Bagʻdodlik fermer 30 ming tup terakdan 6 milliard soʻm daromad olishni rejalashtirmoqda
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Bagʻdod tumanidagi “Bardosh elita fayz” fermer xoʻjaligi aʼzolari tomonidan dala chetlaridan unumli foydalanish maqsadida keyingi ikki yilda 3 gektar yangi yer oʻzlashtirildi.
Birgina joriy yilning oʻzida qishloq xoʻjaligida foydalanishga kiritilgan qoʻshimcha maydonda 5 ming tup terak, 1 ming tup olcha daraxti koʻchatlari ekildi. Shuningdek, Oltiariq tajribasi asosida dala chetlaridagi boʻsh maydonlarda uzumzor tashkil etildi. Ezgu tashabbus doirasida asalarichilik tarmogʻi ham yoʻlga qoʻyilgan.

— Terak eroziyaning oldini olib, ekinlarni turli tabiiy ofatlardan ihota qiladi, — deydi “Bardosh elita fayz” fermer xoʻjaligi rahbari Otabek Faxriddinov. — U barcha daraxtlar ichida eng yaxshi havo tozalovchi boʻlib, hatto ignabarglilarga qaraganda ham 10 barobar koʻp kislorod hosil qiladi. Shu bilan birga oʻzidan zararli mikroblarni oʻldiruvchi fitonsidlar ishlab chiqaradi.
Aytish joiz, bugungi kunda yurtimizda terakning 90 dan ortiq navlari ekiladi. U joy tanlamasligi, parvarishlash jarayoni oson boʻlgani uchun yurtimizning har bir hududida uchraydi. Terak ekish milliy qadriyat darajasiga koʻtarilgani ham bejiz emas. Ota-bobolarimiz azaldan oilada oʻgʻil farzand tugʻilsa, kelajakda unga alohida imorat qurib berish maqsadida terak ekkan.

— Terak nafaqat qurilish materiali, balki sanoat tarmogʻi uchun ham muhim xomashyo hisoblanadi, — deya suhbatimizni davom ettiradi uddaburon fermer. — Shu bois ushbu yoʻnalishga jiddiy eʼtibor qaratib, terakchilikni xoʻjaligimizning doimiy daromad manbaiga aylantirishni maqsad qilganmiz. Bitta terak koʻchati oʻrtacha besh-olti yilda qurilishbop material boʻladi va bozorda 150-200 ming soʻmgacha baholanadi.
Hozirgi kunda fermer xoʻjaligi dala chetlarida 30 ming tup terak koʻchati bor va yaqin istiqbolda uning savdosidan 5,5-6 milliard soʻm daromad olish koʻzda tutilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring