Bankomatdagi oʻgʻrilik oxiriga yetmadi
Ichki ishlar vazirligi tomonidan 1-martdan 1-aprelga qadar “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktika oyligining birinchi bosqichi oʻtkazilmoqda. Oylik doirasida Toshkent viloyati hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli kuchaytirilgan nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Xususan, kuni kecha soat 03:10 da Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Qoʻriqlash boshqarmasiga Nurafshon shahridagi “Oppoq” mahallasi “Toshkent yoʻli” koʻchasida joylashgan bankomatdan “tashvish” xabari kelib tushgan. Bu haqda navbatchilik qismi orqali, tungi xizmatga biriktirilgan tezkor guruhga yetkazilgach, xodimlar 4 daqiqa ichida voqea joyiga yetib borgan.

– Tezkor guruh voqea joyiga yetib kelgan vaqtda bankomat ichida boʻlgan nomaʼlum shaxs ushlanganida, uning yonida bolgʻa, ochqich va boshqa xoʻjalik anjomlari borligi, u bankomat eshigini buzib ochib, ichidagi pullarni oʻgʻirlashga uringani aniqlangan. Koʻrilgan choralar natijasida Oʻrta Chirchiq tumanida yashovchi, 1994-yilda tugʻilgan fuqaro Y. A. voqea joyida qoʻlga olindi, – deydi Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati masʼul xodimi, katta leytenant Oxunjon Mustafoyev.

Avvalroq shu kabi holat Oʻrta Chirchiq tumanidagi “Obod” mahallasida ham qayd etilgan edi. 19 yoshli shaxs tungi soat 03:00 atrofida bankomat qopqogʻini buzib ochishga uringan. Tushgan “tashvish” signaliga asosan qoʻriqlash xizmati xodimlari 5 daqiqa ichida voqea joyiga yetib borib, gumonlanuvchini daliliy ashyo bilan ushlagan.
Ayni vaqtda har ikki holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring