Atopik dermatit: Kasallikni oʻzboshimchalik bilan davolash ogʻir asoratlarni keltirib chiqaradi

15:29 24 Avgust 2023 Jamiyat
527 0

Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikovaning aytishicha, atopik dermatitni samarali davolash uchun, avvalo, aniq tashxis zarur. Ammo baʼzi ota-onalar farzandlaridagi bu kasallik belgilariga oʻz vaqtida jiddiy eʼtibor qaratishmaydi.

Qolaversa, oʻzboshimchalik bilan, shifokor tavsiyasisiz turli dori-darmonlarni qoʻllash holatlari ham, afsuski, uchrab turadi.

Yana bir ogʻriqli muammo tibbiy amaliyotda atopik dermatitga baʼzan notoʻgʻri tashxis qoʻyilishidir. Bunday vaziyatda qoʻllaniladigan tibbiy muolajalar ogʻir asoratlarni keltirib chiqarishi maʼlum. Oqibatda bemor tezroq sogʻayish oʻrniga, ahvoli yanada ogʻirlashib, hayoti xavf ostida qolishi mumkin.

Atopik dermatit muolajasida dori-darmon terapiyasining oʻzi yetarli emas. Avvalo, sogʻlom turmush tarziga qatʼiy amal qilish lozim. Ovqatlanish ratsioni va teri parvarishi ham bu jarayonda katta ahamiyat kasb etadi.

Muolaja sxemasi toshmalarni kamaytirish, bakterial asoratlarning oldini olish, allergenlarga yuqori sezuvchanlikni zaiflashtirishga qaratilgan.

Buning uchun shifokor tavsiyasi asosida antigistaminlar, yalligʻlanishga qarshi va antibakterial preparatlar, sedativlar, vitamin hamda mineral komplekslar, allergiyaga qarshi komponentlar qoʻllanilishi mumkin.

Qolaversa, kasallikni davolashda parhez terapiyasi hal qiluvchi oʻrin tutadi. Bola taomnomasidan allergiya qoʻzgʻatuvchi mahsulotlarni chiqarish bemorning tezroq sogʻayishiga xizmat qiladi.

Oʻz navbatida, atopik dermatitni davolashda intensiv namlovchi yoki yengil qurituvchi taʼsirga ega turli krem va malhamlardan ham faol foydalaniladi.

Bu kasallik muolajasida ota-onalarning yordami ham katta rol oʻynaydi. Masalan, bemor xonasida namlik darajasi kamida 50 foiz boʻlishi, harorat esa +22 darajadan oshmasligi lozim.

Kichkintoylar terisi parvarishida kosmetik vositalardan minimal miqdorda foydalanish tavsiya etiladi. Chunki ular tanada qichishish belgilarini kuchaytirib, terining quruqlashishi yoki aksincha meʼyoridan koʻp namlanishiga sabab boʻladi.

Atopik dermatitdan aziyat chekadiganlar terisi tashqi taʼsirlarga juda sezgirdir. Bunday kichkintoylarga tez-tez choʻmilish va koʻp vaqt suv ichida boʻlish tavsiya etilmaydi.

Yuvinayotganda maxsus yumshatuvchi va namlantiruvchi vositalardan foydalanish kerak, mochalka ishlatish mumkin emas.

Iloji boricha, toza paxtadan tayyorlangan kiyimlar kiyish zarur. Yungli, sintetik va qattiq tolali matolardan esa saqlanish lozim.

Shuningdek, atopik dermatiti bor bemorlar xonadonida chang toʻplaydigan buyum va jihozlar saqlanmasligi muhim. Kiyimlar yopiq joyda turishi va doimiy tarzda changyutkichdan foydalanish kerak.

Ayni paytda Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazida ushbu kasallikni aniqlash va davolashning zamonaviy usullari qoʻllanilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер