​​​​​​​Bedana boqib boyish mumkinmi?

12:37 16 Fevral 2026 Jamiyat
241 0

“Bedana, bedana, sayra bedana...”. Darhaqiqat, mashhur qoʻshiqda aytilganidek, bedana xonishi juda ham yoqimli. Ammo bu oila aʼzolari shunchaki bu qushning ovoziga mahliyo emas, bedana parvarishi orqali moʻmaygina daromad olishning hadisini olgan.

Toshloq tumanining “Arabmozor” MFYda yashovchi Ilhomjon Madgʻoziyevlar oilasi barcha mahalladoshlari kabi tomorqachilik mirishkori. Ayni paytda xonadon tomorqasidagi issiqxonada sitrus meva – limon yetishtiriladi. Oʻtgan yildan tomorqaning boʻsh yer maydonida bedana boqish yoʻlga qoʻyildi. Hozirda yapon naslli 6 ming bosh bedana boqilyapti. Kuniga oʻrtacha 4,5 ming dona tuxum olinadi. Bir dona tuxumni xonadonning oʻzidan ulgurji narxda 400-450 soʻmdan olib ketishadi. Birgina bedana tuxumining oʻzidan ushbu oila bir oyda 50-55 million soʻm daromadga ega boʻlmoqda.

Qizigʻi, yoqimli kuylaydigan yapon bedanasi qoʻshiq eshitishni xush koʻradi. Shuning uchun ham bu yerda hamisha qadrdon kuy-qoʻshiqlar jarang sochib turadi.

Oʻtgan yili “Agrobank”ning Toshloq tumani filialidan biriktirilgan mahalla bankiri Shahnoza Mallaboyeva koʻmagida mazkur oilaga 25 million soʻm imtiyozli kredit ajratilgan edi. Bu mablagʻ evaziga sanoat usulida bedana boqishga moʻljallangan kichik sex bunyod etildi. Oziqlantirish, kasalliklarga qarshi profilaktika vositalari xarid qilindi.

—Bu yil 50 ta mikroloyihani amalga oshirish, 2 milliard 300 million soʻm imtiyozli kredit ajratish hisobiga 130 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan,—deydi “Arabmozor” MFY hokim yordamchisi Muhammadjon Sayfullayev.—Xususan, mazkur oila tajribasi asosida mahallada bedana boqishni drayver sohalardan biriga aylantirishni ham maqsad qilganmiz.

Taʼkidlash joizki, 6 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladigan “Arabmozor” MFY tumandagi eng mirishkor mahallalar sirasiga kiradi. Bugungi kunda 750 dan ortiq xonadonda issiqxonalar barpo etilgan. Yaqin kunlarda issiqxonalarda pishadigan pomidor-bodring, bulgʻor va achchiq qalampir, rediska, turli koʻkatlar ichki bozorga chiqariladi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер