Ayollar salomatligi doimo eʼtiborda
Mamlakatimizda xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, jamiyat hayotida faol ishtirokini taʼminlash barobarida ularning salomatliklarini mustahkamlashga ham jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 22-noyabrda qabul qilingan “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu yoʻnalishdagi navbatdagi muhim qadam boʻldi.
Men tibbiyot vakili, onkologiya sohasida chorak asrlik tajribaga ega onkolog sifatida ushbu qarorning nafaqat tibbiy ahamiyati, balki ijtimoiy, psixologik va insonparvarlik jihatlarini taʼkidlab oʻtmoqchiman. Yaqin tariximizda respublikamizda xavfli oʻsma kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlarni davolash imkoniyatlari achinarli holatda edi. Shifokorlarning imkoniyatlari tibbiy jihozlar va dori-darmonlar yetishmovchiligi tufayli keskin chegaralangandi. Xorazm viloyati misolida aytadigan boʻlsam, yiliga oʻrta hisobda koʻkrak bezi va bachadon boʻyni saratoni bilan kasallangan 500 nafar ayollar chet el klinikalarida davolanish uchun ketishga majbur boʻlishardi. Koʻkrak bezi saratoniga vaqtida tashxis qoʻyish uchun mammograf, bachadon boʻyni saratoniga tashxis qoʻyishga kolposkop, davolash uchun nur, immunogistokimyoviy jihozlar yetishmas edi. Dori taʼminoti koʻpi bilan 15 foizdan ortmas, bemorlarning 5-yillik yashovchanligi atigi 30-35 foizni tashkil qilardi. Ushbu kasallik asoratlari natijasida koʻplab ayollar hayotdan koʻz yumishar edi.
2020-yilda Prezidentimiz onkologiya muassasasiga shaxsan tashrif buyurib, sohadagi muammolar bilan yaqindan tanishgach, sohani isloh qilish boʻyicha qabul qilgan bir qator qarorlari holatning tubdan yaxshilanishiga imkon berdi. Dori taʼminoti onkologiya muassasalarida 90-95 foizga yetkazildi, Islom taraqqiyot banki tomonidan 100 mln. AQSH dollaridan ortiq mablagʻ ajratilib, barcha onkologiya muassasalari zamonaviy tibbiy uskunalar bilan yangidan jihozlandi. Har yili yuzlab onkolog mutaxassislar xorijdagi yetakchi kliniklarda oʻz malakalarini oshirib kelishmoqda.
Yangi qabul qilingan qaror bilan ayollar orasida onkologik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash
va davolash tizimini takomillashtirish, zamonaviy skrining usullarini amaliyotga keng joriy etish, ushbu yoʻnalishlarda olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish hamda mutaxassislarning bilimlarini oshirish, koʻnikmalarini rivojlantirish chora-tadbirlari belgilandi. 2025 – 2030-yillarga moʻljallangan bachadon boʻyni va koʻkrak bezi saratonini nazorat qilish dasturi tasdiqlandi. 30-65 yoshdagi ayollar tibbiyot xodimlari tomonidan har 2-yilda bir marotaba birlamchi saralash, 45 yoshgacha boʻlgan ayollarda koʻkrak bezini ultratovush tekshiruvi usulida, 45-65 yoshdagi ayollar mammografiya orqali koʻrikdan oʻtkaziladi.
Qarorning ijrosi taʼminlanishi natijasida kasallikni dastlabki bosqichlarda aniqlash 85-90 foizga erishiladi, natijada onkologik kasalliklar bilan ogʻrigan ayollarning umr koʻrish davomiyligi oshadi. Yana bir muhim masala kasalliklarni erta aniqlash natijasida tibbiyotda katta iqtisodiy samaradorlikka erishiladi.
Respublika onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Xorazm filialida oʻtkazilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, koʻkrak bezi saratonini soʻnggi bosqichlarda davolash uchun har bir bemorga 81 mln soʻm sarflansa, erta bosqichlarda aniqlangan holatlarda bu koʻrsatkich 5 mln soʻmni, yaʼni 16-marta kamroq mablagʻni tashkil etadi. Xuddi shunday samaraga boshqa onkologik kasalliklarda ham erishilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, mazkur qaror ijrosi ayollarning salomatligini yanada mustahkamlashga, onkologik kasalliklarni erta aniqlash va bartaraf etishga xizmat qiladi.
Tohirjon POLVONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdir”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring