AQSH Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini bildirdi

17:04 19 Iyun 2022 Siyosat
622 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Vashington shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva AQSH savdo vakili oʻrinbosari (USTR) Kristofer Uilson bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Suhbat boshida AQSH tomoniga majburiy mehnatga qarshi kurashish, fuqarolarning mehnat huquqlarini taʼminlash va normativ-huquqiy bazani takomillashtirish sohasidagi keng koʻlamli islohotlar natijalari haqida batafsil axborot berildi.

Oʻz navbatida, USTR vakili Oʻzbekistonning majburiy mehnatga barham berish borasidagi muhim yutuqlarini olqishlar ekan, “Cotton Campaign” koalitsiyasining paxta boykoti bekor qilinishi majburiy mehnatni bartaraf etishda erishilgan muvaffaqiyatning yaqqol eʼtirofi ekanini taʼkidladi.

K. Uilsonning soʻzlariga koʻra Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishga qaratilgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga sodiq. Shu munosabat bilan u Amerika tomoni Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishi boʻyicha ishchi guruhning 5-majlisida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Ushbu jarayonning murakkabligini tan olgan holda K.Uilson bu masalada Amerika tomoni doimiy qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

Bundan tashqari, savdo vakili oʻrinbosari USTR Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH oʻrtasidagi savdo va investitsiyalar boʻyicha Doiraviy bitim (TIFA) doirasida umumiy ustuvor yoʻnalishlarni qoʻllab-quvvatlashda Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi. Shu nuqtayi nazardan, USTR vakili elektron savdoni rivojlantirish masalasida Oʻzbekiston tomoni bilan muvofiqlashtirish sohasida yaqin hamkorlik qilishga umid bildirdi, bu mintaqa mamlakatlarining global yetkazib berish zanjiriga integratsiyasini chuqurlashtirish uchun mustahkam asos yaratadi.

K.Uilson, shuningdek, faoliyat xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha boshqa TIFA ishchi guruhi tomonidan qoʻllab-quvvatlanishiga umid qilayotganini taʼkidladi.

Muzokaralar yakunida tomonlar koʻp qirrali savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?