Bandboshiliklar orzusining ushalishiga kim sababchi boʻldi?

13:22 28 May 2025 Jamiyat
68 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Yaqin-yaqingacha Bandboshi qishlogʻi deyilsa odamlar koʻz oʻngida yozda chang-toʻzon ostida qoladigan, yogʻin-sochinli kunlarda yurgani yurak betlamaydigan taʼmirtalab yoʻl gavdalanardi. Ayniqsa, uzoq-yaqindan mehmon kelgudek boʻlsa, yoʻlning abgorligi sabab bandboshiliklar xijolatda qolishardi.

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qorakoʻl tumanidagi Xalq qabulxonasiga murojaat qilganimizdan soʻng ahvol tubdan oʻzgardi, — deydi bandboshilik mehnat faxriysi Adiz Jumayev. — Xalq qabulxonasi masʼullari tegishli soha vakillari bilan birgalikda ahvolni joyida oʻrganishdi. Tegishli chora-tadbirlar belgilandi. Pirovardida 500 kishi tomonidan qilingan murojaat ijobiy yechim topdi. Mahalladoshlarimiz bundan benihoya xursand. 73 yoshli otaxonning aytganicha bor. Bugun keng va ravon yoʻlni koʻrib, Bandboshiga borgan kishining koʻngli ochiladi. Qishloq aholisining koʻp yillik orzusi ushalganidan suyunadi.

Xalq qabulxonasi, tuman hokimligi va “Tuman yoʻllardan foydalanish” unitar korxonasi hamkorligi natijasi boʻlgan bu loyiha uchun davlatimiz tomonidan 4,5 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ sarflandi. Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qorakoʻl tumanidagi Xalq qabulxonasi tomonida aholi murojaatlari va muammolari bilan ishlashda, mahalliy hokimlik va davlat organlari bilan birgalikda bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilyapti. Chunonchi, tuman aholisidan joriy yil boshidan Virtual va Xalq qabulxonasiga 2038 ta masalaga oid murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlardan koʻtarilgan masalalarning 1190 tasi ijrosi uchun bevosita tuman tashkilotlari masʼul. Hozirgacha ularning 42 foizi ijobiy hal etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер