“Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi

16:45 09 Avgust 2019 Jamiyat
1695 0

2019-yilning 9-avgust kuni Jizzax viloyati Forish tumani hokimligida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 2-iyul kuni qabul qilingan “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda tashkil etildi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.

Unda senator va deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar, viloyat va tuman hokimliklari vakillari, olimlar, mutaxassislar, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda mazkur Qonunning maqsadi, ahamiyati va asosiy yoʻnalishlari batafsil koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Qonun atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishni taʼminlovchi yangi joriy etilayotgan institutlar va tizimlar faoliyatini yoʻlga qoʻyishning huquqiy asoslarini yaratishga, atom energiyasi toʻgʻrisidagi normalar va qoidalarni unifikatsiyalashga, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishda fuqarolar va yuridik shaxslar xavfsizligini taʼminlashning samarali mexanizmlarini milliy qonun hujjatlariga tatbiq etishga qaratilgandir.

Fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini, jismoniy hamda yuridik shaxslarning mol-mulkini himoya qilish, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish ustuvorligi, xavfsizlikning taʼminlanishi, axborotning ochiqligi, yadroviy qurol va boshqa yadroviy portlovchi qurilmalar ishlab chiqarishning taqiqlanishi atom energiyasidan foydalanishning asosiy prinsiplari ekani uqtirildi.

Soʻzga chiqqanlar tomonidan Qonun atom energiyasini rivojlantirish va undan foydalanish sohasidagi yagona davlat siyosatini va strategik yoʻnalishlarni ishlab chiqish nuqtayi nazaridan alohida ahamiyat kasb etishi qayd qilindi.

***

Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi tomonidan “Yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlashda malakali kadrlar tayyorlashning muhim vazifalari: amaliyot, muammolar va ularning yechimi” mavzusidagi konferensiya ham oʻtkazildi.

Anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi va Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan tashkil etildi.

Soʻzga chiqqanlar taʼkidlaganidek, mamlakatimizning mavjud ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan faol investitsiya siyosati, shuningdek aholining turmush darajasi va sifatini yaxshilash boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida yildan-yilga energiya resurslariga ehtiyoj ortib bormoqda. Bu esa iqtisodiyot va ijtimoiy sohani ishonchli va samarali quvvat manbalari bilan taʼminlashni talab qilmoqda.

Bugungi kunda respublikamiz energiya manbai sifatida tabiiy gazga qaram, chunki aynan shu resursdan foydalanish elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmida 85 foizni tashkil etadi. Buni inobatga olib, Oʻzbekiston Hukumati mamlakatning barqaror iqtisodiy oʻsishini taʼminlash uchun energetika tarmogʻini rivojlantirishning turli variantlarini koʻrib chiqdi. Bunda asosiy yoʻnalish sifatida mamlakatimizda yadro energetikasi tarmogʻini shakllantirish vazifasi ustuvor etib belgilandi.

Bunday qarorni qabul qilishda Oʻzbekiston Hukumati tomonidan koʻpgina omil va holatlar hisobga olindi. Ular orasida energetik xavfsizlikni taʼminlash zarurati, atrof muhitga uglerod tashlanmalarini kamaytirish, atom elektr stansiyalari faoliyatining xavfsizlik koʻrsatkichlariga ishonchning ortishi, yadro energetikasining iqtisodiy jihatdan samardorligi va raqobatbardoshligi kabi omillarni sanab oʻtish mumkin. Natijada Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyati tomonidan 2018-yilning yanvar oyida mamlakatimizda AES qurish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi va mazkur yilning sentyabr oyida Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik (MAGATE)ning xavfsizlik boʻyicha barcha talablariga javob beruvchi quvvati 2 400 MVt boʻlgan ikkita energiya blokidan iborat “3+” avlod atom elektrostansiyasini qurish toʻgʻrisida Bitim imzolandi. Ushbu obyekt geografik joylashuv va boshqa zarur omillar nuqtayi nazaridan qulay boʻlgan hudud – Jizzax viloyati Forish tumanida qurilishi rejalashtirilmoqda.

Loyihani amalga oshirish maqsadida, mamlakatimizda zarur salohiyatni shakllantirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik ishlab chiqilmoqda, yadroviy va radiatsion xavfsizlikni boshqarish tuzilmasi takomillashtirilmoqda. Bunda, ayniqsa, Oʻzbekiston uchun yangi sohada malakali kadrlar tayyorlash masalasi davlatimizning diqqat markazida turibdi.

Taʼkidlanganidek, atom energetikasi sohasida kadrlarni oʻqitish va tayyorlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori bilan Toshkent shahrida “MIFI” Milliy yadro tadqiqot instituti filiali tashkil etilib, u birinchi talabalarni 2019/2020 oʻquv yilidan qabul qiladi. Hozirgi paytda Moskva shahridagi “MIFI” Milliy yadro tadqiqotlari institutiga atom energetikasi sohasida maʼlumot olish uchun 56 nafar talaba yuborilgan boʻlib, ularning soni yil sayin koʻpayib borishi rejalashtirilmoqda.

Anjumanda ushbu masalaga urgʻu berilar ekan, yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni taʼminlash va atom energiyasidan foydalanish sohasida iqtidorli kadrlarni tayyorlash, mavjud kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha xalqaro tashkilotlar va xorijiy yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi uqtirildi. Shuningdek MAGATE tashkilotining oʻquv kurslari, seminar va malaka oshirish tadbirlarida respublikamiz mutaxassislarini muntazam ishtirok etishlarini taʼminlash muhimligiga eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, radiatsiyaviy xavfli obyektlari ishchi-xizmatchilarini hamda avariya-qutqaruv tuzilmalari shaxsiy tarkiblarini avariyalarni bartaraf etish boʻyicha kasbiy tayyorgarlikdan oʻtkazish choralarini koʻrish lozimligi ham taʼkidlandi.

Anjumanda muhokama etilgan barcha masalalar boʻyicha tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер