Ayollar huquqlari masalasi jahon parlamentlari nigohida

20:18 12 Sentyabr 2022 Jamiyat
478 0

Har bir davlat va jamiyat oʻziga xos rivojlanish va taraqqiyot qonunlariga asoslangan holda taraqqiy topadi, yuksaladi. Davlat va jamiyat siyosiy munosabatlarida inson omili hal qiluvchi rol oʻynaydi. Bunda ayollarning oʻrni alohida ahamiyatga ega.

Yangi Oʻzbekistonda joriy yilning 8 — 9 senyabr kunlari nufuzli xalqaro anjuman — Parlamentlararo Ittifoq aʼzosi boʻlgan davlatlar parlamentlari ayol-rahbarlarining 14-sammiti yuqori darajada tashkil etildi. Mazkur nufuzli xalqaro anjumanda bevosita qatnashgan ishtirokchi sifatida ishonch bilan aytishim mumkinki, bu jarayonda ona siymosidagi ayol zotiga boʻlgan davlatimiz siyosatining, yuksak ehtirom, eʼzoz va gʻamxoʻrlikning oliy namunasini amalda yana bir bor guvohi boʻldik.

Toshkent sammitining oʻziga xos siyosiy jihati shundaki, Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi marta aynan yangi Oʻzbekistonda tashkil etilganligi hamda yurtimizda soʻnggi besh yillikdagi islohotlar samarasining jahon hamjamiyati tomonidan eʼtirof etilganidadir.

Binobarin, insoniyat tarixidan maʼlumki, har bir jamiyatning madaniy va maʼnaviy darajasi ayolga boʻlgan munosabat bilan belgilanadi. Bugun xalqaro miqyosdagi boshqaruv qarorlarini ishlab chiqishda ayollarning faol ishtirok etishi tendensiyasi umum eʼtirof etilgan. Gender tengligining asosiy sharti va koʻrsatkichi boʻlgan bu mezon jamiyat barcha aʼzolarining istiqbolli rivojlanishga qoʻshgan hissasini qadrlashga qaratilgan.

Taʼkidlash joiz, xalqaro maydonda Parlamentlararo Ittifoq barcha mamlakatlar oʻrtasida hamkorlik va muloqotni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan dunyodagi (1889-yilda asos solingan) koʻp tomonlama xalqaro siyosiy tashkilot sanaladi. U dunyo mamlakatlari parlamentlari manfaatlarini himoya qiladi va xalqaro huquq institutlarini rivojlantirishda yetakchi rol oʻynaydi.

Parlamentlararo Ittifoq mintaqaviy parlamentlararo tashkilotlar va xalqaro, hukumatlararo va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. 2022-yil holatiga koʻra, Parlamentlararo Ittifoqqa 192 ta mamlakatning milliy parlamentlari va 14 ta mintaqaviy parlament assambleyalari aʼzo hisoblanadi. Tashkilot demokratiya va inson huquqlari, parlamentariylarning fuqarolik huquqlari hamda parlamentning ayollar qoʻmitalarida, shu bilan birga, geosiyosiy guruhlar va ixtisoslashgan komissiyalarda ish olib boradi.

“Hamma uchun demokratiya sari” shiori boʻlgan ushbu xalqaro tashkilot BMT Bosh Assambleyasida doimiy kuzatuvchi maqomiga ega. Oʻzbekiston mazkur tashkilotga 2017-yil oktyabr oyidan buyon aʼzo hamda 2019-yil 18-oktyabrdagi 141-Assambleyasida akademik Akmal Saidov Oliy Majlisni oʻz ichiga olgan Yevroosiyo guruhidan Parlamentlararo Ittifoq Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi etib saylangan.

Parlamentlararo Ittifoqning Gender sheriklik guruhi 2013-yil oktyabr oyida gender tenglik masalalarini hisobga olishni va tenglikni aniqlash siyosatini tashkilot faoliyatining mustahkam asosi sifatida rasman qabul qildi. Parlamentlarning ayol-rahbarlari sammiti esa oʻzaro tajriba va fikr almashish, ayol-parlamentariylar oʻrtasida ochiq, samimiy va doimiy hamkorlik oʻrnatish uchun eng qulay platformadir.

2022-yil 1-yanvar holatiga koʻra, ayollar 3 ta parlamentda (Ruanda, Kuba va Birlashgan Arab Amirliklari) parlament umumiy aʼzolarining 50 foizini yoki undan koʻpini, 20 ta parlamentda esa 40 dan 50 foizgacha qismini tashkil etadi. Bu koʻrsatkich boʻyicha Oʻzbekiston Oliy Majlisdagi ayollarning 32,7 foiz ulushi bilan 45-oʻrinni egallab, Germaniya, Singapur, AQSH, Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya kabi davlatlardan oldinda bormoqda.

Eʼtirof etish kerak, parlamentlardagi ayol-spikerlarning xalqaro uchrashuvi har yili gender tengligi himoyachilari va xalqaro hamjamiyat eʼtiborini kuchaytirmoqda, chunki ushbu tadbir asosan eng dolzarb ijtimoiy muammolar va ularning yechimiga doir masalalarga bagʻishlanishi bilan diqqatga sazovor.

Parlamentlararo Ittifoq ayol-spikerlarining xalqaro sammiti 2005-yildan boshlab har yili (2011, 2017, 2019-2020-yillardan tashqari) oʻtkazib kelinmoqda. Oʻtgan yili 6-sentyabrda Venada “Ayollar diqqat markazida: pandemiyaga qarshi turishdan tortib, yutuqlarni saqlab qolish va gender nuqtayi nazaridan tiklanishgacha” mavzusida video konferensiya rejimida boʻlib oʻtgan 13-sammitda 57 mamlakat vakillari qatorida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi. Unda navbatdagi sammitni Oʻzbekistonda oʻtkazish haqida qaror qabul qilingan edi.

Nima sababdan 14-sammit uchun aynan Oʻzbekiston tanlandi?

Bunga asosiy sabab soʻnggi yillarda mamlakatimizda jadal amalga oshirilayotgan tub islohotlar hamda ularning xalqchilligi va hayotiyligi xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uygʻotgani, Yangi Oʻzbekistonning qisqa muddatdagi va katta amaliy tajribasi global oʻrganish uchun munosib topilgani, jumladan, jamiyatimizda gender tenglikni taʼminlash, ayol qadrini va uning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, huquqiy sohalardagi barcha boʻgʻinlarda faolligini oshirish borasidagi saʼy-harakatlar natijasida erishilgan bemisl yutuqlar, desak haq gapni aytgan boʻlamiz.

Sir emas, 2017 – 2021-yillarda jamiyat va davlat hayotida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratilishiga erishish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning teng ishtirok etishini taʼminlash, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻrni va roli alohida eʼtiborga molik.

Xususan, xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida birinchi marta Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tashkil etildi. 2021-yilda Senatning 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqlash haqida qarori eʼlon qilinganligi dunyo davlatlarining Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarga ishonchini yanada orttirdi.

Sohada olib borilayotgan islohotlar xalqaro reytinglardagi mamlakatimiz oʻrniga ijobiy taʼsir koʻrsatib, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida Oʻzbekiston 2020-yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik boʻyicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi va 5 pogʻonaga yuqorilab, 190 ta davlat orasida 134-oʻrinni egalladi.

Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, sohaga oid 25 ta qonunchilik hujjati qabul qilindi. Davlat va jamoat tashkilotlari tizimida minglab ayollar rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.

Oliy Majlis palatalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga 2019-yilda boʻlib oʻtgan saylovlarda roʻyxatdan oʻtgan 21 mln 435 ming saylovchining qariyb 50 foizi yoki 10 mln. 825 ming 641 nafari xotin-qizlardir. Ushbu saylovlarda koʻrsatilgan nomzodlarning 41 foizi ayollar boʻlib, ularning soni Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksida belgilangan 30 foizlik kvotadan ortdi. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining 32, Senati aʼzolarining va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, mahalliy Kengashlar deputatlarining qariyb 25 foizini xotin-qizlar tashkil etganligi fikrlarimizning yaqqol isbotidir. Albatta, bu natijalar sammit qatnashchilari tomonidan yuksak eʼtirof etildi.

Prezidentimizning 2022-yil 7-martda qabul qilingan “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni esa sammit borasidagi tashkiliy-huquqiy tayyorgarlik uchun ham muhim asos boʻldi. Farmon bilan “2022 – 2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha Milliy dastur” hamda uni 2022 – 2023-yillarda amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Kompleks chora-tadbirlar rejasi II boʻlimi (“Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish”) “Davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning oʻrni va mavqeini yanada mustahkamlash” deb nomlangan 2.3-bandining 54-grafasida “Parlamentlararo Ittifoq bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda parlamentlar ayol-spikerlari Global sammitini tashkil etish” va bu borada qator chora-tadbirlar nazarda tutilgandi.

Umuman olganda, Parlamentlararo Ittifoq aʼzosi boʻlgan davlatlar parlamentlari ayol-rahbarlarining 14-sammitining asosiy maqsadi parlamentlarning gender tengligi va ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlari va harakatlarini aniqlashdan iborat boʻldi.

Barqarorlik va farovonlikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi, pandemiya va unga bogʻliq inqirozlardan olingan saboqlar, kelajakda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlar muhokama qilindi.

Chunonchi, 14-sammitning:

“Pandemiyadan keyingi global tiklanishga toʻsiq boʻladigan xatarlarni bartaraf etish” nomli birinchi sessiyasida Xalqaro mehnat tashkiloti vakili, Rossiya, Bahrayn, Ozarbayjon, Belgiya, Bangladesh, Turkmaniston davlatlari parlament ayol-rahbarlari maʼruza qilib, unda: “COVID-19” pandemiyasi saboqlaridan iqtisodiy barqarorlikni oshirish uchun foydalanish; tengsizlik va himoyasizlik (ojizlik)ni qisqartiradigan ijtimoiy va hamjihat iqtisodiyotga erishish; xotin-qizlarni himoyalash, jumladan, ularning reproduktiv salomatligini saqlash sohasida, shuningdek, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish uchun koʻriladigan zaruriy choralar; iqtisodiy tiklanish iqlim oʻzgarishi komponentini oʻz ichiga olishini taʼminlash muammolari; iqtisodiyotni tiklash boʻyicha oʻz mamlakatlarida qabul qilingan ilgʻor tajribalar jahon parlamentlari ayol-rahbarlari tomonidan eng yaxshi amaliyot sifatida misol qilib keltirilishi kabi masalalar koʻrib chiqildi;

“Texnologiyalar bilan bogʻliq xavf-xatarlarlarning oldini olish va texnologiyalar olamida inson huquqlari va gender tengligini himoya qilish” mavzusidagi ikkinchi sessiyasida BMT maxsus maʼruzachisi, Yevropa palamenti vitse-prezidenti hamda Indoneziya, Sloveniya, Chernogoriya, Ruanda, Ispaniya mamlakatlari parlamentlari ayol-rahbarlarining maʼruzalari tinglanib: “COVID-19” pandemiyasi raqamli iqtisodiyot va mehnat sohasida texnologik innovatsiyalarga oʻtishni tezlashtirgani; raqamli boʻshliqlarni bartaraf etish boʻyicha milliy va xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan tashabbuslar; parlamentlar qanday usul, uslub va shakllarda xotin-qizlarning huquqlari va erkinliklarini Internet jahon axborot tarmogʻi orqali yaxshiroq va kengroq targʻib etishi hamda himoya qilishi mumkinligi kabi masalalar atroflicha va xalqaro darajada muhokama qilindi.

Sammitning 9-sentyabrdagi 2-ish kunida “Barqarorlik va farovonlikni maqsad qilgan genderga mos parlamentlar” deb nomlangan maxsus segment doirasida Bahrayn, Indoneziya, Bangladesh, Sloveniya, Zimbabve, Belgiya, Janubiy Sudan davlatlari parlamentlari ayol-rahbarlari dolzarb mavzularda maʼruzalar bilan ishtirok etishdi.

Anjuman yakunida Sammitning yakuniy hujjati — Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Hujjatning asosiy mazmun-mohiyati shundaki, unda mamlakatlarning barqaror ravnaq topishini va farovonligini taʼminlash, mavjud xavf-xatarlarni baholash va ularni bartaraf etishda gender tengligiga yoʻnaltirilgan parlament yetakchiligini shakllantirish bilan bogʻliq ustuvor vazifalar koʻzda tutilgan.

14-sammitning bevosita ishtirokchisi sifatida shuni eʼtirof etishni istardimki, ushbu sammitdan kelib chiqadigan kelgusidagi ustuvor vazifalar ham belgilandi. Bular:

birinchi, xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash;

ikkinchi, ayollarning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga alohida eʼtibor qaratish;

uchinchi, Internet jahon axborot tarmogʻi hamda ommaviy axborot vositalari orqali ayollar huquqlarini har tomonlama himoya qilish, ularning shaʼni, qadr-qimmatini kamsitish va taʼqib qilish bilan bogʻliq salbiy holatlarni bartaraf etish boʻyicha samarali chora-tadbirlarni amalda qoʻllash;

toʻrtinchi, xotin-qizlar muammolari yechimlariga va gender tenglikni toʻliq taʼminlash masalalariga doir huquqiy asoslarni parlamentlar yetakchiligida ular tomonidan qabul qilinadigan qonunlarda aks ettirish.

Muxtasar aytganda, Sammit Parlamentlararo Ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol-rahbarlari, umuman olganda, ayol-parlamentariylar oʻrtasida raqamli texnologiyalar zamonida har bir jabhada inson huquqlari himoyasini va gender tenglikni taʼminlash borasida oʻzaro fikr va tajriba almashish uchun oʻziga xos platforma boʻldi.

Foziljon OTAXONOV,

Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari

va parlament tadqiqotlari instituti direktori,

yuridik fanlar doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?