AQSHda Tramp Isroilning Erondagi operatsiyasiga qanday rozi boʻlgani oshkor qilindi

18:03 16 Iyun 2025 Dunyo
221 0

Foto: AP

AQSH prezidenti Donald Tramp avvaliga Isroilning Erondagi operatsiyasiga qarshi boʻlgan, biroq keyinroq unga jimgina rozi boʻlgan. Bu haqda AQSHning NBC telekanali rasmiylarga tayanib xabar berdi.

“Tramp Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlariga qarshi boʻlib, bombardimon qilishdan koʻra muzokaralarni afzal koʻrdi. Ammo zarbalar boshlanishidan bir necha kun oldin u Isroilning Eronning uranni boyitish imkoniyatlaridan xavotirlari kuchayishi asosli ekanligiga ishondi”, — deyiladi manbada.

Telekanal maʼlumotlariga koʻra, Tramp kelishuviga qaramay Isroilning ayrim rejalarini maʼqullamagan. Jurnalistlarning taʼkidlashicha, Oq uy rahbari, xususan, olingan razvedka maʼlumotlari asosida rejalashtirilgan Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyni yoʻq qilish tashabbusini rad etdi.

13-iyunga oʻtar kechasi Isroil Eronning yadroviy va harbiy obyektlariga zarba berib, “Uygʻongan sher” operatsiyasini boshladi. Hujumlarda yadro qurolini ishlab chiqish bilan bogʻliq infratuzilmani, shuningdek, yuqori martabali harbiy xizmatchilarni nishonga olindi.

Eron Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy vakili Xuseyn Kermanpurning maʼlum qilishicha, mamlakat hududiga beril havo hujumlari oqibatida halok boʻlganlar soni 224 nafarga yetgan. Qurbonlar orasida ayollar va bolalar ham bor. 13-iyundan beri 1277 nafar kishi shifoxonalarga yotqizilgan. Ularning 90 foizdan ortigʻi tinch aholi vakillari ekani aytilmoqda.

Oʻsha kuni kechqurun Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi “Haqiqiy vaʼda 3” operatsiyasi boshlanganini eʼlon qildi va Isroilga qarshi raketa zarbalarini berdi. Tehron yahudiy davlatining harbiy infratuzilmasiga, jumladan, havo bazalari va boshqa strategik obyektlariga keng koʻlamli zarbalar bera boshladi.

Eronning Isroilga javob zarbalari natijasida 24 kishi halok boʻlgan, 200 dan ortiq kishi yaralangan.

Oʻz navbatida, Eron prezidenti Maʼsud Pezeshkiyon Isroilning Eronga zarba berishida AQSHni aybladi.

“AQSH, xalqaro huquqning barcha meʼyorlariga zid ravishda, Isroilning tajovuz qilishiga va mamlakatimizning qulashiga yoʻl qoʻymoqda”, — dedi u. Pezeshkiyonning qoʻshimcha qilishicha, Isroilning Eronga qarshi tajovuzi uchun javobgarlik AQSHni zimmasida.

Bir kun avval AQSH prezidenti Donald Tramp Vashingtonning Isroilni Eronga hujumida aloqasi yoʻqligini aytgandi.

Eron Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi (IIQK) Isroilga qarshi amaliyotlar “sionistik ishgʻol rejimi butunlay yoʻq qilinmaguncha” davom etishini maʼlum qildi.

“Jinoiy sionistik bosqinchi rejim tarafdorlari bilishlari kerakki, samarali, maqsadli va halokatli amaliyotlar uning toʻliq yoʻq qilinmaguncha davom etadi”, — deyiladi Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi bayonotida.

Eron kuchlari, shuningdek, boʻlajak operatsiyalar ancha vayronkor va aniqroq boʻlishiga vaʼda berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?