Bayram dasturxoniga bozordan hech narsa sotib olmaymiz...

14:49 19 Dekabr 2024 Jamiyat
252 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Tomorqa rizq-roʻz, baraka manbai. Yerdan unumli foydalansangiz, ishning koʻzini bilib mehnat qilsangiz bir parcha yerdan ham yaxshigina daromad olish mumkin.

Qarshi tumanining Yertepa mahallasida yashovchi Samadullo Husanovning tomorqachilik faoliyati bilan tanishish asnosida bunga yana bir bor amin boʻldik.

— Hovlimizdagi 6 sotix maydonda dehqonchilik qilaman, — deydi xonadon sohibi. — Tomorqachilikda yerning koʻpligi emas, undan unumli foydalanish muhim. Bundan 10-15-yil avval ham shu yerda dehqonchilik qilardik, biroq samara kam edi. Bugun bu joydan yaxshigina daromad olayapmiz.

Darhaqiqat, hovli cheti boʻylab turli mevali daraxtlar shu qadar tartib bilan joylashtirilganki, ularning hech biri asosiy tomorqaga xalaqit qilmaydi. Tomorqaning kichik bir qismida sabzi, sholgʻom, kartoshka, pomidor kabi asosiy turdagi poliz va sabzavot mahsulotlari yetishtirilmoqda. Oʻrtada toʻrt sotixlik katta issiqxona barpo etilgan. Xonadon sohibi bu issiqxonani 4-yil avval qurgan. Ikki yildan buyon bu yerda qulupnayning Janubiy Koreyadan keltirilgan “Solxyang” navini yetishtiradi. Ayni paytda issiqxonada qulupnaylar gʻarq pishgan. Mahsulotning xaridori koʻp.

— Har kuni terib tayyorlangan meva peshma-pesh ravishda hududdagi ulgurji xaridorlarga yetkazib berilmoqda, — deydi u. — Oʻtgan yilgi qulupnaydan olingan sof foyda 150 million soʻm atrofida boʻlgandi. Bu yil yanada koʻprogʻini moʻljallab turibmiz.

Bu hali oilaga kirib keladigan yillik daromadning hammasi emas, albatta. Oila bekasi Nargiza Haydarova qiz-kelinlarini yoniga olib, oʻz xonadonida turli qandolatchilik mahsulotlari tayyorlashni ham yoʻlga qoʻygan.

— Hozirgi kunda tayyorlayotgan mahsulotlarimiz turi 15 dan oshdi, — deydi u. — Toʻy va marosimlar uchun buyurtma asosida turli pishiriqlar tayyorlab beramiz. Bundan tashqari, hududdagi doʻkonlarga ham mahsulot yetkazib berishni yoʻlga qoʻyganmiz. Oʻrtacha hisobda, bu faoliyatdan ham yiliga 100 million soʻmdan oshiq foyda olyapmiz.

Eʼtiborlisi, oila aʼzolarining barchasi oʻz xonadonlarida ish bilan band. Bundan tashqari, yana 3 nafar kishini ish bilan taʼminlashga erishibdi.

— Qoramol boqamiz, tovuq qilamiz, — deydi Samadullo Husanov. — Xullas, roʻzgʻor uchun zarur boʻlgan birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarining deyarli barchasi oʻzimizdan chiqadi. Meva-sabzavotdan tortib, sut, qatiq, goʻsht va tuxumgacha... Turli qandolat mahsulotlari, shirinliklar ishlab chiqarishni ham yoʻlga qoʻyganimizni hisobga olsangiz, yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayramiga bozordan deyarli hech narsa sotib olmaymiz. Hammasi oʻzimizda bor. Keksalarimiz “Tomorqadan yeganing tatiydi”, degan gapni bejiz aytmagan. Faqat yerdan unumli foydalansangiz, har bir ekinni oʻz vaqtida ekib, oʻz vaqtida parvarish qilishni bilsangiz boʻlgani.

Ha, ishlagan, izlangan, harakat qilgan kishi borki, bir parcha yerdan ham salmoqli daromad olyapti. Moddiy imkoniyatlarini yaxshilab, oilasi farovonligini taʼminlamoqda. Olti sotix maydonda dehqonchilik qilib, millionlab daromad topayotgan Samadullo Husanovning faoliyati ham bunga yorqin misol.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер