Ayol baxtli boʻlsa, oila va jamiyat ham albatta baxtli boʻladi

00:23 07 Sentyabr 2022 Siyosat
497 0

Foto: Халқ сўзи

Bir haqiqat ayonki, har qanday xalqning maʼnaviy darajasini avvalo shu yurt ayollarining maʼnaviy saviyasi belgilaydi.

Shavkat Mirziyoyev

Keyingi yillarda mamlakatimizda kechayotgan yangilanish jarayonlari va ularning natijalaridan barchamiz yaxshi xabardormiz.Oʻzbekiston dunyoga keng ochilmoqda, barcha yoʻnalishda xalqaro aloqalarimiz mustahkamlanib, shunga mos ravishda iqtisodiyotimiz yuksalmoqda, maʼnaviy qadriyatlarimiz tiklanmoqda.

Bugungi zamon taqozosidan kelib chiqib,Oʻzbekistonda jamiyat hayotining barcha jabhasida islohotlar izchillik bilan davom ettirilmoqda, taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qoʻyildi.

Milliy parlamentning mana shu jarayonlarda bevosita ishtirokini taʼminlash, uning roli va nufuzini izchil oshirib borish maqsadida eng muhim ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy vazifalarni hal etishdagi vakolatlari sezilarli darajada kengaydi. Mamlakatimiz Prezidentining siyosiy irodasi tufayli amalga oshirilayotgan bunday islohotlar oʻz oʻrnida milliy parlamentimizning nafaqat davlat va jamiyat hayotidagi faolligi, balki dunyo miqyosidagi obroʻsining oshishiga ham xizmat qilmoqda. Hozirgi kunda parlamentimiz koʻplab xalqaro tashkilotlar, jumladan, Parlamentlararo Ittifoqning faol aʼzosi sifatida oʻz vakolati doirasida eng dolzarb masalalarga doir taklif va tavsiyalarni ilgari surib kelmoqda.

Xabaringiz bor, oʻtgan yili Vena shahrida boʻlgan Parlamentlararo Ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlari sammitida mazkur formatdagi navbatdagi 14-sammitni Oʻzbekistonda oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qilingan edi. Yuqori nufuzga ega boʻlgan ushbu anjumanning MDH hududida ilk bor Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgani mamlakatimizda parlamentarizmni rivojlantirish, inson huquq va manfaatlarini taʼminlash hamda jamiyatni demokratlashtirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar va ularning amaliy natijalari jahon hamjamiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotganiga yana bir yorqin misoldir.

Joriy yilning 8-9-sentyabr kunlari poytaxtimizda “Parlamentning yetakchi roli: yanada samarali barqarorlik va farovonlikni taʼminlashda xavf-xatarni baholash” degan mavzuda boʻlib oʻtadigan sammitda dunyoda yuzaga kelgan bugungi vaziyatdan kelib chiqib, eng dolzarb masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda. Aniqroq aytadigan boʻlsak, nufuzli anjuman doirasida COVID-19 pandemiyasi va u keltirib chiqargan inqirozlar jarayonida gender tenglikni kafolatlash, barqaror rivojlanish va farovonlikni taʼminlash, iqtisodiyotni tiklashda xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish borasida parlamentlar uchun ustuvor boʻlgan vazifalar hamda aniq saʼy-harakatlar yoʻnalishlari belgilab olinadi.

Toshkent sammitida BMT, Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament AssambleyasiMDOʻ Parlamentlararo Assambleyasi kabi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, 22 ta davlatdan 140 dan ortiq parlament vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Albatta, mana shunday yuqori nufuzga ega boʻlgan shaxslardan tarkib topgan delegatsiya ayni anjumanning muvaffaqiyatini taʼminlashga xizmat qiladi.

Nima uchun mazkur xalqaro sammitga mezbonlik qilish Oʻzbekistonga berildi? Yuqorida aytib oʻtilganidek, avvalo, yurtimizda soʻnggi yillarda jadal olib borilayotgan tub islohotlar, ularning hayotdagi amaliy natijalari xalqaro hamjamiyat tomonidan qiziqish bilan qabul qilinmoqda, qisqa muddatda toʻplangan tajribalar oʻrganishga munosib deb topilmoqda. Jumladan, gender tenglikni taʼminlash, jamiyatda xotin-qizlarning qadrini, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy jabhalardagi faolligini oshirish boʻyicha misli koʻrilmagan ishlar bajarildi. Aslida oʻzbek xalqi azaldan ayolga, onaga va qizlarga hamisha eng ezgu insoniy tuygʻular, orzu-niyatlar bilan, ularga hayotimiz davomchilari sifatida munosabatda boʻlib kelgan. Ayni chogʻda ushbu qadriyatlar asosida xotin-qizlarga hurmat, ularni eʼzozlash, qizlar tarbiyasi hamda opa-singillarimizning davlat va jamiyat hayotidagi oʻrni va ishtirokini mustahkamlash kabi ishlar yangicha mazmunda, keng miqyosda davom etmoqda. Muhimi, bu borada belgilanayotgan chora-tadbirlar qogʻozda qolib ketmasdan, tez orada xotin-qizlar hayotida oʻz amaliy natijalarini namoyon etmoqda.

Ayniqsa, pandemiya kutilmagan inqirozni keltirib chiqargan, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga putur yetkazayotgan hamda butun dunyoda kambagʻallik, tengsizlik va nochorlikni kuchaytirayotgan bir paytda bunday choralar nihoyatda zarur. Qolaversa, pandemiyadan soʻng jahon iqtisodiyotining tiklanish jarayoni hali-hanuz beqarorligicha qolmoqda, bunga dunyoda roʻy berayotgan turli nizolar, urushlar ham jiddiy toʻsqinlik qilmoqda. Prognozlarga koʻra, kelgusi yillarda koʻpchilik mamlakatlar katta byudjet taqchilligiga ham duch kelishlari mumkin.

Modomiki shunday ekan, barcha davlatlarning hukumatlari bilan bir qatorda, parlamentlari ham ushbu muammolarni hal qilishga tayyor boʻlishi talab etiladi. Shu maʼnoda, bugun parlamentlar, agar ular inqirozlardan olingan saboqlarga tayangan, kelajakdagi xavflarni oldindan taxmin qilgani holda, barcha uchun barqarorlik va farovonlikni taʼminlashga qodir eng samarali institutlarga aylanishni istar ekan, kuchli, inklyuziv boʻlishi va gender jihatlarni hisobga olishi suv va havoday zarur.

Mana shunday xulosalardan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda gender tenglikka erishish, xotin-qizlar huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirishga ham katta eʼtibor berilmoqda. Bu Oʻzbekistonning xotin-qizlarni har qanday kamsitishdan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya qilishni taʼminlaydigan asosiy xalqaro hujjatlarga qoʻshilganida va boshqa koʻplab ezgu saʼy-harakatlar misolida ham yaqqol koʻrinib turibdi.

Soʻnggi yillarda xalqaro meʼyorlar va standartlarga asosan, mazkur sohaga doir 40 ta qonun hujjati, jumladan, 2 ta qonun, Prezident va Hukumatning 36 ta Farmon va qarorlari qabul qilindi.

Maʼlumki, har qanday mamlakatda gender tenglik qanchalik taʼminlanganligi xotin-qizlarning davlat boshqaruvida eng yuqori pogʻonalarni egallagan oʻrni bilan ham belgilanadi. Nega deganda, ularning mamlakat taqdiri bilan bogʻliq muhim qarorlar qabul qilinadigan davlat idoralarida yetarlicha vakillikka ega boʻlishi, xotin-qizlarning manfaatlari shunchalik samarali ilgari surilishi va mazkur hujjatlarda amalda oʻz aksini topishida katta rol oʻynaydi. Parlamentlararo Ittifoq maʼlumotiga koʻra, unga aʼzo 130 davlat ichida Oʻzbekiston mazkur koʻrsatkich boʻyicha 45-oʻrinni egallagan.

Davlatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, xorijiy davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan keng koʻlamli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash masalalari hamisha dolzarb vazifa sifatida kun tartibidan joy olmoqda.

Prezidentimizning 2019-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya tuzilganidan keyin bu boradagi ishlar yangicha surʼat oldi.

Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida komissiya tomonidan hamkor tuzilmalar koʻmagida mamlakatda gender tenglikni taʼminlash va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilash, oila institutini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakliga barham berish boʻyicha umum eʼtirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonunchilik hujjatlariga implementatsiya qilish va ayollar huquqiy madaniyatini oshirish yoʻnalishlarida qator ezgu ishlar roʻyobga chiqarildi.

Xususan, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar mazkur qonunlarga muvofiqlashtirildi. Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tashkil etildi. Qator nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda xalqaro forum va anjumanlar, “Biz zoʻravonlikka qarshimiz” shiori ostida aksiyalar muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda.

Shuningdek, ayollar bandligini taʼminlashga yangi yondashuv doirasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda yurtimizning 14 ta hududida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etildi. Muhimi, hozirgi kunga qadar bu markazlar tomonidan yuzlab opa-singillarimiz oʻzlarining tadbirkorligini yoʻlga qoʻyib, katta yutuqlarga erishib kelmoqda.

Komissiyaning xotin-qizlarning boshqaruv, biznes va tadbirkorlik sohalaridagi ishtirokini kengaytirish, oilaviy biznes va kasanachilikni rivojlantirish orqali ish bilan taʼminlash yoʻnalishlaridagi faoliyati ham eʼtiborga molik.

Bundan tashqari, komissiya tomonidan milliy va xalqaro standartlar asosida 2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi loyihasi ishlab chiqilib, qabul qilingani va unda mamlakatimizda ayollar va erkaklar uchun ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy sohada teng huquq va imkoniyatlar yaratish maqsadlari qamrab olingani ham xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq kutib olindi.

Albatta, bularning barchasi soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholimizning qariyb yarmini tashkil etadigan ayollarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish, isteʼdodi va qobiliyatini yuzaga chiqarish, onalik va bolalikni himoya qilish davlat siyosatida amalda ustuvor ahamiyat kasb etayotganidan darak beradi.

Hozirgi kunda “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoya asosida mamlakatimizda izchil davom etayotgan yangi islohotlar jarayonida ham xotin-qizlarga eʼtibor masalasi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, olib borilayotgan ishlar nafaqat bugun dolzarb boʻlib turgan masalalarni hal etishga, balki istiqbolda bu borada yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarning oldini olishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir. Bunga bir misol sifatida hozirda hayotimizga chuqur singib borayotgan “Ayollarga ilm berish — jamiyatni ilmli, maʼrifatli va salohiyatli qilish” degan mezon asosida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijasini keltirish mumkin.

Tasavvur qiling, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan birgina 2021-yilda 190 ming nafar ayol kasb-hunarga oʻqitildi, 2 ming nafar qiz alohida grant asosida oliy oʻquv yurtlariga qabul qilindi, 1,8 ming talaba qizga shartnoma mablagʻlari toʻlab berildi. Natijada oʻtgan yili xotin-qiz talabalar 2016-yildagi 38 foizdan 60 foizga yetdi.

Bu, albatta, bizning ortimizdan zamonaviy bilim va kasblarni egallagan, yangicha dunyoqarash va oʻzining mustahkam hayotiy pozitsiyasiga ega boʻlgan xotin-qizlarning katta armiyasi kelayotganidan darak beradi. Ular ertaga jamiyatimizga yangi nafas, mamlakatimiz taraqqiyotiga yangi toʻlqin baxsh etadi. Bizning vazifamiz ularni mana shunday ulugʻvor ishlarga ruhlantirish, salohiyat va imkoniyatlarini toʻliq ishga solishida yaqindan koʻmak berishdan iborat.

Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining “Ayol baxtli boʻlsa, oila va jamiyat ham albatta baxtli boʻladi. Shuning uchun ham barchamiz — Prezidentdan tortib eng quyi boʻgʻindagi rahbar va mutasaddilar ana shu oliy mezonga amal qilib ishlashimiz zarur. Shundagina xalqimiz ham, Yaratgan ham bizdan rozi boʻladi”, degan soʻzlari bizning bu boradagi saʼy-harakatlarimizda dasturilamal boʻlib kelayotganini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.

Ishonamizki, Parlamentlararo Ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining Toshkent sammiti ham bizning mana shu yoʻnalishlarda olib borayotgan ishlarimizni yanada keng koʻlamda davom ettirish, bu boradagi ilgʻor tajribalar bilan oʻrtoqlashish hamda mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyoti, xalqlarimiz farovonligini taʼminlashga ayollarni yanada kengroq safarbar etish yoʻlidagi saʼy-harakatlarimizni samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.

Tanzila NORBOYEVA,

Oliy Majlis Senati Raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?