham bir ulugʻ ish boʻldi.
Kitoblar, hayotimizda kechayotgan voqea-hodisalar insonni katta bir haqiqatlarga yetaklaydi, katta mushohadalarga undaydi. Odatda, tabiat, jamiyatdagi mana shunday oʻzgarishlar paytida daho sanʼatkorlar yetishadi, bebaho asarlar paydo boʻladi. Bugungi voqeliklar — bizning adabiyot, sanʼatimiz uchun ham nihoyatda katta ilhom manbai. Qayerga qaramang, ijodkorlarimiz uchun yonib yozadigan mavzular. Yoki kino uchun, spektakllar uchun asos boʻladigan voqea-hodisalar. Qahramonlarni hayotning oʻzi tarix sahnasiga chiqarmoqda. Masalan, bugun shifokorlar oʻz kasbiga sodiqlik, jasorat va matonat namunalarini koʻrsatmoqda. Xoʻsh, ularda bunday kuch, shijoat, gʻayrat qanday uygʻondi?
Nazarimda, bu jarayon bundan uch yarim yil avval boshlangandi. Prezidentimiz mamlakat rahbari sifatidagi dastlabki yigʻilishlarini aynan tibbiyotga bagʻishladi. Sohadagi muammo va kamchiliklar muhokama etildi. Davlatimiz rahbari sogʻliqni saqlash tizimida anchagina xunuk manzaralar borligini aytib, dildan kuyunib, uni tubdan isloh qilishimiz kerak, degan fikrni ilgari surdilar va oʻnlab Farmon hamda qarorlar, hujjatlar qabul qilindi. Mana — natijasi! Sohada izchillik bilan amalga oshirilgan ishlar besamar ketmadi. Avvalo, tibbiyot xodimlarining ongu tafakkuri oʻzgarishiga xizmat qildi. Bugun aynan shifokorlar hammamizning koʻz tikkan bir panohimizday boʻlib qoldi. Bu oʻrinda, ularning fidoyiligini faqatgana oʻz kasbiga sodiqlik qasamyodi bilan bogʻlamagan boʻlardim. Insonda Vatan, millat, insonparvarlik, achinish, hamrozlik, xayrixohlik tuygʻulari boʻlmasa, necha marta qasam ichsa ham undan naf boʻlmaydi. Aynan millatdoshlik, vatandoshlik, xayrixohlik tuygʻulari bugun shifokorlarimizni yuzaga olib chiqdi.
Chet mamlakatlarda kuzatyapmiz, ommaviy axborot vositalari orqali koʻryapmiz: tibbiyot xodimlari “Men oilamni, bola-chaqamni xavfga qoʻya olmayman”, deb ishdan boʻshab ketmoqda. Oʻziga boshqa kasb tutmoqda. Bundaylar bizda ham uchrashi mumkin. Guruch kurmaksiz boʻlmaydi. Lekin aksariyat shifokorlarimiz — erkagu ayollar bola-chaqasini qoʻyib, oilasini qoʻyib, birinchi navbatda, bemorlarga yordam berish kerak, odamlarni sogʻu omon saqlasak, mening oilamga ham, farzandlarimga ham shuning yaxshiligi, barakasi, maʼnaviy bir yolqinlari keladi-ku, degan oʻy, maqsad, tuygʻu bilan koʻrinmas yov — xavfli infeksiyaga qarshi kurashga otlanmoqdalar. Ularni qalb boshqarmoqda, Vatan, millat tuygʻusi oldinga undamoqda. Mana shu tuygʻularning hammasi bugun adabiyot, sanʼatning mulkida. Bugungi qahramonliklar sheʼru qoʻshiqlarga solinsa, qissayu hikoyalarga koʻchsa, teatr sahnalari, kinoerkanlarga chiqsa, bu tuygʻular dildan dilga, tildan tilga, avloddan avlodga oʻtib, xalqning maʼnaviy qiyofasiga aylanadi.
Ana shu kayfiyat, ana shu tuygʻular hayotga, ona tabiatga muhabbatimizni toblamoqda, desak yanglishmaymiz. Avvallari borliq chiroy ochgan mana shunday goʻzal pallalarda dam olish bahonasida tabiat qoʻyniga chiqardigu maza-bemaza oʻtirishimiz bilan lolazorlarni, qid-adirlarni payxon qilib kelardik. Bugun, ayniqsa, uyda oʻtirgan odam bitta giyohning ham hidiga mahtal boʻlganda oʻzining avval qilgan ishlariga ozgina boʻlsa-da xijolatlik sezishi aniq. Bugunimiz har lahzaning, jonli, jonsiz narsalarning qadriga yetishimiz lozimligini anglatmoqda.
Inson dunyoga farishtadek boʻlib keladi. Lekin yaxshi inson boʻlib qolish uchun u doim kurashib yashashi, izlanishi, ilmga oshno boʻlishi kerak. Mana shunday sinovli kunlar qaysidir maʼnoda insonni oʻzligiga qaytarmoqda. Ezgulik istab, yaxshilik sogʻinib yashashga daʼvat etmoqda. Masalan, yoshlarimizni olaylik. Yaqinda bir talabaning “aqlli” yuz niqobi ixtiro qilgani koʻplab ommaviy axborot vositalarida yoritildi. Bu ular uyda oʻtirsa-da, onlayn tarzda bilim oʻrganayotgani, kitob oʻqiyotgani, ilmdan uzilib qolmaganidan dalolat. Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi ishlarida koʻngilli ravishda faol ishtirok etayotgan yigit-qizlarni ham alohida taʼkidlash kerak. Bu odamlarning bir-biriga boʻlgan mehr-oqibatini mustahkamlashda nihoyatda katta oʻrin tutadi.
Aslida, insonlikning mohiyati va belgilari, birinchi navbatda, oʻz yaqiningga koʻrsatadigan oqibating, mehring, xayrixohliging. Oʻsha tuygʻular yuksalib, butun odamlarga, jamiyatga nisbatan mehr-muhabbatga aylanadi. Bugungi sinovli damlar shunga oʻrgatyaptiki, inson deb atalgan har bitta odam hurmatga loyiq. Allohki til, tafakkur, qalb neʼmatlarini beribdimi, shuncha himmat koʻrsatibdimi, nega banda boʻlib biz oʻsha insonga muruvvatli, marhamatli boʻlmasligimiz kerak?!
Ayni kunlarda yoshlarimizning boshqa kishilarga koʻrsatayotgan yordami, homiylarning xayr-ehsonlari xalqimizda mana shunday ulugʻ tushunchalar tobora qadriyatga aylanib borayotganini koʻrsatadi.
Bugun butunlay yangi zamonda yashayapmiz. Prezidentimiz rahbarligida Oʻzbekistonning yangi qiyofasi bunyod etilmoqda. Qanchalik qiyin va ogʻir boʻlmasin, bugungi murakkab davrda ham mamlakatimiz oʻz tanlagan yoʻlidan sobitqadamlik bilan dadil oldinga intilmoqda. Xalqimizning yana nurli manzillarga chiqib olishi, jahon ayvonida yorugʻ yuz bilan mardonavor odimlashimiz bugun har birimizning qilayotgan ishlarimizga, mehr-oqibatimizga, sabr-bardosh va matonatimizga bogʻliq.
Oʻzbekiston Qahramoni Erkin Vohidovning quyidagi satrlari fikrlarimizni loʻnda ifodalaydi:
Yangi asr, yangi davronda,
Nizolarga toʻla jahonda,
Zoʻrlar toʻqnash kelgan makonda,
Oʻzbek boʻlish oson emasdir.
Bu idroku farosat asri,
Kurash asri, jasorat asri,
Sabru bardosh, matonat asri,
Oʻzbek boʻlish oson emasdir.
Vatanida yangi bir vatan,
Qurayotir oʻzbek qaytadan.
Oson emas, takror aytaman,
Oʻzbek boʻlish oson emasdir.
Shuhrat RIZAYEV
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abror Bakirov vafot etdi
- Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Oksana Chusovitina Jahon kubogida kumush medalga sazovor boʻldi
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- Toshkentda kriket boʻyicha trenerlar tayyorlashning ikkinchi bosqich oʻquv-seminari oʻtkazilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring