“SAT” imtihonidan yuqori natija koʻrsatgan oʻquvchilar mahalliy oliygohlarga grant asosida qabul qilinadi

15:43 28 Iyun 2024 Siyosat
892 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

“SAT” imtihonidan 75 foizdan yuqori natija koʻrsatgan oʻquvchilar mahalliy oliygohlarga grant asosida qabul qilinadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar siyosatiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida maʼlum qildi.

Yigʻilishda qayd etilishicha, Prezident maktabi baholash tizimi 500 ta maktabda joriy qilinishi hisobiga bir yilni oʻzida bilimlarni oʻzlashtirish 53 foizdan 60 foizga oshgan.

Shuningdek, bu yil mazkur maktablarni 14 mingdan ziyod oʻquvchi oltin va kumush medallar bilan bitirgani va “Katta beshlik” fan olimpiadalarida qoʻlga kiritilgan medallar oxirgi toʻrt yilda 2 karra koʻpaygani taʼkidlangan.

Videoselektor davomida Prezident farzandlarimizni tarbiyalab, oʻqitib, mana shunday yutuqlarga erishishiga sababchi boʻlgan ota-onalar, ustoz va murabbiylarga chuqur minnatdorlik bildirgan.

Qoʻshimcha qilinishicha, yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish doirasida oʻtgan toʻrt yilda:

  • “Oilaviy tadbirkorlik” dasturlari doirasida 13,5 trillion soʻm kredit ajratilib, 1 million yosh band boʻlgan;
  • “Yoshlar daftari”dan 107 ming oʻgʻil-qizlarimizga 338 milliard soʻm subsidiya berilgan;
  • 205 ta “Yoshlar sanoat zonasi”da 2,5 trillion soʻmlik 1,2 ming loyiha ishga tushgan.

“Yaratilgan sharoitlar hisobiga, biznesini “nol”dan boshlab, hozirda aylanmasini million dollardan oshirgan 1,5 ming nafar yoshlarimiz bor. Qilsa boʻlarkanku! Eng muhimi, yoshlarimizni yangi-yangi gʻoyalari koʻp. Ularga faqat eʼtibor va sharoit kerak”, degan Prezident.

Davlat rahbari ushbu sharoitlarni karra-karra koʻpaytirish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surgan holda mamlakat jadal rivojlanishi uchun bizga “toʻrtinchi sanoat inqilobi” kasblari juda muhimligi qayd etgan.

Prezident matbuot xizmatiga koʻra, shu munosabat bilan yoshlarni fizika, kimyo, biologiya, texnologiya, muhandislik, matematika (STEM) bilan bogʻliq kasblarga qiziqishini oshirish uchun yangi tizim joriy qilinadi.

Yangi oʻquv yilidan oliygohlar qoshidagi jami 73 ta akademik litseyda tajriba tarzida “Xalqaro bakalavriat” va “A-level” dasturlari joriy qilinadi. Bu dasturlar asosida sertifikat olgan oʻquvchilar oʻsha oliygohga imtihonsiz, kontrakt asosida qabul qilinadi.

“Yoshlarimiz xorijiy oliygohlarda oʻqish uchun matematika, ingliz tili va ilmiy fikrlash boʻyicha “SAT” imtihonini topshirmoqda. Bu testlarda 75 foizdan yuqori natija koʻrsatgan oʻquvchilar chet elni eng nufuzli oliygohlariga grant yutayapti. Endi bunday yoshlarni oʻzimizni oliygohlarga ham grantga qabul qilamiz”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?