Bavariyada qadr topgan oʻzbek yigiti

15:40 04 Mart 2026 Jamiyat
226 0

Besh yildirki, Germaniyada oddiy ishchi yo xizmatkor emas, balki zamonaviy chorvachilik fermasida (Herdenmanager) boshqaruvchi lavozimida ishlab kelayotgan Oybek Rizayev bilan internet tarmogʻida bogʻlandik va u yoshlarga ibrat boʻlsin, degan maqsadda oʻz faoliyati xususida quyidagilarni soʻzlab berdi.

-Bilasizmi, Germaniya Yevropaning iqtisodi rivoj topgan davlati, bu mamlakatning dunyodagi salohiyati ham yuqori. Holbuki, 80-yil ilgari urush tufayli butkul vayron boʻlgan, xarobaga aylangan mamlakat edi. Qisqa fursatda butkul qayta tiklangan, yuksalgan. Germaniyani beqiyos darajada rivojlantirgan ham begona emas, shu yerlik nemislar. Bu xalq hamon oʻz qoidalari bilan yashab, taraqqiy etyapti. Masalan,Bavariyadagi “Michael Ströhl” deb atalgan fermer xoʻjaligining 100 gektar yeri, 300 bosh zotli qoramollari bor. Shuning yuz boshi sogʻin sigirlar, kuniga ikki karra sogʻiladi va har biri kamida 32 litrdan sut beradi. Mahsulotning yogʻlilik darajasi 4,16 foizdan, oqsili 3,57 foizdan yuqori. Albatta bu juda yuqori koʻrsatkich va shunga yarasha jonivorlarga ozuqa beriladi. Bu kichik fermadagi erishilgan yutuq. Germaniyadagi barcha korxonayu firmalarda ham yangidan yangi oʻzgarishlarni kuzatasiz. Goʻyo bu mamlakatda innovatsiya va texnologiya degani qaynar buloq singari paydo boʻlaveradi.

Baʼzan oʻrtoqlarim qoʻngʻiroq qilganda boshligʻim Mixayel bilan daladamiz, ikkovimiz ikkita traktorni minvolib ishlayapmiz, soʻng fermaga ketamiz,xoʻjalikda boshqa odam yoʻq, desam, boʻlmagan gap deyishadi. Rosti ham shu. Axir bir oylik daromadim 4 ming yevrodan baland, ishning mashaqqatidan koʻra, zavqi zoʻr. Boshligʻim Mixayel kamtar va diyonatli inson, u yerga ishlov berish uchun nima texnika zarur boʻlsa barini yigʻib kelgan. Har kuni kechqurun ikkovimiz ertangi ishlarni rejalashtirib olamiz. Tizim toʻliq kompyuterlashgan, zamonaviy texnologiya ferma hayotiga shu qadar chuqur kirib borganki, hayratingiz oshadi. Agar bir kun kelib kindik qonim toʻkilgan Andijonga qaytsam har qancha qiyinchilik yo toʻsiqlar boʻlmasin, albatta shu texnologik jarayonni joriy etaman. Chunki mahsuldorlik, yuqori sifat va naslchilik yoʻnalishidagi erishilgan yutuq chorvadorga zavq beradi. Mixayel shu kunlarda menga qattiq ishonib qolgan. Aftidan u oʻtgan davr ichida meni sinab koʻrdi ish jarayonida, qayta va qayta. Traktormi, uskunami, kompyutermi yo texnologik jarayonlarmi tezda oʻzlashtirib oldim. Hatto nemis tilini Bavariya shevasida talaffuz qilishim ham Mixayelga yoqadi. U gapimdan zavqlanib ketgan chogʻlarda Andijonga borish niyatida ekanligini eslatadi. Shunday chogʻlarda beixtiyor insonning mehnatsevarligi, bilimi, oʻqish-oʻrganishga oʻchligi va xorijiy tilni mukammal egallashi uni har qanday jamoada hurmat qozonishini taʼminlaydi, degan hayol koʻnglimdan oʻtadi. Aslida bu sohani bejiz tanlaganim yoʻq. Yoshligimdan chorvaga mehr qoʻyganman. Andijonda, soʻng ToshDAUda oʻqidim,magistr diplomini olgach, turli tashkilotlarda mehnat qildim. Nemis tilini oʻrganish men uchun Bavariyaga yoʻl ochdi. Ayni paytda butun fikru hayolim doktorlik dissertatsiyasida. Fermada ham ishlab ham ilmiy tadqiqotlar olib boryapman. Ilmiy nashrlarda maqolalarim chop etilyapti. Rosti dissertatsiya yozishga meni bavariyalik doʻstim Mixayel ruhlantirdi, “Aqling butun ekan, ilm qil, biz senga sharoit yaratib beramiz,” dedi. Nasib etsa, nemis tilida yozilgan tadqiqotimni Bavariyadagi ilmiy markazda himoya qilsam mutaxassis sifatida nufuzim yanada oshadi. Xullas orzular bir olam. Sizga ham maslahatim shu orzu qilishdan ham, unga yetish uchun harakatdan ham aslo toʻxtamang.

- Omad yor boʻlsin, sizga.

Abdunabi Aliqulov “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?