Barcha ilmlarning makoni yoki generalni lol qoldirgan Mirza Salimbek kim edi?
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro amirligining Toshkentdagi savdo vakili vazifasida ishlagan Mirza Salimbekni Turkiston general-gubernatori Nikolay Grodekovning uyiga mehmonga chaqirishdi. Kazo-kazolar toʻplangan davrada general Konstantin Rozgonov Mirza Salimbekka yuzlanib, Yevropaning qator davlatlariga sayohat qilganini, Turkiya, Eron va Xitoyda ham boʻlganini, koʻplab kitoblar oʻqiganini aytdi. Qayerga bormasin, juda nafis tayyorlangan tilla va zargarlik buyumlarini koʻrganini bayon qildi.
— Bu sanʼat asarlarining qayerdan olib kelinganini soʻraganimda, Buxorodan deb javob berishardi, — davom etdi general. — Men yana sizlar tayyorlagan mahsulot qayerlarda sotiladi, deya soʻraganimda, ulardan “Koʻpincha Buxoroda” degan javobni eshitdim. Bilishimcha, Buxoroning maydoni u qadar katta emas. Boshqa davlatlardan kelayotgan mahsulotlar qayerga sarflanyapti? Boshqa davlatlarga sotilayotgan moʻjizaviy buyumlarni qanday yaratyapsizlar?
Bu savoldan soʻng davrada bir lahza sukunat choʻkdi. Hamma eʼtiborini Mirza Salimbekka qaratdi.
— Siz oʻzingiz oʻqigan kitoblar hamda sayohatlardan orttirgan bilim va xotiralaringizni eslab qolasiz-a? — dedi savolga javoban Mirzo Salimbek. “Albatta” degan javobni eshitgach, davom etdi: — Ushbu maʼlumotlar tanangizning qaysi qismida saqlanadi?
— Men ularni qalbimda saqlayman, — javob qaytardi general.
— Qalbingizning hajmi qancha? — soʻrashda davom etdi Mirzo Salimbek va “Katta barmogʻimcha” degan javobdan soʻng “”Qanday qilib sayohatlar natijasida orttirilgan shuncha bilim kichik bir yurakka joylasha oladi? Nega ular boshda yoki qorinda, yo belda joylashmagan?”, deya unga sinchkov nazar tashladi.
General ham anoyilardan emasdi. U “Buyuk Alloh barcha ilmlarning makoni sifatida yurakni belgilagan”, dedi. Shunda Mirzo Salimbek “Shifokorlar inson tanasini yetti qismdan iborat deyishadi. Yer ham yetti iqlimdan iborat. Bir narsa aniqki, Yer kurrasi insoniyatning yashash makoni boʻlib, u ham inson tanasiga monand yaratilgan. Istanbul Yerning boshi, Moskva beli, Yevropa qorni, Xitoy oyoqlari, Eron qoʻllari, Buxoro esa uning qalbidir”, deya javob qaytardi.
Bu gapdan soʻng toʻplanganlarning barchasi oʻrinlaridan turib Mirzo Salimbekni olqishlashdi. Xonadon sohibi Grodekov esa javondagi quticha ichida turgan tilla soatni olib, Salimbekka uzatarkan “Hozircha menda bori shu, ammo sening javobing uchun nimaiki bersam kamlik qiladi”, deya donishmand bu insonning hurmatini joyiga qoʻydi.
Darvoqe, Mirzo Salimbek kim edi? Bu haqda qisqacha toʻxtalib oʻtmoqchimiz. 1850 – 1930-yillarda yashab oʻtgan bu ajdodimiz tarixchi, shoir, siyosatchi, davlat arbobi sanaladi. U Buxoro amirligi davrida Yakkabogʻ, Nurota, Boysun, Sherobod, Shahrisabz va Chorjoʻyda hokim boʻlgan. Amir Abdulahadxon 1885-yilda uni elchilar tarkibida Peterburgga joʻnatgan. Mirzo Salimbek Buxoroda oʻz mablagʻi hisobidan madrasa barpo etgan. Masjid va ziyoratgohlarni obod qilgan, ariqlar qazib, aholining tomorqa yerlarini sugʻorishi uchun shart-sharoit yaratgan. U qator tarixiy va badiiy kitoblar muallifi ham sanaladi. Aytmoqchi, biz yuqorida tafsilotini keltirgan voqea Mirzo Salimbekning moziyshunoslar alohida qadrlaydigan “Tarixi Salimiy” kitobida batafsil yoritilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring