“Barselona” Londondan magʻlubiyat bilan qaytdi, “Bayer” “Manchester Siti”ni ishonchli hisobda yuta oldi
Kecha, 25-noyabr kuni Yevropa chempionlar ligasi musobaqasining 3-tur oʻyinlari start oldi. Kun doirasidagi muhim bahslarga alohida toʻxtalib oʻtamiz.
“Barselona” Londonda magʻlubiyatga uchradi
“Barselona” klubi shu vaqtga qadar 8-marta “Stemford Brij”da mehmon boʻlgan boʻlsa, ushbu oʻyinlardan faqat bittasida gʻalaba qozongan. 2009-yildagi mashhur bahs esa hali hamon muxlislar yodidan chiqmagan — oʻshanda “Chelsi” hakam xatolari sabab finaldan quruq qolgandi. Qisqasi, Londondagi “Stemford Brij” stadioni “koʻk-anorranglilar” uchun doim ham omadli boʻlib kelmagan. Bu gal ham anʼana davom etdi.
Oʻyin oldidan har ikki jamoada jiddiy yoʻqotishlar bor edi. “Chelsi” safida Koul Palmer, Rahim Sterling, Levi Kolvill bahsni oʻtkazib yubordi. “Kataloniyaliklar” safida esa Mark-Andre ter Shtegendan tashqari Pedri va Gavi ham maydonga tusha olmadi.
Himoyachilar safga qaytganiga qaramay, “Barselona”ning aynan mudofaa chizigʻi bu magʻlubiyatda asosiy aybdor boʻldi.
Uchrashuvda hisob 27-daqiqada ochildi. Kukurelya qanotdan kirib borib toʻpni markazga uzatdi va bu vaziyatda himoyada turgan Jyul Kunde oʻz darvozasiga toʻp kiritib qoʻydi. 44-daqiqada esa Ronald Arauxo qoʻpol oʻyin sabab maydondan chetlatildi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimda 10 kishi boʻlib harakat qilgan mehmonlar asosan qarshi hujumlarga suyandi. “Chelsi” esa qamalini susaytirmadi va 55-daqiqada hisobni 2:0 koʻrinishiga keltirdi. Balde va Kubarsini ortda qoldirgan Estevao toʻpni darvozaga yoʻlladi.
73-daqiqada oʻyindagi soʻnggi gol kiritildi — zaxiradan tushgan Liam Delap ham oʻz hisobiga bitta gol yozib qoʻydi. Shunday qilib, “Barselona” yana bir bor oʻzi uchun xosiyatsiz boʻlgan arenada yirik magʻlubiyatni qabul qilib oldi.
“Chelsi” — “Barselona” 3:0
Gollar: Kunde 27 (avtogol), Estevao 55, Delap 73
“Chelsi”: Sanches, Gusto (Andrey Santos, 46), Fofana, Chaloba, Kukurelya, Jeyms, Kaysedo, Estevao (Jorj, 84), Fernandes, Garnacho (Delap, 59), Netu (Gittens, 76)
“Barselona”: Joan Garsiya, Erik Garsiya, Kunde, Balde (Jerar Martin, 79), Arauxo, Kubarsi, Ferran (Reshford, 46), Levandovski (Rafinya, 62), Fermin Lopes (Kristensen, 62), De Yong, Yamal (Olmo, 80)
Ogohlantirishlar: Gusto 40, Mareska 52 — Arauxo 32
Chetlatish: Arauxo 44 (ikkinchi sariq kartochka)
“Yuventus”dan navbatdagi gʻalaba
Tur doirasidagi yana bir bahsda “Yuventus” klubi “Budyo-Glimt” mehmoni boʻldi. Ammo oʻtgan mavsumda sensatsiya yaratgan norvegiyaliklar bu gal ham Italiya grandiga munosib qarshilik koʻrsata oldi.
Zarba statistikasi deyarli teng boʻlgan boʻlsa-da, aniq zarbalar boʻyicha Luchano Spaletti shogirdlari ustunlik qildi. Bunga “Budyo-Glimt” posboni Nikita Haykinning 12 ta seyvi ham dalil.
Uchrashuvda hisob 27-daqiqada ochildi — Ole Didrik Blumberg mezbonlar safidan toʻp kiritdi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobida yakunlandi.
48-daqiqada Lois Openda hisobni tenglashtirdi. Oradan 10 daqiqa oʻtib, Veston Makkenni “Yuventus”ni 2:1 hisobida oldinga olib chiqdi.
87-daqiqada soʻngida Sondre Fet penaltidan gol urib, hisobni 2:2 qildi.
Barcha narsa durangga oʻxshab borayotgan edi, ammo 90+1-daqiqada Jonatan Devid gʻalaba toʻpini kiritdi. Yakuniy hisob — 2:3 “Yuventus” foydasiga.
“Budyo-Glimt” — “Yuventus” 2:3
Gollar: Blumberg 27, Fet 87 — Openda 48, Makkenni 59, Devid 90+1
“Yuventus”: Perin, Kopmeyners, Kelli, Kalulu, Lokatelli, Adzich (Yildiz, 46), Miretti (Tyuram, 68), Konseysau (Jegrova, 83), Kambyazzo (Kabal, 75), Makkenni, Openda (Devid, 75)
“Manchester Siti” Germaniyada magʻlub boʻldi
“Manchester Siti” yaqin 5–6-yilda Germaniya klublariga qarshi juda koʻplab oʻyinlar oʻtkazdi. Ularning asosiy qismidan jamoa katta ustunlik bilan gʻalaba qildi. Hisob 4:0, 5:0 bilan tugagan oʻyinlarni ham koʻrdik. Lekin bu gal Gvardiola shogirdlari kutilmagan holda oʻz maydonida Leverkuzenning “Bayer” jamoasiga magʻlub boʻldilar.
Ushbu uchrashuv oʻzbekistonlik futbol muxlislari uchun Abduqodir Husanovning asosiy tarkibda maydonga tushib, 65 daqiqa oʻyin oʻtkazgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Uchrashuv oldidan “Manchester Siti” jamoasi tarkibida katta rotatsiyalar amalga oshirildi. Donnarumma, Cherki, Foden, Doku, Holand kabi futbolchilar zaxirada qoldirildi. Ular maydonga tashlangan vaqtda esa oʻyinni qutqarib qolishga kech boʻlgandi.
Uchrashuvda hisob 23-daqiqada ochildi. Kristian Kofanening uzatmasidan soʻng, Alexandro Grimaldo oʻz nomini tabloga yozdirib qoʻydi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobida yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimning 54-daqiqasida hisob ishonchli koʻrinishga yetdi. Ibrohim Mazaning uzatmasidan keyin Patrik Shik jamoasining ikkinchi goliga mualliflik qildi.
Buyogʻiga «manchesterliklar“ qancha harakat qilmasin, oʻyinni qutqarib qolishning iloji boʻlmadi. Yakuniy hisob 0:2, “nemislar“ foydasiga.
“Manchester Siti” — “Bayer” 0:2
Gollar: Grimaldo 23, Shik 54
“Manchester Siti” – Trafford, Abduqodir Husanov (Cherki, 65), Stounz, Ake, Ait-Nuri (OʼRayli, 46), Levis (Foden, 46), Niko, Reynders, Bobb (Doku, 46), Savinio, Marmush (Holand, 65)
“Bayer” – Flekken, Bade, Tillman, Kuansa, Shik, Poku, Grimaldo, Garsiya, Maza, Kofane (Tella, 83), Belosyan.
Ogohlantirishlar: Grimaldo 60, Kofane 78
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring