Barqaror rivojlanish yoʻlidagi yangi bosqich
2025-yil eʼlon qilingan global hisobot nimani koʻrsatmoqda?
Bugungi kunning eng muhim masalalaridan biri — barqaror rivojlanish hisoblanadi. Iqlim oʻzgarishi, kambagʻallik darajasini qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligi, ijtimoiy tengsizlik va ekologik muammolar kabi global tahdidlar jahon hamjamiyatini tashvishga solyapti. Iqtisodiy oʻsish, ijtimoiy adolat va ekologik muvozanatni uygʻunlashtirgan yangi taraqqiyot modelini shakllantirishga undamoqda.
Shu maqsadda 2015-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibi qabul qilindi va unda insoniyat taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlarini qamrab olgan 17 ta Barqaror rivojlanish maqsadlari belgilandi.
2025-yilda eʼlon qilingan Barqaror rivojlanish boʻyicha hisobotda mazkur maqsadlarga erishish jarayonida dunyo davlatlari qanday natijalarga erishgani tahlil qilindi. Hisobot maʼlumotlari shuni koʻrsatmoqdaki, barqaror rivojlanish gʻoyasi global miqyosda keng qoʻllab-quvvatlanayotgan boʻlsa-da, uni amalga oshirish jarayonida hali ham qator jiddiy muammolar saqlanib qolyapti.
BMT maʼlumotlariga koʻra, dunyodagi 193 davlatdan 190 tasi barqaror rivojlanish boʻyicha milliy strategiyalar va dasturlarni qabul qilgan. Bu holat barqaror rivojlanish tamoyillari xalqaro hamjamiyat tomonidan umumiy taraqqiyot yoʻli sifatida qabul qilinganini koʻrsatadi.
Mamlakatlar Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish jarayonida Ixtiyoriy milliy sharh mexanizmi orqali oʻz tajribalari va natijalarini taqdim etmoqda. 2015-yildan buyon koʻplab davlatlar kamida ikki marta milliy sharh taqdim etgan boʻlib, 2025-yil uchun yana 39 ta mamlakat oʻz hisobotini eʼlon qilishni rejalashtirgan. Faqat uch davlat — Gaiti, Myanma va AQSH — ushbu jarayonda ishtirok etmagan. Shuningdek, mahalliy darajada ham barqaror rivojlanish siyosatini baholash uchun Ixtiyoriy mahalliy sharhlar amaliyoti kengayib bormoqda.
Biroq amaliy natijalar barqaror rivojlanishga erishish yoʻlidagi murakkabliklarni ham koʻrsatyapti. Hisobotga koʻra, jahon miqyosida Barqaror rivojlanish maqsadlarining atigi 17 foizigina belgilangan reja boʻyicha amalga oshirilmoqda, qolgan qismida esa sekinlashish yoki orqaga ketish holatlari kuzatilgan.
Ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligi, ekologik muvozanat va bioxilmaxillik, shaharlar infratuzilmasining barqarorligi, adolat va huquqiy institutlar samaradorligi kabi sohalarda jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda. Mutaxassislar tomonidan bu holatga asosiy sabablar sifatida geosiyosiy mojarolar, iqtisodiy inqirozlar, moliyaviy resurslar yetishmasligi hamda iqlim oʻzgarishi keltirilmoqda.
2025-yilgi hisobotga koʻra, barqaror rivojlanish indeksi boʻyicha yetakchilikni asosan Yevropa mamlakatlari saqlab qolmoqda. Xususan, Finlyandiya birinchi, Shvetsiya ikkinchi va Daniya uchinchi oʻrinni egallagan. Germaniya va Fransiya ham yuqori natijalarga erishgan davlatlar qatoriga kiradi.
Bu mamlakatlarda ijtimoiy himoya tizimi, taʼlim va tibbiyot sohalari yuqori darajada rivojlangan boʻlib, davlat boshqaruvida shaffoflik va samaradorlik taʼminlangan. Shunga qaramay, hatto ushbu davlatlar ham barqaror isteʼmol va ishlab chiqarish bilan bogʻliq muammolarga duch kelmoqda.
Sharqiy va Janubiy Osiyo mamlakatlari soʻnggi oʻn yil ichida barqaror rivojlanish boʻyicha eng tez oʻsishni namoyish etmoqda. Masalan, Nepal, Kambodja, Filippin, Bangladesh va Moʻgʻuliston indeksi sezilarli darajada oʻsgan. Shu qatorda Benin, Peru, Birlashgan Arab Amirliklari, Kosta-Rika, Saudiya Arabistoni va Oʻzbekiston ham barqaror rivojlanish boʻyicha jadal taraqqiyotga erishgan mamlakatlar qatoriga kiritilgan.
Quvonarlisi, hisobotda Oʻzbekiston Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mintaqasida barqaror rivojlanish boʻyicha eng tez taraqqiy etayotgan davlatlardan biri sifatida qayd etilgan.
2025-yilgi reytingga koʻra, Oʻzbekiston 167 ta davlat orasida 73,1 ball bilan 19 pogʻonaga koʻtarilib, 62-oʻrinni egalladi. Mamlakatimiz 2015-yildan buyon Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropa mintaqalarida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yoʻlida faol surʼatlarda taraqqiyotga erishgan davlat sifatida eʼtirof etildi. Bu koʻrsatkichlar yurtimizda barqaror rivojlanish sohasidagi islohotlar samaradorligini va jamiyatning faol ishtirokini namoyon etmoqda.
Shu bilan birga, hisobotda barqaror rivojlanishga erishishdagi asosiy toʻsiqlardan biri — moliyaviy resurslar yetishmasligi ham taʼkidlanadi. Dunyo aholisining qariyb yarmi mazkur dasturni amalga oshirish uchun yetarli moliyaviy imkoniyatlarga ega boʻlmagan davlatlarda yashaydi. Ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlardagi tashqi qarzlarning ortishi, investitsiya resurslarining cheklangani, xalqaro moliyaviy tizimdagi tengsizlik kabi muammolarga duch kelmoqda.
Mutaxassislar fikricha, barqaror rivojlanishga erishish uchun xalqaro moliyaviy arxitekturani isloh qilish alohida ahamiyatga ega. Shu maqsadda hisobot mualliflari rivojlanayotgan mamlakatlarga imtiyozli kreditlar ajratish, tashqi qarzlarni qayta koʻrib chiqish, xalqaro ekologik jamgʻarmalarni kengaytirish, global investitsiya oqimlarini rivojlanayotgan davlatlarga yoʻnaltirish kabi amaliy choralarni taklif etmoqda.
Hisobotda shuningdek, barqaror rivojlanishni taʼminlashda inson kapitaliga sarmoya kiritish alohida ahamiyatga ega ekani taʼkidlanadi. Mutaxassislar taʼlim va sogʻliqni saqlash sohalariga investitsiya kiritish uzoq muddatda iqtisodiy oʻsishni taʼminlashini qayd etmoqda. Ayrim hisob-kitoblarga koʻra, inson kapitaliga kiritilgan investitsiyalar 20 foizgacha iqtisodiy natija berishi mumkin. Bundan tashqari, sunʼiy intellekt, raqamli iqtisodiyot, “yashil” energetika va innovatsion texnologiyalar barqaror rivojlanishni tezlashtiruvchi muhim omillar sifatida baholanmoqda.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ham barqaror rivojlanishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani tahsinga sazovor. Kambagʻallikni qisqartirish dasturlari, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish hamda raqamli transformatsiyani jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakatning barqaror taraqqiyot yoʻlidagi pozitsiyasini mustahkamlamoqda.
Ekspertlar fikricha, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, global moliyaviy tizimni isloh qilish, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish, inson kapitaliga investitsiyalarni oshirish, ekologik barqarorlikni taʼminlash kabi ustuvor vazifalarga alohida eʼtibor qaratish zarurligi tavsiya etilgan.
Hisobot natijalari bir tomondan koʻplab mamlakatlar barqaror rivojlanish yoʻlida sezilarli yutuqlarga erishayotganini tasdiqlasa, ikkinchi tomondan global miqyosda hali ham katta muammolar mavjudligini koʻrsatadi. Ayniqsa, geosiyosiy ziddiyatlar, moliyaviy resurslar taqchilligi, ekologik inqirozlar va ijtimoiy tengsizlik kabi omillar barqaror taraqqiyot jarayonini sekinlashtirmoqda. Shu sababli, barqaror rivojlanish faqat alohida davlatlarning emas, balki butun insoniyatning umumiy masʼuliyatidir.
Hozirgi sharoitda global hamkorlikni kuchaytirish, adolatli moliyaviy tizimni shakllantirish, innovatsiya va inson kapitaliga sarmoya kiritish orqali barqaror taraqqiyotni taʼminlash insoniyat oldida turgan strategik vazifalardan biri hisoblanadi. Aks holda, 2030-yilgacha belgilangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish nafaqat qiyinlashadi, balki insoniyatning kelajak taraqqiyoti ham jiddiy xavf ostida qolishi mumkin.
Elyorjon SAMINOV,
Barqaror rivojlanish markazi direktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- MIB direktoriga yangi oʻrinbosar tayinlandi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
- Toshkentda tunnel devori oʻpirilib tushdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring