AQSH Oʻzbekistonning gender siyosatni amalga oshirishdagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashni davom ettiradi

14:59 17 Iyun 2022 Siyosat
580 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Vashingtonda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi - Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi rahbari Tanzila Narbayeva boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Prezident J.Bayden Oq uyining Gender siyosati Kengashidagi katta maslahatchisi Reychel Fogelshteyn va Davlat departamentining Xotin-qizlarning global ishlari boʻyicha idorasi direktori Katrina Fatovat bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Uchrashuvda Amerika tomon Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi faoliyati bilan batafsil tanishtirildi.

Respublika komissiyasi qisqa vaqt ichida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, gender tenglik, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ularni ishga joylashtirish, xotin-qizlarning turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan ishlarni amalga oshirdi.

Oq uy vakili Oʻzbekistonning gender tenglikni taʼminlash, qaror qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning rolini kuchaytirish, ularning salomatligini mustahkamlash, taʼlim olish va kasbiy bilimlarni rivojlantirish imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, oiladagi zoʻravonlikka qarshi kurashish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

Iqtisodiy imkoniyatlar, shu jumladan ayollar tadbirkorligi va kasanachiligini kengaytirish boʻyicha tashabbuslarning muhimligi alohida taʼkidlandi. Shu nuqtayi nazardan, R.Fogelshteyn Oʻzbekistonning Gender tenglikni taʼminlash strategiyasi va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat tomonidan moliyalashtiriladigan milliy dasturlar qabul qilinganini olqishladi.

Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini gender ekspertizadan oʻtkazish amaliyoti, gender byudjetlashtirishni joriy etish va gender statistikasini yuritish jarayoni muhokama qilindi. Maslahatchi Oʻzbekistonda gender zoʻravonlikka qarshi kurashishga qaratilgan qonunlar qabul qilinishini qoʻllab-quvvatladi va bu masala Prezident J.Bayden hamda vitse-prezident K.Xarrisning alohida diqqat markazida ekanligini taʼkidladi.

Oʻz navbatida, Davlat departamentining Xotin-qizlarning global ishlari boʻyicha idorasi direktori K.Fatovat ham AQSH Oʻzbekistonning gender siyosatini amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirmoqchi ekanini tasdiqladi. U ayniqsa qishloq joylarda ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish mumkinligini taʼkidladi.

Ayniqsa, qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish orqali “xotin-qizlar va iqlim oʻzgarishi” kun tartibi doirasida Orolboʻyi mintaqasida ayollar salomatligini mustahkamlash boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlar istiqbol ekanligi qayd etildi.

Gender kun tartibini “C5+1» muloqot formatida birgalikda targʻib qilishdan manfaatdorligiga urgʻu berib, Davlat departamenti vakili Oʻzbekistonda “C5+1» ayollar biznes-forumini AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi va ishbilarmon ayollari ishtirokida oʻtkazish tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?