Barhayot sanʼatkor yoxud 20 yil davomida bitta oʻpkasi bilan qoʻshiq aytgan buyuk isteʼdod egasi haqida

10:24 17 Aprel 2021 Madaniyat
2279 0

Xalqimiz oʻzining ulugʻ siymolarini hech qachon unutmaydi. Ularning ijodiy merosi har birimiz uchun qadrli va ardoqlidir. Shu bois yurtimizda adabiyot hamda sanʼat, ilm-fan, qoʻyingki, barcha soha vakillari eʼzozda va ehtiromda. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan milliy qoʻshiqchilik sanʼatini ravnaq toptirish, uning anʼana hamda maktablarini boyitish, bu yoʻlda samarali mehnat qilgan ijodkorlar xotirasini hurmatlash, ijodiy faoliyatini keng targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilayotgani misolida ham buni koʻrish mumkin.

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 2-dekabrdagi «Oʻzbekis­ton xalq artisti Botir ­Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida»gi qarori ana shunday muhim qadamlardan yana biri boʻldi.

Bu hujjat matbuotda eʼlon qilingach, tahririyat topshirigʻiga koʻra Oʻzbekiston xalq artisti, milliy estrada sanʼati asoschilaridan biri, zamonaviy oʻzbek madaniyatini dunyo miqyosida keng tarannum etgan, ijodiy va ijtimoiy faoliyati bilan xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk sanʼatkor Botir Zokirov haqida sahifa tayyorlanadigan boʻldi. Shunga koʻra, uni yaqindan tanigan-bilgan insonlar bilan suhbatlashdik, turli materiallar va internet tarmoqlarini koʻzdan kechirdik.

Oʻrganish chogʻida xayolimdan kechgan fikr shu boʻldi: ayni ­paytgacha Botir Zokirovni yaxshi bilamiz, deb yurgan ekanmiz. Aslida esa bu buyuk sanʼatkor bilan bogʻliq hali koʻpchilik yaxshi bilmaydigan hayratomuz tafsilotlaru voqealar koʻp ekan. Ularni xalqimizga, jumladan, yoshlarimizga taqdim etish koni foyda. Toki bu yorugʻ xotiralar yoshlarni haqiqiy sanʼatni sevishga, azaliy qadriyatlarni ulugʻlashga chorlashi, milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini mavjlantirishi bilan eʼtiborga molik.

Hayot va ijod yoʻli haqida eng qisqa maʼlumotlar

Oʻzbekiston xalq artisti Botir Karimovich Zokirov 1936-yil 26-aprel kuni tugʻilgan.

Xonanda, rassom, adabiyotshunos, aktyor, shoir va yozuvchi. Turli janrda kuylagan — oʻzbek xalq qoʻshiqlari, oʻzi yaratgan aytimlar, oʻzbek va rus bastakorlari hamda xorij shlyagerlarini oʻsha tillarda ijro qilgan. Chunki u bir qator chet tillarini mukammal darajada bilardi.

Toshkent davlat konservatoriyasining vokal fakulteti hamda A. N. Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik sanʼati institutining rejissyorlik fakultetida tahsil olgan.

1956-yili “Yoshlik” yoshlar ansamblini tashkil etadi. Xonanda xonishini bir bora eshitgan odam, albatta, uning ovozini eslab qolar, qoʻshiqlariga mehr qoʻyar edi. U qalb tubidan larzaga soluvchi toza, taʼsirchan, “bulbuligoʻyo” yumshoq-ovoz tembriga ega boʻlgan.

Moskva shahrida 1957-yilda boʻlib oʻtgan xalqaro yoshlar va talabalar festivalida “Arab tangosi” bilan qatnashadi. Plastinkaga tushirilgan bu qoʻshiq yashin tezligida dunyo boʻylab tarqalib ketadi.

Sanʼatkor 1972-yili Toshkent shahrida Sharqdagi ilk «Musiqiy-xoll»ni yaratib, uni boshqargan, uning rejissyori, badiiy rahbari va yetakchi xonandasi boʻlgan. U Sharq folklorini zamonaviy estradaga uygʻunlashtira olgan edi.

Botir Zokirov ishtirokidagi mashhur filmlardan biri “Dahoning yoshligi” boʻlib, 1982-yili rejissyor Elyor Ishmuhamedov tomonidan suratga olingan.

Oʻsmirligidan ogʻir betob boʻlgan va goʻyoki, oz muddat ichida istagan barcha ishlarini bajarishga ulgurishga shoshgandek taassurot qoldiradigan bu iqtidor egasi 1985-yil 23-yanvar kuni vafot etadi. U poytaxtimizdagi Chigʻatoy qabristonida mangu qoʻnim topgan.

Botir Zokirov mustaqillik yillarida “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan.

Uning eng katta mukofoti esa nafaqat xalqimiz, ayni chogʻda xorijlik muxlislar mehri va muhabbatidir.

Xonanda kundaligidan:

— «Men oʻz kundaligimni ajoyib yoshligimning eng baxtiyor kunlaridan — bolaligimning ilk orzulari roʻyobga chiqqan kunidan boshlagim keladi…

Oʻsha kuni men Toshkent davlat konservatoriyasi vokal fakulteti tayyorlov boʻlimiga imtihonni muvaffaqiyatli topshirdim. Oʻsha daqiqalarda men sahnada turib hassos va talabchan tinglovchilar qarshisida kechirgan cheksiz hayajonlarim, iztiroblarim kuylashim bilanoq tumanday tarqab ketdi».

— 15-yanvar: «Afsus! Operatsiyani jumaga qoldirishdi. Salom, yana bir koʻngilsizlik! Kechagi rentgen surati yomon chiqibdi. Qimirlamay yotishimni qattiq tayinlashdi. Qoʻshiqni yozish esa chippakka chiqyapti. Tinimsiz mashgʻulotlar hayf ketdi. Mana, senga quvonch uchun mukofot.

Oʻpkadagi kichik teshikcha katta boʻlib qolibdi. Bu soʻnggi mashgʻulotlar oqibati. Baribir yangi qoʻshiqni yozib ololmayapmiz. Bunga Ikrom aka emas, men aybdorman. Chunki biz bekorga hayajonlandik, xavotirlandik. Qoʻshiq yozilmasa mayli. Axir men nimalarni istamayman? Laʼnati dard menga boʻysunmaydi. Lekin uni oʻz ixtiyoriga qoʻymasligim kerak».

— 10-fevral: «Ertalab koʻngilsizlik boʻldi. Koʻchada bir odamni mashina urib ketibdi. Bugun shifoxonaga kelganimga ikki oy boʻlgan boʻlsa, shu muddat ichida bu, ikkinchi voqea.

Ahvolim yaxshi emas. Kunduzi hikoya yozdim. Ehtimol bu mening ilk asarimdir. Uni ichimdan toʻqimadim. Nomini “Kutish” yo “Oxunboboyev haykali yonida” deb atash mumkin. Hikoya koʻpgina yaxshi, ochiqkoʻngil, kamtar tanishlarim haqida…”

— 15-fevral: «Xudoga shukr! Rentgen yaxshi chiqibdi. Operatsiyaga yarayman. Nihoyat ertaga operatsiya! Lekin ular anigʻini aytishmayapti. Chunki Bogush, operatsiyadan faqatgina bir foiz umid bor xolos, dedi».

— 6-aprel: «Vыsokiye Gorыda bir yuzu qirq kun. Tamom! Soat birdan beri ozodlikdaman!»

— 12-aprel: «Salom, Toshkent! Salom, oʻgʻlim!

Toshkentni bahor nafasi tutgan. Oʻrik gullabdi. Otam har safar meni har xil holatda kutib oladi. Nazarimda u kishi ancha qartayib qolibdi. Onam esa oʻsha-oʻsha, shaddod va chaqqon.

Ukalarim ancha ulgʻayibdi. Jamshid — talaba, xursand. Motsartdan chaladi, Farruhga qoʻshilib qoʻshiq aytadi. Navfal bilan Farruh gitarani ajabtovur chalishib, yaxshigina kuylashyapti. Onam Navfalga ajoyib qoʻshiq oʻrgatibdilar…”

Qiziqarli faktlar

Botir Zokirov 23 yoshida mashhurlikka erishib boʻlgan. “Arab tangosi” nomi bilan tanilgan qoʻshiq uni koʻpgina davlatlarda mashhur qilgan, taʼbir joiz boʻlsa, bu uning “tashrif qogʻozi”ga aylangan edi.

Xonanda 29 yoshida Oʻzbekiston xalq artisti unvoniga sazovor boʻlgan.

U Parijdagi “Olimpiya” nomli nufuzli konsert zalida qoʻshiq ijro etgan yagona oʻzbekistonlik xonandadir.

Buyuk isteʼdod egasi 20 yil davomida bitta oʻpkasi bilan qoʻshiq aytgan.

Uning oʻzi Majnun edi...

Abdulla ORIPOV, Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri:

“Botirning oʻzi Majnun edi. Bekorga bu qoʻshiqni aytmagan. U 9-sinf­da oʻqiyotganida bir qizni yaxshi koʻrib qolgan edi. Ismi Farangis edi. Qiz ham Botirni yaxshi koʻrardi. Oʻzaro maktublar yozishardi. Ammo qizning ota-onalari ularning yaqin boʻlishlariga keskin qarshilik koʻrsatishdi. Biroq Botir ham, Farangis ham hech qachon bir-birlarini unutishmadi. «Majnun” qoʻshigʻi ana shu ayriliq tufayli Botir yuragida kunu tun yashagan iztirobu qaygʻuning inʼikosi edi…

Oʻzbek xalqi nomini dunyoga tanitganlardan biri ham Botir Zokirov. Shu bois xorijiy ellarda hazrat ­Alisher Navoiy bilan mashhur xonanda Botir Zokirovni koʻproq bilishadi, sevishadi…

Botir Zokirov katta iqtidor sohibi, yuksak ehtiros farzandi, XX asrning oʻta madaniyatli va ziyoli kishisi edi. Bu ulugʻ sanʼatkor hamisha halol, imonli, haqiqatgoʻy boʻlgan, har qanday sharoit va vaziyatda oʻz eʼtiqodiga, oʻz sanʼatiga sodiq qolgan. Shunday ekan, uning hayot va ijod yoʻli ibratli, sanʼat umri boqiydir».

“...Togʻ bulogʻidek toza ovozing bor ekan"

Nasiba ABDULLAYEVA,Oʻzbekiston xalq artisti:

— Botir Zokirov bilan tanishuvimiz tasodifiy boʻlgan, buni taqdirning menga mukofoti ham deyish mumkin. Yodimda, 1980-yilda Oʻzbekistonda Ozarbayjon madaniyati va sanʼati kunlari oʻtkazildi. U paytlar yoshgina, endigina 18 yoshga kirgan qizaloq edim, Samarqand filarmoniyasida ishlardim. Oʻsha jarayonda bir guruh ozar ijodkorlari Samarqandga ham kelishdi, bu yerda ham konsertlar namoyish etildi. Albatta, men ham filarmoniya xonandasi sifatida qoʻshiq bilan ­chiqish qildim.

Taqdir inʼomini qarang, meni Toshkentda boʻlib oʻtadigan Ozarbayjon madaniyati va sanʼati kunlari yakuniga bagʻishlangan konsert dasturiga taklif etishdi. Bundan shunchalik sevindimki, taʼriflashga soʻz ojiz. Axir bu palla qoʻshiqlarni tinglab, taʼbir joiz boʻlsa, ularni “hidlab” toʻymaydigan yoshlik davrim edi-da.

Shunday qilib, Toshkentga keldik. Bu yerda konsertga tayyorlandik. Men ozarcha ikkita qoʻshiq ­aytishim kerak edi, keyin reja oʻzgarib, bitta aytadigan boʻldim. Bitta qoʻshiq boʻlsayam, qattiq tadorik koʻrishga toʻgʻri keldi...

Kunlarning birida zal eshigi qiya ochilib, kimdir meni kuza­tutayotganini his etdim. Bir zum oʻsha yoqqa koʻz tashladim, keyin turgan joyimda qotib qoldim. Chunki meni kuzatayotgan buyuk sanʼatkor — Botir Zokirov edi. Bir tomondan konsert masʼuliyati, ikkinchi yoqdan Botir akaning salobati bosib, qotib qoldim...

Buni u kishi sezdi, shekilli: «Mayli, mayli, men xalaqit bermayman», deb nari ketdi.

Kuchli hayajonda qancha vaqt oʻtganligini bilmayman, tayyorgarlik tugadi. Foyega chiqsam, Botir aka kutib turgan ekan. Oʻshanda u kishining aytgan gaplari — oʻgitlari deymizmi, pandu nasihatlarimi, haliyam quloqlarim ostida jaranglab turibdi: “Sen juda uzoqqa borasan, togʻ bulogʻidek toza ovozing bor ekan. Haqiqatan ham, shu sohada ketmoqchi boʻlsang, quloqqa chalingan musiqani eshitish kerak”.

Botir akaning shu soʻzlari menga bir umr kuch-qanot bagʻishladi, yoʻlchi yulduz boʻldi, desam, xato emas...

1984-yili Xalqlar doʻstligi sanʼat saroyining ochilishiga bagʻishlangan konsert boʻldi. Yoshgina boʻla turib “ajdaho” sanʼatkorlar orasiga men ham tushib qolgandim. Shulardan biri — Botir Zokirov. Oʻsha paytda Botir akaning sogʻligʻi yaxshi emasdi, shuning uchun ham tayyorgarlik mash­gʻulotlariga kam kelardi. Hatto, konsertga ham zoʻrgʻa kelgandi. ­Keyin bilsam, u kishini reanimatsiya boʻlimidan doʻxtirlar ­nazoratida konsert uchun olib kelishgan ekan. Mana buni fidoyilik deyish mumkin.

Botir akadan nafaqat sanʼat sirlarini, ayni chogʻda odamiylik bilan bogʻliq koʻp narsalarni oʻrgandim. Ayniqsa, u kishining shunchalik mashhur boʻlishiga qaramasdan, sodda va kamtarligi men uchun hayot sabogʻi boʻldi. Botir aka timsolida “Kishi qanchalik yuksak boʻlsa, shunchalik kamtar boʻlar ekan”, degan xulosaga kelganman.

Yana bir gap. Ustozga boʻlgan hurmatim va mehrim ifodasi sifatida “Qaydasan” degan qoʻshigʻini Oʻzbekiston xalq artisti ­Farruh Zokirov bilan birgalikda ijro etganmiz. Bundan juda mamnunman.

Prezidentimizning buyuk sanʼatkor tavalludining 85 yilligini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorini eshitib, butun xalqimiz qatorida men ham quvondim, gapning ochigʻi, koʻzimga yosh keldi...

Sahnani muqaddas, deb bilardi

Ravshan ZOKIROV, Botir Zokirov nomidagi jamoat fondi direktori:

— Nima uchun Botir ­Zokirovning nomi ulugʻ, asarlari umrboqiy? Uning qoʻshiqlari hammani maftun etishining siri nimada?

Bu ulugʻ sanʼatkorning nafaqat ukasi, balki uning merosi tadqiqotchisi sifatida bu savolga javob topgandekman. U kishi oʻz oldiga biron maqsad qoʻysa, bunga juda katta masʼuliyat bilan yondashardi.

Hozir bir xil qoʻshiqchilarni eshitib, soʻzlarni his etmayotganligini darrov ilgʻab olasiz. Botir akam unaqa emasdi. Aytilajak ashuladagi har bir soʻzni sinchkovlik bilan oʻrganardi. Buning uchun qanchadan-qancha kitob oʻqirdi. Soʻz mazmuni, yuki va hatto, talaffuzini oʻrgangandan keyingina qoʻshiqni aytardi. Shuning uchun u kishining qoʻshiqlarini eshitganingizda, har bir soʻzning joni borligini his etib turasiz. Ular Botir ­Zokirovning tilidan koʻchib, qalbingizga kelib joyla­shayotganligini sezasiz.

Yana bir jihati shuki, ­Botir akam soʻzlarning mazmunini yaxshi bilgani uchun ijro paytida shunga mos ravishda rolga kirardi: uning qoshi, koʻzi, yuzi, xullas, ­butun vujudi qoʻshiqdagi soʻzlarga mos harakatlanardi.

Tabiiyki, butun vujud bilan qilingan bunday ijro hammani oʻziga maftun etmasdan qolmasdi.

Akam oʻz ishiga masʼuliyat bilan qarashdan tashqari, boshqalarni ham shunga undardi. Badiiy rahbar boʻlib ishlagan paytlarida har bir xodimdan shuni ­talab qilgan. Masalan, qaysidir konsertda bir boshlovchi kurakda turmaydigan, milliy mentalitetimizga mos kelmaydigan latifalardan aytib qoladi. Bundan qattiq gʻazablangan akam: “Sen sahnani haqorat qilyapsan”, deb haydab yuboradi. Chunki u kishi uchun sahna muqaddas joy edi. Toʻgʻri, bunday latifalarni boshqa joyda aytishsa, inson sifatida kulgan, kerak boʻlsa, oʻzlari ham aytgan. Ammo sahnada bunday ishga hech qachon, hech kimga yoʻl bermasdi.

Bu darajaga erishishining yana bir siri mutolaada, deb bilaman. Uyida uch-toʻrt ming atrofida kitoblari boʻlardi. Ular orasida jahon adabiyoti, dunyo tarixi va madaniyatiga oidlari koʻp edi. U xalqimiz tarixini juda yaxshi bilardi. Ona tilimizni shu qadar chuqur anglardiki, biz qoyil qolardik. Shu bois chet ellik bir necha yozuvchilarning asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirgan. Oʻzi ham sheʼr va hikoyalar yozgan. Bu ish faqat tilni, tarix va adabiyotni yaxshi bilgan kishining qoʻlidan keladi, boshqa odam yozolmaydi.

Uyimizga Botir aka sovchi boʻlib kelgan

Gavhar ZOKIROVA, Oʻzbekiston xalq artisti:

— Botir Zokirov qoʻshiqlarini yigʻlab eshitgan paytlarim koʻp boʻlgan, maktab davridayam, institutga kirganimizdan keyin ham. Ammo Zokirovlar oilasiga kelin boʻlib tushaman, deb xayolimga ham keltirmaganman. Institutda ­Jamshid akam bilan birga oʻqiganmiz. U kishiyam xuddi akasi kabi kamtar, xokisor edi, mashhur ­xonandaning ukasiman, deb ­maqtanish u yoqda tursin, bu haqda deyarli ­gapirmasdi.

Botir akam bilan birinchi marta uchrashganimiz gʻalati boʻlgan. Jamshid akam bilan turmush qurishga qaror qilgan paytimizda uyimizga Botir aka sovchi boʻlib keldi, ana shunda u kishini ilk bor koʻrganman.

Haliyam esimda, otam rahmatliga sovchi kelishi aytilgandiyu, ammo kim kelishi uqtirilmagandi. Botir akani koʻrib, otam qattiq hayajonlangan. Shu hayajon va hayrat bilan: «Voy, voy, uyga kim keldi, Botir Zokirov keldimi? Botirjon, oʻzingizmisiz, rostdan ham oʻzingizmi?», deganlari haliyam yodimda.

Botir aka kulib turib: “Assalomu alaykum, Akmal aka!”, dedi. Bundan otamning hayajoni yanayam oshdi: «Mening ismimniyam bilasizmi, ismimni kim aytdi sizga?», dedi.

Botir aka: «Albatta, bilaman, Gavhar degan qizingiz borliginiyam bilaman», dedi.

Salom-alikdan keyin Botir aka otamga: «Gavharxon mening ukam bilan birga institutda oʻqiydi. Men sovchi boʻlib keldim», dedi.

Otam: “E, qizim aktrisa boʻlaman, deyaptimi?”, deb yanayam hayajonlandi.

Botir akam: «Ha, shu, otam rozi boʻlmaydi, deb berkitishgan edi, bundan ayolingizning xabari bor. Jamshid degan yaxshi ukam bor, bular ikkisi oila qurishga ahd qilishibdi, mana, sovchilikka, qulchilikka keldim», dedi.

Otam oʻshanda Karim Zokirovdek bir odam bilan quda boʻlamanmi, deb rosa suyingandi...

Biz institutni tugatayotgandik. Shunda qaynotamning maslahati bilan nikohdan oʻtadigan boʻldik. Chunki u paytda bitiruvchilarni turli joylarga joʻnatishardi. Nikohdan oʻtsak, bizni bitta joyda qoldiradi. Shu maslahat bilan nikohdan oʻtdik. Navfal akam tashabbusi bilan toʻrt-beshta dugonam hamda yana bir necha kishi ishtirokida nikohni nishonladik. Bir payt Botir akam kirib keldi — oppoq kostyum-shimda edi. Bu payt­da u kishi afsonaga aylanib boʻlgandi. Ana shunday odamning bizga aytgan gaplarini hammamiz berilib tinglaganmiz. Ayniqsa, u kishining: “Siz, ikkingiz hayot va sanʼat yoʻlini boshlayapsiz. Shu yoʻlda bir-biringizni asrang. Sanʼatda xalqqa aytadigan gaplaring boʻlsin. Men, albatta, sizlarni kuzataman va ijodkor sifatida qoʻlimdan kelganicha maslahatlarimni ayamayman”, degani kechagidek esimda.

Botir akam shu gapiga amal qildi. Bizning spektakllarimizga tez-tez borib turardi. Shu bilan birga, koʻnglimizni ogʻritmaydigan qilib oʻzining maslahatlarini berardi. Yosh sanʼatkor sifatida bundan xursand boʻlardik va yana-da gʻayrat bilan ishlardik.

Botir Zokirov bilan bogʻliq xotiralarim yanayam koʻp. Bular shunchaki xotiralar emas, aksincha, ularning har biri bizga saboq boʻlib xizmat qildi. Shu bois men ana shunday sanʼatni, insonni ardoqlaydigan, eʼzozlaydigan oila bilan uchrashtirgani, shu xonadonga kelin boʻlishimni taqdir etgani uchun Yaratganga shukronalar aytaman.

Qoʻshiqlaridagi har bir soʻz xuddi kamon oʻqi kabi qalbingizga qadaladi

Mansur TOSHMATOV, Oʻzbekiston xalq artisti:

— Botir akam bilan 1976-yilda tanishganman. Shundan keyin uning vafotigacha ijod va hayot yoʻlimiz koʻpincha birga kechdi, desam, toʻgʻri boʻladi. Shu bois bu ­inson bilan bogʻliq yorqin ­xotiralarim juda koʻp.

Bir gal “Navo” vokal-chol­gʻu ansambli tarkibida Moskva shahriga ijodiy safarga bordik. Hammamiz hayajonda. Buni Botir akamga aytgandik, u kishi yarim hazil, yarim chin qilib: «Men shu yerdaman-ku», dedi. Toʻgʻrida, Botir Zokirovdek xonandasi bor ansambl musiqachilarining hayajonlanishga haqqi yoʻq. Shu gapdan keyin hammamiz oʻzimizni tutib oldik, muhimi, chiqishimiz zoʻr boʻldi.

Botir akaning hamma qoʻshigʻi aytilishi bilan xit darajasiga chiqqan. Baʼzan shu haqida oʻylayman: qanday qilib qoʻshiqlari birdaniga muxlislar qalbiga yetib borgan, ularning mehrini qozongan? Ulugʻ sanʼatkor yonida koʻp boʻlgan odam sifatida buning javobini topganman. Mashhur qoʻshiqlaridan biri — “Raʼno”ni olib koʻraylik.

Barnolar ichra barno,

Raʼno,

Gulmisan, gulyormisan.

Oshiqqa dildormisan,

Hamma gullardan aʼlo,

Raʼno...

Sheʼr sodda, samimiy soʻzlardan tuzilgan. Botir aka shu sodda soʻzlarga sehr­li musiqa va betakror ovozi bilan qanot ba­gʻishlab yuborgan. Natijada bu qoʻshiq qanot bogʻlab koʻkka uchdi va borib muxlislar qalbidan joy oldi. Qoʻshiqni tinglash asnosida nafaqat “Raʼno” soʻzida, balki barcha soʻzlarda jon borligini his etib turasiz. Chunki uning qoʻshiqlaridagi har bir soʻz xuddi kamon oʻqi kabi kelib qalbingizga qadalaveradi.

Botir aka har qancha mashhur boʻlmasin, ijobiy maʼnoda biz buni hech sezmaganmiz. Demoqchimanki, u kishi shuhrat choʻqqisiga koʻtarilgan paytda ham hech qachon oʻzini katta tutmagan, manmansiramagan, doimgidek kamtar, kamgap va kezi kelganda, hazilkashligicha qolgandi. Masalan, mening oʻzimga “Mansuriy” deb hazillashardi. Buni qachondan buyon ayta boshlagani uncha esimda yoʻq. Ammo bir narsani aniq bilamanki, mashhur boʻlib ketganidan keyin ham har gal meni koʻrishi bilan xuddi ovozini italyan operachilariga oʻxshatib “Mansuriy” derdi. Bundan oʻziyam maza qilib kular, biz ham qoʻshilib kulardik.

Bu buyuk ijodkorning qoʻshiqlarini oʻsha paytda Magadanda ham, Uzoq Sharqda ham, Saxalinda ham, Sankt-Peterburgda ham, Moskvada ham, hatto, qator xorijiy davlatlarda ham yaxshi bilishar, yaxshi koʻrib eshiti­shardi.

Bugungi yoshlarimiz ham bu ulugʻ sanʼatkor haqida bilishi kerak. Davlat rahbarining qarori shuning uchun ham ahamiyatli boʻldiki, unda yoshlarga xonanda merosini oʻrgatish, shu orqali ularni Vatanga muhabbatli qilib tarbiyalash maqsadlari koʻzda tutilgan.

Z. XUDOYSHUKUROV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?