Ayrim qonun hujjatlari 2024-yildagi soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlariga muvofiqlashtirilmoqda
Foto: "Xalq so'zi"
Senatning qirq sakkizinchi yalpi majlisida 2024-yil uchun Davlat byudjeti maʼqullanishi bilan birga “Soliq va budjet siyosatining 2024-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, mazkur Qonunda 2024-yil uchun soliq siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilanib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarga soliq solish tartibini takomillashtirish, qoʻshilgan qiymat soligʻi zanjirining uzluksizligini taʼminlash, tabiiy boyliklardan samarali va oqilona foydalanish, mutlaq summada belgilangan soliq stavkalarining kutilayotgan inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda indeksatsiya qilinishi nazarda tutilmoqda.

Ogʻir yuk mashinalari tomonidan respublika va mahalliy darajadagi yoʻllardan foydalanishda ularni yaroqsiz holga keltirish oqibatida yetkazilayotgan zararlarni qoplash maqsadida yuk koʻtarish quvvati 10 tonnadan yuqori boʻlgan yuk avtotransport vositalari va tirkamalarining avtomobil yoʻllari boʻylab harakatlanishi huquqi uchun yigʻim joriy etilmoqda.
Biznes yuritishni soddalashtirish maqsadida soliq hisobotini saqlash va soliq majburiyati boʻyicha daʼvo qilish muddatlari qisqartirilib, besh yillik muddatlar uch yil qilib belgilanmoqda.

Soliq toʻlovchilarga yengilliklar yaratish maqsadida qogʻozbozlikni bartaraf etish, ortiqcha hujjatlar talab qilmaslik va ularning vaqt hamda mablagʻlari sarflanishini kamaytirish uchun soliq organlarining soliq toʻlovchilardan (soliq agentidan) hujjatlar talab qilib olish vakolati bekor qilinmoqda.
Xorijiy va mahalliy tadbirkorlar uchun bir xil sharoit yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi hududida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qiluvchi chet el yuridik shaxslari, shuningdek chet davlatlarning qonunchiligiga muvofiq tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan va tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar, agar tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish joyi deb Oʻzbekiston Respublikasi eʼtirof etilsa, u holda qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchisi boʻlishi belgilanmoqda.

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning mehnat faoliyati natijasida yoki tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi soliq davrida yuz million soʻmdan oshgan kundan eʼtiboran yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartibda soliq toʻlashi Qonunda nazarda tutilmoqda.
Majlisda Qonun bilan kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga alohida eʼtibor qaratilib, Oʻzbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi va “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi qonunlarida 2024-yil 1-iyuldan boshlab pnevmatik rezina shinalar va pokrishkalar oʻz isteʼmol xususiyatlarini yoʻqotganidan keyin hosil boʻladigan chiqindilarning zararli taʼsiridan himoya qilish uchun utilizatsiya yigʻimi nazarda tutilgani qayd etildi.

Senatorlar muhokama davomida Qonun tadbirkorlikni rivojlantirishga, aholi salomatligini va atrof-muhitni muhofaza qilishga, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni bartaraf etishga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring