Ayolning qoʻli gul boʻlsa...
Hovlisida gul ekkan ayolning qalbi ham goʻzal boʻladi. Shu xonadonda tugʻilgan bolalar tabiat moʻjizalaridan bahra olib ulgʻayadi. Oʻzim ham yoshligimdan gulchilikka qiziqardim. Uyimizda bogʻimiz boʻlardi. Otamning yonida turib, bogʻdorchilik ishlariga qarashardim. Yozda hovlimizni, qishki gullar uyimizni yashnatib turardi.
Yerga mehr bersang, u senga ortigʻi bilan qaytardi, degan naqlning haqiqatligini oʻz hayotimda koʻrdim. Yurtimizda tadbirkor xotin-qizlarga qulay muhit va shart-sharoit yaratib berilgani maqsadlarimni amalga oshirishda turtki berdi. Dastlab koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi sifatida ish boshladim. Yillar davomida faoliyatimni kengaytirib “Gulchi opa tomorqa xizmati” klasteri MCHJ tashkil etdim.
Tomorqachilikni rivojlantirish maqsadida Sharof Rashidov tumani “Olmachi” mahallasidagi xonadonlarda kichik issiqxonalar barpo etishga kirishib, gul koʻchatlari, urugʻlik bepul tarqatdik. Yetishtirilgan mahsulotlarni shu yerning oʻzida sotib olishni boshladik. Klaster qoshida bir qancha issiqxonalar, gomus oʻgʻit tayyorlab berish, alyumin va plastik eshik romlari tayyorlash sexi, bir nechta ovqatlanish va boshqa madaniy-maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyatini yoʻlga qoʻydik. Ayni paytda 114 nafar doimiy, 250 dan ortiq mavsumiy ish oʻrinlari yaratildi.
Hokim yordamchisi sifatida ish boshlashim bilan “Olmachi” MFYdagi ayollarni kasb-hunarga oʻqitish maqsadida “Agrobank” ATB filiali hamkorligida oʻquv kursi tashkil qildik. Mazkur oʻquv kursida anʼanaviy sabzavot va koʻkat, gul yetishtirishdan tortib, qulupnay, qoʻziqorin kabi serdaromad sanalgan oʻnlab yoʻnalishlarda bilim va koʻnikmalar berish yoʻlga qoʻyildi. Mashgʻulotlarni tajribali tadbirkorlar olib bordi. Mazkur oʻquv markazida bilim va koʻnikmaga ega xotin-qizlarga tijorat banklari tomonidan imtiyozli kreditlar taqdim etildi. Kelgusida oʻquv kursimizni rivojlantirib, sharoitlarni yanada yaxshilash niyatimiz bor.
Albatta, oilamning qoʻllab-quvvatlashi, turmush oʻrtogʻimning koʻmagi, farzandlarimning tirgagi bilan shuncha muvaffaqiyatlarga erishdim. Endi xalq deputatlari Sharof Rashidov tumani Kengashi deputati sifatida ham aholining ogʻirini yengil qilish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida qiladigan ishlarim koʻp. Sidqi dildan mehnat qilgan odam qadr topadi. Tadbirkorlik orqasida “Shuhrat” medali, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandim. 2022-yilda OʻzLiDePning “Ishbilarmon ayol” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida gʻolib boʻldim. Joriy yilda respublikada birinchi boʻlib “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan tadbirkor” deya eʼtirof etilganim zimmamdagi masʼuliyatni yanada oshirdi.
Insonning qoʻlidan kelmaydigan ish yoʻq. Ayol tadbirkor boʻlsa, oilasi toʻkin, mahallasidagi qancha xotin-qizlar ish bilan taʼminlanadi. Ilohim, yurtimizda ishbilarmon, tadbirkor ayollar koʻpaysin.
Sharofat NORIYEVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan tadbirkor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- AQSH moliya vaziri kompyuteriga xakerlar hujum qildi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Islam Maxachevga Arman Sarukyan raqiblik qila olmaydi. “UFC 311” oldidan sodir boʻlgan noxush xabarning barcha tafsilotlari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring