Avval quyoshingga oʻrgandim Vatan, sarin sabolaring uygʻotishiga

11:52 24 Oktyabr 2020 Madaniyat
1143 0

“Xalq soʻzi” gazetasi yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tahririyat rasmiy veb-sayti “Madaniyat” rukni ostida “Yosh ijodkorlar gurungi”ni tashkil etgan edi.

Unda yosh shoir, nosir va tarjimonlarning ijodiy ishlari eʼlon qilib borishda davom etamiz.

Navbatdagi mehmonimiz yosh ijodkorlar, isteʼdodli shoira Gulnor.

U 2003-yil Toshkent shahrida tavallud topgan. Sergeli tumanida istiqomat qiladi, shu tumandagi 303-sonli maktabni tamomlagan. Yoshligidan ijodga, klassik musiqalarga va pianino chalishga qiziqishi baland. Hozirda oliy taʼlim yurtiga kirish ostonasida. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining koʻplab ijodiy toʻgaraklari faol aʼzosi. Sheʼrlari qator adabiy saytlarda, “Nazm silsilasi” yoshlar bayozida, matbuotda eʼlon qilingan. Hozirda tuman, shahar, viloyat, respublika nashrlarida, saytlarida chop etib kelinmoqda.

Quyida yosh shoira ijod mahsullaridan eʼtiboringizga havola etamiz.

* * *
Avval quyoshingga oʻrgandim Vatan,
Sarin sabolaring uygʻotishiga.
Basharni demayman chumolilarning,
Shodlik ato etgin aziz boshiga.

Toʻldirgin, Allohim, qalbimga siyoh,
Jismimga bardavom soʻz ber, qalam ber!
Quyosh ufq pinjida uxlagan payti
Endi meni faqat uygʻotadi sheʼr,

Endi meni faqat uygʻotadi sheʼr...

TA JEN SHEN
(hayotiy voqea asosida)

Mushdekkina tilchi yigitning —
Asl ismi edi Ta Jen Shen.
Xitoy xalqin Shinjoy tomirin
Qoni edi, yurak urishi.

Xitoy tilin jondan sevsada,
Oʻzbek tili koʻrkamroq derdi.
Va axiri Oʻzbekistonning —
Mashhur bilim yurtiga keldi.

Oʻzbek tili oliygohida —
Doʻstlar bilan tanishdi dildan.
Koʻplab maqol qoʻshib soʻzlardi
Adabiy til, oʻzbek tilida.

Odobiyu axloqi bilan
Oʻzbeklarga mos edi jismi,
Talabalar quvonsin deya —
Tojiddin deb qoʻydilar ismin.

Oliygohga, aziz doʻstlarga 
Et-tirnoqday uyqash boʻldi u.
“Tojiddin” deb chorlasalar gar
Dunyodayin kuchga toʻldi u.

Tilimizda shaffof soʻzlardi,
Maqollarni qoʻshar, lek ravon.
Nahot ruscha soʻzlarsiz udek
Soʻzlolmasa bizdayin avom?

Nahot Ta Jen aytgandek yuksak —
Oʻzbek tili talatoʻp boʻlsa,
Oʻz bagʻridan soʻzlar yoʻqolib,
Ajnabiy soʻzlarga toʻlsa?!

«Yoʻq, bu hodisa etmaydi davom
Bunga yoʻl yoʻq!» takrorlar dilim.
Sening yuzing onamdayin sof
Unga dogʻlar tushmaydi tilim!

Sen Navoiy tomirlaridan 
Yuragimga tomgan qon tilim!
Koʻksim uzra mushkin taratgan
Ikki dunyo kechmas jon tilim!

* * *

Nedandir boʻgʻzimdan olar bir gʻashlik,

Kimlardur toʻsadi taqdir yoʻlimni...

Bir hamroh istasam, hamroz istasam

oʻynoqi shamollar tutar qoʻlimni.

Sokinlik, shaddodlik singgan qonimga,

Sochim xazon kabi tushar tanovar.

Lablarim quruqshab boshlasa nogoh

koʻksimda shu damda qaynar samovar...

Hamrohim shamolning mushovirila

atlas koʻylagimdan sochilur ranglar!

Yuzimga salqinlik yugurgan sayin,

Koʻzlarimga toshib chiqadur anglam.

Barcha qulflarni parchalagudek,

Kalitlar – qalbimning zinapoyasi.

Nigohlarimdan ham kuchliroq ne bor?!

Sochilib ketadi usta ponasi...

Qulflar, kalitlar bizlar uchun yot!

Ne kerak bir kasga sovirib dardni.

Aytingchi qalb uchun topish mumkinmi

Oʻzidan ishonchli biror hamdardni..?

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер