Ayol qalbidagi umidlar

15:16 16 Fevral 2026 Jamiyat
287 0

Ular poytaxtdagi oliy oʻquv yurtida tahsil olishdi. Bir-birlariga koʻngil qoʻydilar. Qiz Buxorodan, yigit esa Surxondaryodan. Toʻy boʻldi. Birin-ketin besh farzand tugʻildi. Dunyoda ulardan baxtliroq oila yoʻq edi.

Ammo nogahon kelgan dard Matlabning turmush oʻrtogʻini toʻshakka mixlab qoʻydi. Roʻzgʻor tashvishlari, qaynona-qaynota xizmati, bola tarbiyasi ayol zimmasiga tushdi. Ammo u qiyinchiliklarga boʻyin egmadi. Umr yoʻldoshining oyoqqa turib ketishiga umid bogʻlab yashadi.

Taassufki, uni oldinda taqdirning beshafqat zarbasi kutib turardi. Muolajalarga qaramay erining dardi ortga chekinay demadi. Sokin tonglarning birida Oltinsoyda umrguzaronlik qilayotgan bu xonadondan dod-faryod tovushi eshitildi. Suygani, ne-ne umidlar bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan kishisi qaytmas boʻlib ketdi. Biri-biridan shirin bolalarining diydoriga toʻymay ketdi. Ayol qanotidan ayrilgan qushdek boʻlib qoldi. Oʻshanda toʻngʻichi 8 yosh, kenjasi esa 8 oylik chaqaloq edi.

Oradan uch yil oʻtdi. Ayol bolalarini olib Romitanga – ona qishlogʻiga qaytdi. Mehr – oqibat koʻngil jarohatiga eng yaxshi malham. Otasi, qarindoshlar, qoʻni-qoʻshni unga hashar yoʻli bilan uy-joy tiklab berdilar.

– Qiyin kunlarda yaqinlarimning madadini his etib yashadim, – deydi Matlab Kenjayeva bundan 23-yil oldingi ogʻir kunlarni esga olib. – Yangi uyga koʻchib oʻtdik. Bolalarimning oldi maktabga, kichiklari bogʻchaga qatnay boshladi. Mahalla fuqarolar yigʻiniga kotib boʻlib ishga kirdim. Bu menga katta kuch berdi. Boquvchisini yoʻqotgan, nogiron, yakka-yolgʻiz insonlarga imkon qadar koʻmaklashganimda allaqanday yengil tortardim. Birni koʻrib fikr, birni koʻrib shukr qil, deganlaridek, farzandlarimning ertasini oʻylab yashadim.

Xuddi shu tuygʻu keyinchalik tuman xotin-qizlar qoʻmitasi mutaxassisi sifatida ishlaganida ham, tuman madaniyat boʻlimiga rahbar boʻlib faoliyat koʻrsatganida ham uni tark etmadi. Soʻng qahramonimizni “Attoron” mahallasi raisi etib saylashdi. Shunda ham kechani kecha, kunduzni kunduz demadi. Fermer xoʻjaligidan ijaraga yer olib, paxta yetishtirdi. Bahorda ipak qurti boqdi. Farzandlarini mehnatga, halol ishlab rizq-roʻz topishga oʻrgatdi. Surxondaryoni, bu serquyosh zamindagi turmush oʻrtogʻining qon-qarindoshlarini yoʻqlab turishni ham unutmadi.

– Bugun u sabr-bardosh, toqat, qanoat, matonat, mehnat ortidan kelgan mevadan bahramand boʻlib yashamoqda, – deydi mehnat faxriysi Zuhra Qurbonova. – Tumanimizda turmush qiyinchiliklarini yengib, ertangi kunga ishonch bilan yashayotgan bunday ayollar koʻp. Men ular taqdirini, umr yoʻlini ayrim yoshlarimizga ibrat, oʻrnak qilib koʻrsatgan boʻlur edim.

Zuhra opa haq. Baʼzi yigit-qizlarda sabru qanoat, shukronalik, oʻzaro ishonch, bagʻrikenglik fazilatlari yetishmayotgandek tuyuladi. Shu boisdan ham ular qurgan oila kemasi hayot deb atalmish dengiz poʻrtanalari oldida dosh bera olmay chil-parchin boʻlayapti. Oʻtgan yilning oʻzida birgina Buxoro shahrida 250 tadan ziyod ajrim roʻy bergani, oʻnlab bolalar tirik yetim qolgani shu fikr isboti emasmi?

Yana Matlab Kenjayevaning oilasiga qaytamiz. Bu matonatli yurtdoshimiz qalbidagi orzu-umidlar tobora palak yozmoqda. Qizlarini turmushga uzatib, oʻgʻil uylantirdi. Biri oʻqituvchi, biri shifokor, yana biri muhandis. Shirindan shakar nevaralarini aytmaysizmi?

Shunday yorugʻ kunlar qadriga yetib, nurli orzu-umidlar bilan yashaganga nima yetsin?!

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер