“Assalom, ona yurt, tonglar oʻlkasi”

19:31 01 Sentyabr 2025 Madaniyat
364 0

Inson qadri — ulugʻ, xotirasi — muqaddas

Bu muqaddas yurtda inson — aziz, uning qadri — ulugʻ, xotirasi — muqaddas. Jonajon Oʻzbekistonimiz mustaqilligining oʻttiz toʻrt yilligi arafasida imzolangan “Oʻzbekistonda ilm-fan, adabiyot, madaniyat va sanʼat sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan bir guruh marhum olim va ijodkorlarni mukofotlash toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni bu fikrning amaliy tasdigʻi boʻldi.

Farmonga muvofiq, mamlakatimizda ilm-fan, adabiyot, madaniyat va sanʼat sohalarini rivojlantirish, jamiyatimizda ezgulik va adolat, vatanparvarlik va bagʻrikenglik tamoyillarini mustahkamlash yoʻlida fidokorona xizmat qilib, avlodlarga qoldirgan boy merosi, sermazmun hayoti va insoniy fazilatlari bilan el-yurt xotirasidan chuqur joy egallagan bir guruh marhum olim va ijodkorlar ordenlar bilan mukofotlandi. Ular orasida xalqimizning suyukli shoirlari — Quddus Muhammadiy, Rauf Parfi, Toʻra Sulaymon, Anvar Obidjon va Muhammad Yusuf ham bor.

Sheʼriyat — soʻz sanʼati, adabiy boylik. U qalblardan joy oldimi, oʻquvchi mehrini qozondimi, tildan tilga, dildan dilga oʻtib yashayveradi. Shu maʼnoda, chinakam shoirlarning adabiy merosi — abadiyatga daxldor. Maʼrifatparvar, otashnafas shoir Usmon Nosir sheʼrlaridan birida “Bargdek uzilib ketsam, unutmas meni bogʻim”, deb yozganida ayni haqiqatni nazarda tutgandi.

Inson qadrini ulugʻlash, ajdodlar xotirasini eʼzozlash, ularning ibratli ishlarini keng targʻib etish borasidagi ezgu saʼy-harakatlarning uzviy davomi sifatida Prezidentimiz Farmoni bilan mukofotlangan xalq shoirlarining ijodiy merosidan guldasta hozirlandi. Quyida boqiy satrlar asosida tayyorlangan sheʼriy turkum eʼtiboringizga havola qilinmoqda.

SHEʼRIM, OCHIL DASTURXON

Sheʼrim, ochil dasturxon,

Sheʼrim — ochiq dasturxon.

El oʻgʻlin qilay mehmon,

Boʻlayin ulkan mezbon.

Shoiringman mehribon,

Qilgim kelar ulkan ish,

Dunyoda eng koʻrkam ish.

Sheʼr bulogʻim qayna, joʻsh,

Sheʼrjonim, boʻl oqqush,

Sheʼrim hayot bogʻbonim,

Sheʼr askarim — posbonim.

Pahlavon beozorim,

Koʻngillarni yozarim,

Yuragim osmonisan,

El-yurtim posbonisan,

Tinchligim kaptarisan,

Oʻquvchim daftarisan.

Qadrdon maktabimsan,

Yuragim, rubobimsan.

Sensan qoʻshiq, ulkan kuy,

Sen kirmagan biron uy,

Sen boʻlmagan bayram, toʻy,

Qolmasin hech bir elda.

Yangra sheʼrim, ming tilda.

Xalq yuragin makon et,

Xalqim koʻnglin osmon et.

Yoqimli boʻl havodek,

Jon ozigʻim navodek,

Jon bagʻishla oʻlikka,

Zavq bagʻishla tirikka.

Sheʼr desam jonim erir,

Jonu jahonim erir.

Onamning allasi sheʼr,

Hofizlar yallasi sheʼr.

Xalqimga madadkorim.

“Hayt” tuyaga madorim.

Sheʼrim, ochil dasturxon,

Sheʼrim — ochiq dasturxon.

Quddus MUHAMMADIY,

Oʻzbekiston xalq shoiri.

* * *

SOʻNMAS RUHIMIZDA MATONAT ASLO,

Ajdodlar sharafi abadiy yashar.

Mukarram ziyosan, ey turkiy Dunyo,

Qoʻllagil, Ollohim, qoʻllagil, Bashar.

Soʻnmas ruhimizda matonat aslo.

Yolgʻiz Ollohimiz, chorlar Istiqlol,

Muborak siymolar, botirlar chorlar.

Yolgʻiz panohimiz, chorlar Istiqlol,

Jahonga, Insonga muhabbat porlar,

Yolgʻiz Ollohimiz, chorlar Istiqlol.

Uygʻon, turk Dunyosi, muqaddas Turon,

Quyosh, boshimizdan sochgil qutlugʻ nur.

Asl Turk yurti bu, qadim, navqiron,

Temur umidi bu, Turkiston magʻrur,

Uygʻon, turk Dunyosi, muqaddas Turon.

Rauf PARFI,

Oʻzbekiston xalq shoiri.

MUQADDAS QOʻSHIQ

Assalom, ona yurt, tonglar oʻlkasi,

Taʼrif, tavsifingning yoʻq nihoyasi.

Senga bagʻishlanur muqaddas qoʻshiq,

Bu – oʻzbek elining oʻz madhiyasi.

Koʻhna ota yurtim, qadim Turonim,

Oʻz beshik, oʻz tilim, shavkatim, shonim.

Yetti iqlim ichra tengi topilmas –

Tuproq, toshi oltin Oʻzbekistonim.

To bashar bor ekan, bor ekan quyosh,

Birlashgan elga yov otolmagay tosh.

Yovqur yigitlaring, lochin qizlaring

Gʻanimlar oldida egmaganlar bosh.

Dasturxoni ochiq, xirmoni baland,

Samoviy togʻlari nomiga monand.

Olamga mashhur ne zotlar Vatani,

Mehring qon-qardoshlar mehriga payvand.

Sen – toshqin Jayhunim, teran Sayhunim,

Sen – mening oʻtmishim, sen – yorugʻ kunim.

Yelkadosh oʻlkalar bilan hamnafas,

Shonli Turkistonim – Oʻzbekistonim.

Guling gulzor boʻlsin, qirlaring oʻrmon,

Daryolaring dengiz, koʻllaring ummon.

Hududing daxlsiz, yaloving yuksak,

Sen – Sharqning mashʼali, sen – dorulomon.

Toʻra SULAYMON,

Oʻzbekiston xalq shoiri.

GʻILDIRAGI YOʻQDIR VATANNING

(Bir “Ignabarg sheʼr”ning davomi)

Ketolmadi Bobur ham boshlab,

Gʻildiragi yoʻqdir Vatanning.

Borolmas, ming chorla koʻz yoshlab,

Gʻildiragi yoʻqdir Vatanning.

Qumlogʻini qirdirib boʻlmas,

Togʻin boshqa qurdirib boʻlmas,

Dengiz tomon jildirib boʻlmas,

Gʻildiragi yoʻqdir Vatanning.

Turaverar botqogʻu jari,

Sahrolari siljimas nari,

Surib boʻlmas soz iqlim sari,

Gʻildiragi yoʻqdir Vatanning.

Vatan degan inimiz bitta,

Vatan bilan dinimiz bitta,

Yaxshi-yomon kunimiz bitta,

Gʻildiragi yoʻqdir Vatanning.

Fidolikka shaylikda – qudrat,

Erkimizni boy bersak mudrab,

Qocholmaymiz xorijga sudrab,

Gʻildiragi yoʻqdir Vatanning.

Mozorli xalq sondan oʻchmaydi,

Yot millatni yot yer quchmaydi,

Kimdir koʻchar, Vatan koʻchmaydi,

Gʻildiragi yoʻqdir Vatanning.

Anvar OBIDJON,

Oʻzbekiston xalq shoiri.

TALABALAR MADHIYASI

Alp oʻgʻlonlar oʻlkasi bu koʻhna Turon,

Qalqonlari, qanotlari, ilm istang.

Yarim asr bunyod etgan Sohibqiron,

Alisherning avlodlari, ilm istang!

Taxtdan tushganda ham otdan tushmay yurgan,

Ajdodingiz uy qurmagan – Davlat qurgan.

Yurti uchun yelkasida togʻlar surgan,

Rustamlari, Farhodlari, ilm istang.

Koʻz ochganda kezib yetti bahri ummon,

Yetti tilda soʻzlashgan biz – tili biyron.

Vatanida Toj Mahallar tiklar sulton –

Boburlari, Behzodlari, ilm istang.

Haq yoʻlida siz – ilmning ummatlari,

Xalq yoʻlida hidoyati, himmatlari.

Madad boʻlsin Yassaviyning hikmatlari,

Bobo Mashrab bayotlari, ilm istang.

Ilm istang, izingizdan ibrat yogʻsin,

Ixlosingiz, shahdingizdan shiddat yogʻsin.

Ortingizdan magʻrur-magʻrur millat yogʻsin –

Mulki Turon najotlari, ilm istang!..

Alp oʻgʻlonlar oʻlkasidir Oʻzbekiston,

Erkli elning qanotlari, ilm istang.

Yarim jahon bunyod etgan Sohibqiron,

Alisherning avlodlari, ilm istang.

Muhammad YUSUF,

Oʻzbekiston xalq shoiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер