AQSH va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi tarif mojarosi 9,5 trillion AQSH dollarlik biznesga tahdid solmoqda

14:12 17 Mart 2025 Iqtisodiyot
196 0

Amerika Savdo palatasi (AmCham EU) AQSH va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi tariflar boʻyicha yuzaga kelgan mojarolar transatlantik savdoga jiddiy xavf tugʻdirayotganini maʼlum qildi. Tashkilotning yillik “Transatlantic Economy” hisobotiga koʻra, ikki tomonlama biznes hajmi 9,5 trillion AQSH dollarni tashkil etib, bu dunyodagi eng yirik savdo aloqalaridan biri hisoblanadi.

Maʼlumot uchun aytish kerakki, transatlantik savdo AQSH va Yevropa Ittifoqi (YEI) oʻrtasidagi tovar va xizmatlar almashinuvidir. Bu dunyodagi eng yirik savdo hamkorliklaridan biri boʻlib, har yili trillionlab dollarlik iqtisodiy operatsiyalarni oʻz ichiga oladi. Transatlantik savdo nafaqat mahsulotlar eksport-importi, balki investitsiyalar, texnologiyalar almashinuvi va korporativ hamkorlikni ham qamrab oladi.

2024-yilda AQSH va YEI oʻrtasidagi tovar va xizmatlar ayirboshlash hajmi rekord darajaga – 2 trillion dollarga yetgan. 2025-yil esa bu hamkorlik uchun umid va xavf yili sifatida baholanmoqda.

Soʻnggi haftalarda AQSH hukumati poʻlat va alyuminiyga nisbatan tariflar joriy qilgan boʻlsa, Yevropa Ittifoqi bunga javoban javob choralarini ishlab chiqadi. Qayd etish kerakki, AQSH prezidenti Donald Tramp esa Yevropadan import qilinadigan sharob va spirtli ichimliklarga 200 foizli boj belgilash tahdidini ilgari surgandi.

“AmCham EU” vakillari taʼkidlashicha, transatlantik hamkorlikning asosiy koʻrsatkichi faqat savdo emas, balki investitsiyalardir. Tashkilot hisobotida keltirilishicha, aksariyat AQSH va Yevropa investitsiyalari arzon ishchi kuchiga ega boʻlgan rivojlanayotgan bozorlarga emas, balki oʻzaro oqib kelmoqda.

Jumladan, AQSH kompaniyalarining Yevropadagi xorijiy filiallari orqali amalga oshiriladigan savdo hajmi AQSHdan YEIga eksport qilinadigan tovarlardan toʻrt baravar koʻp. Xuddi shunday, Yevropa kompaniyalarining AQSHdagi savdo koʻlami ham Yevropadan AQSHga toʻgʻridan-toʻgʻri eksport hajmidan uch baravar yuqori.

Tarif boʻyicha yuzaga kelayotgan mojaro investitsiyalar va biznes munosabatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Hisobot muallifi Daniyel Hamiltonning taʼkidlashicha, Irlandiya eksportining 90 foizi va Germaniya eksportining 60 foizi korxonalararo savdodan iborat boʻlib, tarif toʻsiqlari ularning savdo zanjirlariga zarar yetkazishi ehtimoli yuqori.

Shuningdek, mojarolar xizmatlar bozori, maʼlumot almashinuvi va energiya savdosiga ham taʼsir koʻrsatishi mumkin. Hamilton Yevropaning AQSHdan suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) importiga qaramligini qayd etib, iqtisodiy kelishmovchiliklar ushbu sohada ham aks etishini taxmin qilyapti.

“Savdo mojarolari faqat savdo doirasida qolib ketmaydi. Ular butun tizimga taʼsir oʻtkazadi va bunday oʻzaro bogʻliqliklar juda muhim”, – deydi Hamilton. Uning fikricha, AQSH va Yevropa kompaniyalari global raqobatda ustun boʻlishi uchun murakkab savdo zanjirlarini yaratgan. Masalan, AQSHdan eksport qilinadigan BMV avtomobillari koʻplab davlatlardagi ishlab chiqaruvchilar bilan bogʻliq.

Ekspertlar bu kabi iqtisodiy choralarning alohida investitsiyalarni himoya qilishdan koʻra, butun tizim samaradorligiga putur yetkazishini taʼkidlamoqda. “Agar tomonlar oʻzaro murosaga kelmasa, global iqtisodiyotda noqulayliklar paydo boʻladi”, – deya qoʻshimcha qildi Hamilton.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер