AQSH va Oʻzbekiston hamkorligidagi hayot sovgʻa etuvchi bebaho loyiha

Foto: Mashrabjon QOSIMOV
Yurak kasalliklari bilan kurashda har bir muvaffaqiyatli jarrohlik amaliyoti faqat tibbiy natijaga emas, balki bir oila uchun baxt, millat uchun esa sogʻlom avlod kelajagining timsolidir. Shu kunlarda Namangan viloyatida oʻtayotgan tibbiy loyiha ham ana shunday ezgu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bu yerda AQSHdan kelgan dunyo miqyosidagi taniqli shifokorlar guruhi mahalliy mutaxassislar bilan hamkorlikda yurak kasalligi boʻlgan bolalarda oʻta murakkab jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirishmoqda.
“The Stirling Foundations” homiyligida oʻtkazilayotgan hamda “Global Cardiac Alliance” fondi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi koʻmagida tashkil etilgan ushbu aksiya — butun xalqimiz, ayniqsa, yurak nuqsoni bilan kurashayotgan bolalar va ularning ota-onalari uchun unutilmas voqea boʻldi.
Bugun sayyoramizda millionlab bolalar tugʻma yurak nuqsonlari bilan dunyoga kelmoqda. Afsuski, koʻp hollarda murakkab jarrohlik amaliyotlari talab etiladi, ammo ularning xarajatlari har doim ham oson boʻlmagan. Ayniqsa, yuqori texnologik yurak operatsiyalari uchun kerakli mutaxassislar, jihozlar va mablagʻlar har bir mamlakatda mavjud emas.
Yurtimizda soʻnggi yillarda bu sohada jiddiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan sogʻliqni saqlash tizimiga qaratilayotgan ustuvor eʼtibor tufayli zamonaviy kardiologiya markazlari tashkil etildi. Xorijiy davlatlar bilan hamkorlik aloqalari kuchaytirilmoqda.
Loyiha doirasida hayotbaxsh amaliyotlar boshlab yuborildi. Ular orasida yurakning eng murakkab tugʻma nuqsonlari bilan tugʻilgan bolalar ham bor. Masalan, uch yarim oylik Abdumajid Abdugʻaniyev va Mirsaid Ibrohimjonovlar. Ularning tibbiy amaliyotini AQSHlik shifokor Uilyam Novik Maykl boshchiligidagi mahalliy tajribali shifokorlarimiz hamkorligida oʻtkazildi. Murakkab operatsiya moʻjizaviy holatda muvaffaqiyatli yakunlandi. Bemorning birini yurak boʻlmachalar orasidagi toʻsiq defekti va oʻpka venalarining anomal qoʻshilishiga barham berildi. Ikkinchisining mitral klapan atreziyasi, qorinchalararo toʻsiq nuqsoni, oʻpka arteriyasi stenozi muvaffaqiyatli bartaraf etildi. Ularga amalga oshirilgan jarrohlik amaliyoti nafaqat tibbiy jihatdan, balki maʼnaviy jihatdan ham moʻjizaviy holat sifatida baholanmoqda.
Shuningdek, bir yoshli Rasuljon Nizomiddinov ham yurak qorinchalararo toʻsiq nuqsonidan qutuldi. Toʻrt yoshli Mubina Olimjonova esa endi sogʻlom bolalar safida hayotdan bahra oladi.
— Ushbu loyiha doirasida oʻtkazilayotgan jarrohlik amaliyotlari shunchaki davolash jarayoni emas, balki mahalliy kardioxirurglar, anesteziologlar va perfuziologlar uchun ham amaliyotga boy mahorat darslari boʻlmoqda, — deydi markaz direktori Solijon Jalilov. — AQSHdan tashrif buyurgan 15 kishilik jamoa tarkibidagi mutaxassislar oʻz bilimlari va tajribalarini mahalliy kadrlarga aniq, tushunarli va qatʼiy intizom asosida oʻrgatmoqdalar. Bu esa faqat bugun emas, balki ertangi kun uchun ham katta sarmoyadir.
Markaz direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Solijon Moʻminov taʼkidlaganidek, faqat oʻtgan yilning oʻzida 15 ta mamlakatdan mutaxassislar tashrif buyurib, markaz bilan hamkorlik qilgan. Bir necha yil oldin markazda faqat 16 turdagi tibbiy amaliyotlar bajarilgan boʻlsa, hozirda bu koʻrsatkich 85 tani tashkil etmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimizda tibbiyot sohasining jadal rivojlanayotganidan dalolatdir.
Kardioxirurg Uilyam Novik Maykl boshchiligidagi jamoa soatlab ishlab, faqat kunduz emas, balki tungi navbatlarda ham bemor bolalar salomatligi uchun qaygʻurishmoqda. Ular orasida Lukashev Irina, Virginijus Jakutis, Artem Pershay, Oleksandr Golovenko, Martina Pavanik kabi turli millatga mansub, bir soʻz bilan aytganda, kishini joniga oro kiruvchi fidoyi shifokorlar bor.
Mazkur keng qamrovli loyiha doirasidagi barcha operatsiyalar va tibbiy koʻriklar Davlat tibbiy sugʻurtasi va homiy fondlar hisobidan toʻliq qoplanmoqda. Bu holat nafaqat tibbiyot sohasidagi ijtimoiy kafolatlar, balki xalqparvar davlat siyosati amalda oʻz ifodasini topayotganining yorqin isbotidir.
Mazkur keng qamrovli tadbir yakunida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Unda okean ortilik mutaxassislar oʻz tajribalarini taqdim etishadi, mahalliy shifokorlar esa ular bilan hamfikr, hamnafas boʻlib yangi bilimlar oladilar. Bu konferensiya faqat ilmiy almashinuv emas, balki kelajakdagi qoʻshma loyihalar uchun ham zamin yaratadi.
Mana shunday “Inson manfaati uchun” qaratilgan ishlarni yoritish asnosida tibbiyot markazidan tashqariga chiqaverishimizda ajib manzaraga guvoh boʻldik. Abdumajid va Mirsaidning, yurak porogidan qutilgan bir yoshgina Rasuljonning bobo, buvisi, ota-onasining sevinch koʻz yoshlarini koʻrib chindan ham bugungi islohotlar xalqparvarlik va insonparvarlikning yorqin namunasidir.
Farzandlarining salomatligi tiklanayotgan oilalarning tillarida bir kalom “Oʻzingga shukur, shunday yurtda yashaganimizga shukur. Bunday xayrli ishlarni boshida turgan, xalqim degan insonni omonda saqlagin!” Bu soʻzlar ularning qalbidan otilib chiqayotgan shukronalik hissi.
Ulugʻbek ROʻZIMATOV
“Xalq soʻzi”.
Foto: Mashrabjon QOSIMOV
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring